https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/02/16/feature-02
| Salomatlik

AQSH Qirg‘iziston maktablarini sog‘lom ozuqa bilan ta’minlaydi

Arman Kaliyev

image

Botkent viloyati, Leylek tumanidagi maktabda sog‘lom taomdan so‘ng, qirg‘iz bolalari yuziga tabassum yugurgan, 2017-yil, dekabr. (Rahm-shafqat korpusi)

BISHKEK – Qirg‘izistondagi minglab maktab o‘quvchilari AQSHning qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) tomonidan amalga oshiriladigan “McGovern-Dole Food for Education and Child Nutrition 2017-2021” dasturi orqali sog‘lom oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar.

Amerika elchixonasi Qirg‘izistonda AQSH homiyligidagi oziq-ovqat dasturi “yuz minglab” bolalarni qamrab olishini aytsa-da, “McGovern-Dole Food” dasturining o‘zi 92000 bolaga oziq-ovqat yetkazib beradi.

Bishkekdagi Amerika elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH hukumati Qirg‘izistondagi maktab va bog‘chalarda oziq-ovqat ta’minoti va savodxonlikni yaxshilash uchun 1 milliarddan ziyod qirg‘iz so‘mi (14,7 million AQSH dollari) ajratdi.

Qirg‘iz maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari va mehribonlik uylarini to‘yintirilgan bug‘doy, guruch va sariyog‘ bilan ta’minlaydigan dastur 6-fevraldan rasman ish boshlagan.

image

Botkent viloyati, Leylek tumanidagi maktab oshpazi o‘quvchilar uchun oziq-ovqat bilan to‘ldirilgan omborxonada. 2017-yil, dekabr. (Rahm-shafqat korpusi)

AQSH elchixonasi bayonotiga ko‘ra, qirg‘iz o‘quvchilarini to‘yimliroq tushlik bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. “Shu bilan birga, dastur bolalarning salomatligi va ta’lim olish qobiliyatini ularning maktabgacha yoshda yaxshilashga e’tibor qaratadi, bunda homilador va emizikli ayollar, go‘daklar va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun turli oziqlanish dasturlari taklif etiladi.”

Dasturning asosiy g‘oyasi sog‘lom vitaminlar va mikroelementlar bilan boyitilgan to‘yimli ozuqa yordamida o‘quvchilarning rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.

“Mercy Corps (“Rahm-shafqat korpusi”) nodavlat tashkiloti va dastur ijrochisi bo‘lgan Save the Children (“Bolalarni asrang”) xalqaro xayriya tashkiloti, dastur asosida xizmat ko‘rsatilayotgan jamoalar keyinchalik homiylik tadbirlarini o‘zlari yoki boshqa manbalar, masalan, hukumat yoki mahalliy aholi ko‘magida davom ettira olishlarini ta’minlash ustida ishlamoqda”, deb xabar beradi elchixona.

Bolalarni sog‘lom va issiq taom bilan ta’minlash

Saltanat Mukambetova Norin viloyati, Qora-Saza qishlog‘ida joylashgan Saginbay Orozbakov nomidagi maktabda oshpaz bo‘lib ishlaydi. U o‘z malakasini oshirish maqsadida “Mehr-shafqat korpusi” tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarida tahsil oldi. Bu kurslar unga bolalar qanday oziqlanishi kerakligi haqida yaxshiroq tushuncha berdi.

“Biz sog‘lom va foydali ovqat tayyorlayapmiz”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Biz manniy yormasidan tayyorlanadigan oddiy bo‘tqani bug‘doy bo‘tqasiga almashtirdik. Endi bo‘tqaga qaynatilgan sabzi yoki qovoq qo‘shib, uni yanada boyitmoqchimiz.”

“Rahm-shafqat korpusi” dasturiga asosan, bizga zamonaviy uskunalar o‘rnatib berishdi va endi ishlash ancha yengillashdi,” dedi u va yordam uchun amerikalik xayriyachilarga minnatdorchilik bildirdi.

Issiqko‘l viloyatining Teploklyuchenka shahridan bo‘lgan biologiya o‘qituvchisi, 42 yoshli Asel Mambetova to‘rt nafar farzandning onasi; ularning uch nafari maktab o‘quvchilaridir.

U vaqt va pul yetishmasligi sabab, farzandlarini sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlashga qiynalib qolganini aytadi.

“Bolalar quruq choy ichib, och-nahor maktabga ketishardi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Endi bundan xavotir olmasam ham bo‘ladi; ular maktabda mevalar va fermentlangan sutli ichimliklar bilan issiq ovqat yeyaptilar.”

“To‘laqonli ozuqa bolalarga ovqat haqida o‘ylamay, darslarni yaxshiroq o‘zlashtirishga imkon beradi”, deydi u.

Yordam maktablarda tushlik uchun ajratilgan byudjetni to‘ldiradi

O‘quvchilarni yuqori sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash Qirg‘iziston ta’lim tizimidagi eng katta muammolaridan biri bo‘lgan.

O‘tgan yillarda byudjet tanqisligi sababli mamlakat ta’lim tizimi har bir o‘quvchining taomi uchun atigi 14 qirg‘iz so‘mi (taxminan 20 AQSH senti) ajratgan edi.

Mablag‘ yetishmasligi rasmiylarni maktab ovqatlari sifatini pasaytirishga majbur qildi, deydi Bishkek shahar hokimligi huzuridagi Ta’lim kengashi raisi Nurlan Boygulov.

“Oziq-ovqat narxi oshgani sababli, bo‘tqa va sho‘rva yetkazib berish qiyinlashdi”, degan edi u 2016-yil sentabrda Knews.kg nashriga. “Biz bir stakan choy yoki kompot va kulchadan iborat menyuga o‘tdik.”

Xalqaro donorlarning ko‘magi bilan, bu boradagi vaziyat yaxshilana boshladi.

O‘tgan yil mart oyida “Rahm-shafqat korpusi” va boshqa xalqaro xayriya tashkilotlari ko‘magida Qirg‘iziston hukumati boshlang‘ich maktablarda issiq ovqat bilan ta’minlashni qayta yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Ta’lim va fan vaziri Gulmira Xudayberdiyeva "Novye Litsa" gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

O‘sha paytda 2218 ta maktabdan 788 tasi o‘quvchilarni yuqori sifatli tushlik bilan ta’minlar edi.

AQSH Qirg‘iziston maktablariga yordam berishda davom etadi

AQSH hukumati Qirg‘iziston yoshlariga oziq-ovqat yordamini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z tarixiga ega.

2010-yil oktabr oyida USDA mahalliy maktablarga 3,2 million AQSH dollari (217 million qirg‘iz so‘mi) ajratib, ularga 670 tonna oziq-ovqat yetkazib berishga ko‘maklashdi.

Sog‘lom oziq-ovqat, jumladan, boyitilgan bug‘doy, guruch va sariyog‘ Mercy Corps (“Rahm-shafqat korpusi”) tomonidan butun mamlakat bo‘ylab muhtoj maktablar, bog‘chalar va mehribonlik uylariga tarqatilmoqda.

AQSH hukumati qirg‘iz bolalariga 2001-yilda ham shunday yordamni taqdim etgandi.

Sizga maqola yoqdimi?
12
Yo‘q
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha

Bular genetik modifikatsiya qilinmagan mahsulotlar ekaniga ishonchingiz komilmi? Ular bizga bepushtlik, saratonga sabab bo‘luvchi narsalarni yetkazib berishlari ham mumkin...

Javob berish