Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qozog‘istonlik askarlar Kaspiybo‘yi chegaralari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

Kseniya Bondal

17-dekabr kuni Aqto‘beda askarlar o‘t ochib hujumga tayyorlanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda o‘z instruktorlarini tinglamoqdalar. (Mintaqaviy harbiy qo‘mondonlikning matbuot xizmati)

17-dekabr kuni Aqto‘beda askarlar o‘t ochib hujumga tayyorlanish bo‘yicha mashg‘ulotlarda o‘z instruktorlarini tinglamoqdalar. (Mintaqaviy harbiy qo‘mondonlikning matbuot xizmati)

OLMAOTA – Qozog‘istonlik askarlar mamlakat chegaralarini yaxshiroq himoya qilish maqsadida o‘z tajribasini orttirmoqda.

Qozog‘iston armiyasining “G‘arb” mintaqaviy qo‘mondonligi matbuot xizmatiga ko‘ra, 300 nafar tajribali serjant tomonidan boshqarilgan 2000 ming nafar askar o‘z mahoratini oshirish maqsadida 11-dekabrdan 11-yanvarga qadar o‘tkazilgan bir oylik treningda qatnashdi.

“G‘arb” mintaqaviy qo‘mondonligi Kaspiy dengizining tegishli qismida Qozog‘istonning hududiy yaxlitligi, suvereniteti, iqtisodiy manfaatlari va davlat chegaralarini himoya qilishga ma’sul.

Mashqlar Atirau, Aqtau, Aqto‘be va Beyneuda bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “G‘arb” mintaqaviy qo‘mondonligi vakili, katta leytenant Rustem Igisinov.

“Mashqlarda asosan, oddiy askarlar, jumladan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va shartnoma asosida xizmat qilayotgan askarlar qatnashdilar”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Mashg‘ulotlar uchun tajribali yo‘riqchilar bilan birga, harbiy texnika va qurol-aslahalarni ham olib keldik.”

“Oddiydan murakkabgacha”

Instruktorlarning xabar berishicha, harbiy mashqlar “oddiydan murakkabga qadar” shiori ostida o‘tkazilgan.

Bu harbiy xizmatchilarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirib, eng yangi harbiy texnikani o‘zlashtirish darajasiga olib chiqiladi, deganidir.

Har bir ishtirokchi o‘z vazifasi va majburiyatlarini chuqurroq o‘rgandi, deydi Igisinov. O‘z quroling va boshqa uskunalarni ikir-chikirigacha bilish – bu qurilmalarni har tomonlama qo‘llash imkonini beradi, dedi u.

“(O‘qotar) quroldan o‘q uzish haqida gap ketganda, askar o‘z quroli haqida barcha ma’lumotlarni puxta o‘zlashtirishi, jumladan, uning o‘ziga xos xususiyatlari, saqlash shartlari va undan turli vaziyatlarda qanday foydalanishni bilishi kerak”, dedi u. “Agar haydovchi haqida gapiradigan bo‘lsak, u texnikani va uning imkoniyatlarini, shu bilan birga, undan turli ob-havo sharoitlari va kuning barcha vaqtlarida foydalanishga oid xususiyatlarini bilishi kerak.”

Radiostansiya haydovchisi va elektrik, yefreytor Yevgeniy Adamchik uchun mashqlarda ishtirok etish o‘z professional ko‘nikmalarini oshirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

“O‘z mutaxassisligim bo‘yicha mashg‘ulotlardagi ishtirokim KAMAZ yuk mashinasining qismlarini o‘rganishimga imkon berdi,” deydi u Karvonsaroy nashriga.

Uning aytishicha, kundalik xizmatni o‘tash paytida nazariyani o‘rganishga har doim ham vaqt bo‘lmaydi.

“Aminmanki, shu oy davomida o‘rgangan bilimlarimiz kelajakda bizga asqotadi”, dedi u.

Aloqaning muhimligi

Armiyada aloqa batalyoni eng muhim qism hisoblanadi, deydi “Ga‘rb” mintaqaviy qo‘mondonligi radiostansiyasi qo‘mondoni, katta serjant Roman Barsukov.

Aynan aloqa xizmati yuqori lavozimli zobitlar – polkovnik va generallarga qo‘shinlarni boshqarish imkonini beradi, deydi u Karvonsaroy nashriga. “Mamlakat xavfsizligi bunga bevosita bog‘liqdir.”

Aloqa bo‘linmalari juda ko‘p yangi uskunalarni olgan, bu kabi mashg‘ulotlarda qatnashish bilan esa ular muntazam ravishda o‘z mahoratlarini oshirib borishlari mumkin, dedi u.

Barsukovning so‘zlariga ko‘ra, u armiyaga yangi kelgan vaqtlarida “ularga eskirgan uskunalarda ishlashni o‘rgatishgan”.“Endi esa umuman boshqa radiostansiyalaridan foydalaniladi.”

Radiostansiyalar boshqaruvchilari ularni ishlatish tafsilotlari bilan kifoyalanibgina qolmay, balki “o‘z tajribalarini orttirib borishlari zarur”, deb qo‘shimcha qildi u.

Barsukovning aytishicha, instruktorlar mashg‘ulotlar davomida kompleks yondashuvdan foydalanishgan.

“Biz nafaqat o‘z instruktorlarimizdan, balki boshqa harbiy qismlardan bo‘lgan hamkasblarimizdan ham o‘rgandik”, dedi u. “Biz tajriba almashdik.”

O‘zgarib turuvchi harbiy tartib va qoidalarni o‘rganish ham muhim, deb qo‘shimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500