MOSKVA – Rossiya prezidenti Vladimir Putin payshanba, 1-mart kuni qilgan ma’ruzasida Rossiya “yengilmas” qurollarning yangi avlodini yaratganini aytib o‘tdi. Ammo tahlilchilar va kuzatuvchilar bu da’voni uydirma va siyosiy manfaatga asoslangan deya rad etmoqdalar.
18-mart kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng, Putin Kremlda to‘rtinchi muddatga qolish istagini bildirmoqda. Ko‘pchilikning fikricha, bu saylovlar Putin foydasiga soxtalashtirilgan. U Rossiyaning harbiy qudrati haqida bir nechta oshkora bayonotlarni e’lon qilgan.
Putin Rossiya yangi tovushdan tez uchuvchi raketa tizimi – Avangard tovushdan tez transport vositasini yaratganini da’vo qildi. Bu qurol tovushdan 20 marta tez uchadi hamda yuqoriga va pastga manevr qila oladi.
“Bu uni har qanday havo, yer va raketa mudofaa tizimlari uchun mutlaqo yengilmas qilib qo‘yadi”, dedi u va uni “ideal qurol” deb atadi.

Putin o‘z murojaatnomasida “yengilmas” qurolni namoyish qilish uchun foydalangan videodan olingan kadr. Bu – quroldan ko‘ra ko‘proq eski video-o‘yinga o‘xshaydi, deydi tahlilchilar. (Kreml)

Putinning qovushmagan ikki soatlik nutqi davomida, tinglovchilar parishonxotir ko‘rindilar, ba’zilar esa hatto boshlarini chayqab o‘tirishdi. (Kreml)
Rossiya “Kinjal” yoki Xanjar deb nomlagan yangi kichik havo raketasi tizimidan sinov tariqasida foydalanishni boshagan, u tovushdan 10 marotaba tez va nishonga oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan trayektoriya bilan uchadi, dedi Putin.
Bundan tashqari, Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya suv osti kemalari va torpedalardan tez va yadroviy raketalarni tashish imkoniyatiga ega pilotsiz suvosti qurilmalarini, hamda yadroviy qanotli raketalarni ishlab chiqdi.
O‘z ma’ruzasi davomida Putin tog‘li hududlar va okeanlarda harbiy manyovr o‘tkazayotgan, hatto Atlantika okeanini kesib o‘tadigan harbiy texnika tasvirlangan bir nechta videorolikni namoyish qildi.
Videolarning ko‘pi 1980-1990-yillardagi video o‘yinlar sifatiga o‘xshash tasvirlar bo‘lgan.
Putinning bunday jangovar ruhda gapirishi va yuqori natijalarni namoyish qilishi, uning saylovlar oldidan “qudratli” ko‘rinish yo‘lida qilayotgan urinishi, deydi tahlilchilar.
Tahlilchilar Putinning da’volarini rad etmoqdalar
1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, Rossiya armiyasi “achinarli holatga” kelib qoldi, deydi Putin.
Hozirgi Rossiya harbiy doktrinasi yolg‘onga asoslangani inobatga olinsa, mudofaa tahlilchilari bu qurollarning haqiqatan ham mavjudligiga shubha bilan qaramoqdalar, deb xabar beradi The New York Times nashri.
“Putinning da’volariga qaramay, amerikalik rasmiylar yadroviy qanotli raketa layoqatsiz ekani va Arktikada sinovlar vaqtida muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytgan edilar”, deb xabar bergandi nashr 1-mart kuni.
“Bu ahmoqgarchilik deb o‘ylayman. Bu po‘pisa”, deydi AQSH dengiz harbiy kollejida milliy xavfsizlik ishlari bo‘yicha professor Tomas Nikols.
“Bu xuddi 1970-yillardagi yadroviy fan yutuqlarini madh qiluvchi nutqlarga o‘xshaydi”, dedi u ThinkProgress nashriga.
Taqdimotda kompyuterda yasalgan tasvirlar qo‘llanilgan, ularda “yer-joylardagi relyeflar eskirgan va 1980-yillar sifatiga o‘xshaydi, dedi u. Buni oddiygina qanotli raketalar ham eplay oladi. 35 yil avvalgi texnologiyalar bu.”
Putin nutqida aytib o‘tilgan yagona “xavf” bu Rossiya byudjetiga bo‘lgan xavfdir, bu qurollar ishlab chiqish va sinash natijasida paydo bo‘ladi.
“Agar ular haqiqatan ham shu narsalarni yaratishga urinayotgan bo‘lsalar, ularga omad”, dedi u.
NBC News bilan suhbatlashgan ikki sharhovchining so‘zlariga ko‘ra, Putinning nutqi chog‘ida namoyish etilgan, bir necha jangovar kallaklarga ajraluvchi raketa tasvirlangan videoroliklar Rossiyaning “Iblis” raketasi haqidagi eski hujjatli filmining tasvirlari bilan bir xil.
“Ulardagi kontent bir xil ekanligi aniq”, deb aytgan Dartmut kollejidagi kompyuter fanlari kafedrasi mudiri va sud tibbiyot ekspertizasi mutaxassisi Hany Farid NBC kanaliga.
Rossiya va Markaziy osiyoliklar Kreml ustidan kulmoqdalar
Rossiya va Markaziy Osiyoda mashhur bo‘lgan “Exo Moskvy” yangiliklar saytining o‘quvchilari maqolaga g‘azabga to‘la va fosh qiluvchi fikrlar bildirganlar. Ushbu saytda Putin nutqining to‘liq matni va ikki soatlik video joylashtirilgan.
Fun43 nomli foydalanuvchining yozishicha, “Mamlakatning yangi yadro quroli haqidagi nutqi davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 11-yillik videodan foydalangan”.
““Iblis” ballistik raketasinining jangovar kallaklarga bo‘linishi ko‘rsatilgan kadrlar 2007-yiling 1-sentyabr kuni “Zarbdor kuch” yangiliklar dasturida namoyish etilgan edi”, deb yozdi fun43.
“Bu ko‘ngilni behuzur qiladigan narsadan ham battar ... qusib yuborging keladi. U 20 yil davomida o‘g‘irlik va aldov bilan shug‘ullanib keldi. Yetar endi!” deydi degele ismi bilan izoh qoldirgan foydalanuvchi.
“20 yil davomida ahmoqona teatrimizda asosiy rollarni ijro etuvchi bittagina vaysaqi balerina bor edi”, deydi sborisych nomi ostidagi ishtirokchi.
“Ruslar, uyqudan uyg‘onish va prezident Putinga o‘z murojaatimizni yo‘llash vaqti keldi”, deb yozadi vachek ismli foydalanuvchi.
Soxta ayblovlarning so‘nggi qatori
Putinning nutqi Kremlning tarixda boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmagani haqida yaqinda qilgan bayonotidan so‘ng yangradi. Rossiyaning mazkur iddaosi uning aralashuvidan bevosita jabr ko‘rgan mamlakatlar fuqarolarining istehzosiga sabab bo‘lgan.
“Rossiyaning boshqa davlatlar ichki ishiga aralashadigan odati bo‘lmagan va hozirda ham yo‘q”, degan edi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Oddiy faktlar ushbu da’volarni inkor etmoqda.
Markaziy Osiyoda Rossiya ishtirokida yuz bergan so‘nggi hodisalar, ayniqsa, bir qator harbiy “kelishuvlar”ning imzolanishi – Kremlning mintaqaga xatarli ta’sirini o‘tkazishga urinayotganini tasdiqlaydi.
Rossiyaning yaqinda Tojikistonga taqdim etgan “harbiy yordami” tahlilchilar tomonidan Moskvaning 2005-yildan beri ilk bor o‘z askarlarini tojik-afg‘on chegarasiga joylashtirishga urinishi o‘laroq baholanmoqda. Bu butun Markaziy Osiyo suverenitetiga tahdid soluvchi choradir.
Rossiya o‘z qo‘shnilariga tahdid solmoqda
Putinning yaqinda so‘zlagan nutqidagi tajovuzkor ritorikasi AQSH hukumati hisobotida keltirilgan ogohlantirishlarni tasdiqlamoqda.
Qo‘shnilarini o‘zining tahlikali fe’l-atvori bilan qo‘rqitishda davom etarkan, Rossiya mustaqil davlatlar suverenitetiga putur yetkazishga tayyor ekanligini ko‘rsatdi, deyiladi dekabrda e’lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasi ma’ruzasida.
Ma’ruzada Moskvaning Markaziy Osiyo va butun dunyo davlatlarida amalga oshirayotgan qo‘poruvchilik faoliyati batafsil yoritilgan. Rossiyaning “yadroviy kuch-qudrat va hujumkorlik imkoniyatlarini namoyish etishga urinishi” ham shular jumlasidandir.
“Rossiyaning ambitsiyalari va o‘sib borayotgan harbiy imkoniyatlari birikmasi Yevroosiyoda beqaror vaziyatni vujudga keltirmoqda”, deyiladi ma’ruzada. “Bu yerda Rossiyaning hisob-kitoblardagi yanglishuvi tufayli to‘qnashuv xavfi oshib bormoqda.”
video si yoqmi
Javob berish