Karvonsaroy
Xavfsizlik

O‘zbekiston radikalizmga qarshi qonun ishlab chiqish kabi xavfsizlikka oid yangi maqsadlarni belgilab oldi

Maksim Yeniseyev

20-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan Termiz shahridagi harbiy bo‘linmaga tashrif buyurdi. (O‘zbekiston Mudofaa vazirligi)

20-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegara yaqinida joylashgan Termiz shahridagi harbiy bo‘linmaga tashrif buyurdi. (O‘zbekiston Mudofaa vazirligi)

TOSHKENT – Xavfsizlikka tahdid soluvchi vaziyatlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar doirasida O‘zbekistonda ekstremizm tahdidining oldini olish, unga qarshi kurashish va bartaraf etishga qaratilgan qonunlarni qabul qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

“Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 30-avgustga qadar tasdiqlanishi kutilyapti. Bu qonun 24-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2018-yilgi Davlat dasturining bir qismi hisoblanadi.

2018-yil uchun qabul qilingan dastur iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashdan tortib, xavfsizlik va ijtimoiy ta’minot tizimini isloh etishgacha bo‘lgan jami 231 ta bandni o‘z ichiga olgan.

Dastur 10-20-yanvar kunlari strategy.uz veb-saytida omma muhokamasiga taqdim etildi va unga 4400 nafar respondent o‘z sharhlari va takliflarini kiritdi.

O‘zbekiston harbiylari 12-yanvar kuni Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etmoqdalar. (O‘zbekiston Mudofaa vazirligi)

O‘zbekiston harbiylari 12-yanvar kuni Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etmoqdalar. (O‘zbekiston Mudofaa vazirligi)

“Hujjatlarning jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi siyosiy jarayonlarda qatnashish uchun ajoyib vosita”, deydi muhokamada qatnashgan toshkentlik Muhammad Sodiqov Karvonsaroy nashriga. “Oddiy fuqarolarning kuzatuvlari ko‘rib chiqiladi va inobatga olinadi”.

“Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun 2018-yilgi strategiyasining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.

Ushbu qonun ekstremizmni aniqlash, unga qarshi kurashish mexanizmlarini ishlab chiqish, mas’ul organlar va xalqaro hamkorlik shakllarini belgilashga qaratilgan, deyiladi hujjatda.

“Shu kunga qadar O‘zbekistonda bu kabi qonun bo‘lmagan”, deydi Toshkentda istiqomat qiluvchi huquqshunos Muslima Hakimova Karvonsaroy nashriga. “Jinoyat kodeksida ekstremizmga doir ayrim moddalargina mavjud edi.”

Hukumat sobiq ekstremistlarni reabilitatsiya qilish va diniy plyuralizm va etnik xilma-xillikni kuchaytirishga qaratilgan alohida rejalarni ishlab chiqmoqda.

Xavfsizlikka e’tibor

“Davlat dasturining butun bir bo‘limi 2018-yilda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka ustuvor ahamiyat berishga qaratilgan,” deydi Senatning matbuot kotibi Javohir Mavlonov Karvonsaroy nashriga.

“Unda hammasi bo‘lib 17 ta modda bor. Yil oxiriga borib, biz ularning barchasini amalga oshirishni rejalshtirmoqdamiz,” dedi u. “Biz istiqboldagi hujjat haqida batafsil ma’lumotga ega emasmiz, bu faqatgina amalga oshirish rejasi.”

O‘zbekistonning yangi tahrirdagi milliy xavfsizlik konsepsiyasini (rejalashtirish hujjati) ishlab chiqish, G‘arbiy mudofaa hamkorlari bilan harbiy va harbiy-texnikaviy munosabatlarini kengaytirish va kuchaytirish hamda yangi mudofaa doktrinasini amaliyotga tatbiq etish kabi masalalar yoritilgan.

Gazeta.uz nashrining xabar berishicha, “Yanvar oyi boshida yangi tahrirda qabul qilingan mudofaa doktrinasi kabi, milliy xavfsizlik konsepsiyasi o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyat va milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarga ta’sir eta olishi kerak. U xavfsizlikka tahdidlaring an’anaviy shakllariga qarshi kurashish bilan cheklanmasligi lozim”, dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 18-yanvar kuni jurnalistlarga bergan intervyusida.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Dunyoda, jumladan, yon-atrofimizdagi hududlarda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib bormoqda va ba’zi hududlarda qurolli to‘qnashuvlar davom etyapti,” dedi Mirziyoyev 11-yanvar kuni, Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston xavfsizlik kengashi majlisida.

“Bunday beqaror vaziyat bizdan tegishli harakatlarni talab qiladi,” dedi u.

Xalqaro mudofaa munosabatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar 10-aprelga qadar tasdiqlanishi kutilmoqda.

2018-yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsadlarga erishish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. O‘zbekistonnig harbiy akademiyalarida dars o‘tish va birgalikda mashg‘ulot o‘tkazish bo‘yicha yetakchi xalqaro mutaxassislarni jalb etish shular jumlasidandir.

17-19-yanvar kunlari AQSH armiyasi qo‘mondonligi va bosh shtabi kolleji o‘qituvchisi, sobiq polkovnik Gregori Kuk Toshkentda, O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida mehmon bo‘lib, xizmat ko‘rsatish xodimlarining liderlik qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan seminarlar o‘tkazdi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500