BISHKEK – 29-yanvar kuni radio va televideniye orqali ommaga murojaat qilgan Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isakov “uy va xonadonlarni isitishga qiynalayotgan va tizimdagi zo‘riqish sababli elektr ta’minotining uzilib qolganidan aziyat chekayotgan” aholidan uzr so‘radi.
Isitish tizimidagi inqiroz ob-havoning keskin sovib ketishi ortidan fuqarolarni o‘z uylarida sovuq qotishga majbur qildi.
“Energetika tizimi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha mas’ul shaxslar” inqiroz uchun tegishli tartibda javobgar bo‘ladilar, dedi u.
“Hozirgi paytda barcha davlat organlari suv va issiqlik ta’minotini tezlik bilan tiklash ustida faol ishlamoqda. Tushunish va sabr uchun barchaga minnatdorchilik bildiraman”, dedi u.
Ruschada “TES” nomi bilan tanilgan Bishkekning asosiy elektrostansiyasi juma kuni qisman ishdan chiqqan, odatiy qish fasliga xos bo‘lmagan harorat Selsiy bo‘yicha 30 daraja sovuqqacha tushib ketdi.
Shahar elektrostansiyasini modernizatsiya qilishga Qirg‘iziston tomonidan 400 mln. dollar (27,4 mlrd. qirg‘iz so‘mi) investitsiya kiritilgan edi. Shunga qaramay, uning faoliyati izdan chiqqan.
Bishkekliklar xonadonlardagi radiatorlar to‘liq ishlamayotgani va ular qishki kiyimlarda uxlashga majbur bo‘layotganliklaridan ommaviy ravishda shikoyat qilganlar.
Ko‘pchilik, jumladan AFP muxbiri korxona tomonidan isitiladigan sovet davri xonadonlarida dushanba kuni harorat 10 daraja iliq atrofida saqlanib qolayotgani, ko‘chada esa 16 daraja sovuq ekani haqida xabar bergan.