Karvonsaroy
Energiya

Yevropa banklari Qozog‘istonning quyosh energetikasini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda

Aleksandr Bogatik

Jambul viloyatida joylashgan “Burnoye-1” quyosh elektrostansiyasi, 2017-yil, 16-sentabr. (Aleksandr Bogatik)

Jambul viloyatida joylashgan “Burnoye-1” quyosh elektrostansiyasi, 2017-yil, 16-sentabr. (Aleksandr Bogatik)

OSTONA – Quyoshli Qozog‘istonning qazib olinuvchi yoqilg‘i o‘rniga quyosh energetikasini rivojlantirishga qaratgan sa’y-harakatlari Londondagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

YTTBning yangi kredit shartnomasiga asosan, Fransiyada joylashgan Urbasolar kompaniyasi Janubiy Qozog‘iston viloyatida 14 mVt quvvatga ega Zadaryo quyosh elektr stansiyasini quradi.

“Ushbu stansiyasini qurish uchun YTTB 8,8 million AQSH dollari (2,8 milliard qozoq tengesi) miqdorida kredit ajratadi,” deb xabar berdi mamlakat energetika vazirligi 26-yanvar kuni.

“Biz YTTB bilan hamkorlikda ushbu loyiha ustida 4 yil davomida ishladik, bunda mahalliy hamkorlar muhim omil bo‘ldi,” dedi Urbasolar prezidenti Arnaud Mayn kompaniya veb-saytida joylangan bayonotga asosan.

29-yanvar kuni sun’iy yo‘ldosh yordamida olingan fotosuratda “Burnoye-1” quyosh elektrostansiyasi aks etgan. (Aleksandr Bogatik)

29-yanvar kuni sun’iy yo‘ldosh yordamida olingan fotosuratda “Burnoye-1” quyosh elektrostansiyasi aks etgan. (Aleksandr Bogatik)

Kredit shartnomalari 13-yanvar kuni, Abu Dabida o‘tkazilgan Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya agentligi assambleyasining 8-sessiyasi davomida imzolandi.

YTTB kreditlaridan tashqari, Jahon bankining Sof texnologiyalar fondi loyiha uchun imtiyozli shartlar asosida 3,9 million AQSH dollari (1,2 milliard qozoq tengesi) miqdorida mablag‘ ajratadi, deb xabar berdi vazirlik.

Stansiya aksar qismi “Urbasolar”ga tegishli, Qozog‘istonda tashkil etilgan “Kaz Green Tek Solar” MCHJ tomonidan quriladi, deyiladi kompaniya veb-saytida.

“Fotogalvanik texnologiya Qozog‘iston va Markaziy Osiyodagi elektr energiyasini ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynay olishiga ishonchimiz komil” dedi Mayn. “Mazkur loyiha bu kabi stansiyaning texnik samaradorligi va iqtisodiy maqbulligini namoyish etadi.”

Yorqin muhit

Markaziy Osiyoning yetakchi neft eksportchisi bo‘lgan Qozog‘iston yashil energetikani milliy ustuvor vazifa etib belgilagan.

2013-yilda Qozog‘iston “yashil iqtisodiyotga” o‘tish rejalarini tasdiqladi va hozirda “muqobil energetikani rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda”, dedi ostonalik atrof-muhit bo‘yicha mutaxassis Vyacheslav Rukanov Karvonsaroy nashriga.

“Ayni damda, davlatning umumiy energiya ta’minotida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 1 foizdan kamroq”, dedi u. “Hukumat qabul qilgan konsepsiya doirasida, shu jumladan, YTTB qo‘llab-quvvatlovi bilan, hukumat 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 30 foizga oshirmoqchi.”

Qozog‘istonda muqobil energetikani rivojlantirish uchun barcha sharoitlar mavjud, deydi Tarazda joylashgan “Ekoparvo Taraz” nodavlat tashkiloti raisi Nariman Altibayev.

Bu “quyosh nurini elektr quvvatiga aylantiruvchi fotogalvanik elementlardan foydalanish qobiliyatini” ham o‘z ichiga oladi, dedi u Karvonsaroy nashriga. Masalan, Qozog‘istonning janubiy qismida yil davomida 250 kungacha quyoshli bo‘ladi.

Energetika vazirligining xabar berishicha, 2013-yildan buyon Qozog‘istonda umumiy quvvati 300 mVt bo‘lgan quyosh, shamol va gidroelektrik manbalarni modernizatsiya qilish yoki barpo etish bo‘yicha 50 ta loyiha amalga oshirildi.

Bundan tashqari, o‘tgan yil dekabr oyida vazirlik YTTB bilan mamlakatda qayta tiklanadigan energiya resurslarini rivojlantirishga oid 240 million AQSH dollariga (80 milliard qozoq tengesi) teng shartnoma tuzilgani haqida e’lon qildi.

Yashil texnologiyalarni moliyalashtirish

“YTTB Qozog‘istonda yashil texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun bir necha marta mablag‘ ajratgan va ajratishda davom etmoqda,” dedi Rukanov.

Bu loyihalar Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi Shardara gidroelektrostansiyani yangilashni ham o‘z ichiga olgan. YTTB 2012-yilda boshqa loyihalar bilan bir qatorda, uni qayta tiklash ishlari uchun 61 million AQSH dollari (19,5 milliard qozoq tengesi) miqdorida mablag‘ ajratdi, dedi u.

O‘tgan yil iyun oyida, YTTB Jambul va Qizilo‘rda viloyatlarida quyosh elektrostansiyalari qurilishini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.

50 mVt quvvatga ega “Burnoye Solar-2” quyosh elektrostansiyasi hozirda mavjud bo‘lgan “Burnoye Solar-1” stansiyasi yonida barpo etiladi, deb e’lon qilgan edi YTTB o‘tgan yilning 12-iyunida. Qurilish 2018-yilning o‘rtalarida yakunlanishi kutilmoqda.

YTTB Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 130 km uzoqlikda 50 mVt quvvatga teng quyosh elektrostansiyasi qurilishini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda YTTB 2017-yil 21-iyunda e’lon qilgandi.

“Burnoye Solar” loyihasi “sobiq Sovet ittifoqi hududida eng yirigi” bo‘ladi, dedi Jambul viloyati, Nurlikent shahrida istiqomat qiluvchi Arman Tajibayev.

“Bu yerdan chiqqan elektr quvvati 40 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bunday yirik quyosh elektrostansiyasi bizning yerlarda qurilayotganidan faxrlanamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500