OLMAOTA – Qarorgohi Londonga joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Qozog‘istonga kichik biznesni kreditlash usullarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda, deb ma’lum qildi bank vakillari.
YTTB bosh bankiri Nikolas Drudening so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda kichik biznesning kreditga bo‘lgan talabi va amalda taqdim etilgan kreditlar o‘rtasida katta tafovut mavjud.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu tafovut 47 mlrd. dollarni (15,2 trln. tenge) tashkil qiladi, dedi u.
“Qozog‘istondagi moliyaviy muassasalar – banklar va mikrokreditorlar uchun umimiy kredit portfeli taxminan 9,5 mlrd. dollarni (3,1 trln. tenge) tashkil qiladi”, dedi Drude Karvonsaroyga. “Bu mamlakatdagi barcha kreditorlar kichik biznes korxonalariga jami 9,5 mlrd. dollar kredit taqdim etgani, biroq, kichik biznes qo‘shimcha 47 mlrd. dollarlik (15,2 trln. tenge) kreditga muhtoj ekanini anglatadi.”
Qozog‘iston iqtisodiyoti bank kreditlari ajratishda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, dedi 25-yanvar kuni jurnalistlarga Ostonada Qozog‘iston milliy banki raisi Daniyar Akishev.
Banklarimiz tomonidan bir yil ichida taqdim etilgan kreditlar hajmi o‘zgarmagan va 2017-yil yanvar oyidagi holatida, ya’ni 12,7 trln. tenge (39,3 mlrd. AQSH dollari) hajmida saqlanib qolmoqda.
Kichik biznes korxonalarini kreditlar bilan ta’minlash
30-yanvar kuni YTTB tomonidan 4 yilga mo‘ljallanganMarkaziy Osiyoda kichik biznesni rivojlantirish (RSBP) mintaqaviy dasturi ishga tushirilgandi. Ushbu loyiha mintaqaning barcha mamlakatlarida amalga oshiriladi, uning bosh ofisi Olmaotada joylashadi, dedi Drude.
Mikro, kichik va o‘rta biznes korxonalarini eng zamonaviy bilimlar va axborot bilan ta’minlashga qaratilgan ushbu dasturni amalga oshirishda YTTB missiyasi hamkor kompaniyalar bilan ishlaydi.
Qozog‘istonda YTTB hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Tadbirkolikni rivojlantirish fondi DAMU bilan hamkorlik qiladi. Dastur to‘laligicha Germaniyaning IPC (Internationale Projekt Consult GmbH) konsalting kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Dastur doirasida YTTB moliya tashkilotlari xodimlariga kichik biznes kompaniyalarini qanday qilib tegishli kreditlar bilan ta’minlash o‘rgatiladi.
“Ilk bosqichda biz kichik biznesni moliyalashtirish bo‘yicha Yevropaning ilg‘or tajribasini Markaziy Osiyo va Qozog‘istonga olib kirishga harakat qilamiz”, dedi Drude.
Trening mashg‘ulotlarini IPC mutaxassislaridan iborat jamoa olib boradi, dedi u va Qozog‘istondagi 20 ta moliya instituti ushbu ta’lim dasturiga qiziqish bildirganini qo‘shimcha qildi.
Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgani sababli trening bepul bo‘ladi.
Gap qarzdorlarning tegishli baholashlari, kreditlarni sotish va kelajakda ushbu qarzlarni uzish haqida ketmoqda, dedi Karvonsaroyga YTTB moliyaviy institutlar departamentining mintaqadagi rahbari Jorj Orlov.
Kreditlash sohasida innovatsiya va texnologiyalarni qo‘llash
Qozog‘istonda kichik biznes sohasining moliya institutlari bilan ishlash usullari eskirgan, deydi RSBP menejeri va IPCning moliyalashtirishni rivojlantirish bo‘limi rahbari Marga Shek.
Shubhasiz, raqamlashtirish moliya tashkilotlari uchun biznes modellarini o‘zgartiradi, dedi u Karvonsaroyga. Bizning RSBP dasturidagi ishtirokimiz raqamli ta’limni olib borishga ko‘maklashishdan iborat. Muhokama forumi kichik biznesni kreditlash sohasida tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyodagi hamkasblarimiz uchun maxsus tashkil etilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir bank yoki mikrokreditor biznesni rivojlantirish bo‘yicha o‘zining ichki dasturiga ega, biroq RSBPning afzalligi shundaki, u bir necha mamlakatlarda amalga oshiriladi va eng yaxshi xalqaro tajribani o‘zida jamlagan.
Bu uzoq kutilgan dastur, dedi Olmaotadagi CenterCredit bankining korporativ moliya bo‘yicha rahbari Murat Nurgazin.
Banklar kredit mutaxassislari malakasini oshirish ustida doim mustaqil ravishda ish olib borgan, dedi u Karvonsaroyga. Endilikda bu YTTB shafeligida, markazlashgan holda amalga oshiriladi. YTTB moliya sohasida katta xalqaro tajribaga ega va bu Qozog‘iston bank sektori uchun juda muhimdir.
YTTB treningi CenterCredit bankining hozirgi va bo‘lajak xodimlari uchun majburiy talablardan biri bo‘ladi, dedi u.