Karvonsaroy
Diplomatiya

Ostona uchrashuvi Markaziy Osiyo uchun yangi – Rossiyasiz davr boshlanganidan darak bermoqda

Arman Kaliyev

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 15-mart kuni Markaziy Osiyo rahbarlari bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanini o‘tkazdi. (Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati)

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 15-mart kuni Markaziy Osiyo rahbarlari bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanini o‘tkazdi. (Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati)

OSTONA – Yaqinda Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo rahbarlarining uchrashuvi mintaqaning siyosiy va iqtisodiy kelajagida o‘zgarish nuqtasi va sobiq Sovet davlatlari o‘rtasida Rossiya ta’sirisiz yaqin aloqalar o‘rnatish tomon tashlangan qadam bo‘ldi.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba, 15-mart kuni Qozog‘iston poytaxtida yig‘ilib, mintaqaviy hamkorlikni muhokama qildilar. Bu mamlakatlar rahbarlarining to‘qqiz yil deganda birinchi bor umumiy uchrashuv o‘tkazishi bo‘ldi.

Sammitdan ko‘ra, ko‘proq “ishchi yig‘ilish” deb nomlangan tadbirda Turkmaniston parlamenti raisi Akja Nurberdiyeva ham ishtirok etgan.

Biz barcha muammolarni o‘zimiz hal qilishimiz va xalqimiz uchun barqarorlikni ta’minlashimiz zarur”, dedi Nazarboyev uchrashuv chog‘ida.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (o‘ngda) va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) 15-mart kuni Ostonada Markaziy Osiyo rahbarlari anjumani oldidan do‘stona qo‘l siqishmoqda. (Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati)

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (o‘ngda) va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev (chapda) 15-mart kuni Ostonada Markaziy Osiyo rahbarlari anjumani oldidan do‘stona qo‘l siqishmoqda. (Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati)

Bishkeklik siyosatshunos Mars Sariyev Markaziy Osiyo rahbarlarining birinchi bor Rossiya ishtirokisiz anjuman o‘tkazishi muhim ekanligini alohida qayd etdi.

“Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro muvofiqlashuvi yangi darajaga ko‘tarilmoqda”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“Bugunga qadar, mintaqamiz davlatlari tashqi kuchlar ta‘siri ostida bo‘lib kelgan”, dedi u. “Endi esa Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi boshqaruvchilarsiz… o‘z harakatlarini boshladilar.”

Iliqlashayotgan munosabatlar

Uchrashuvning Navro‘z arafasida o‘tkazilishi – uzoq yillar davom etgan tanglikdan so‘ng, davlatlar mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilish yo‘lini qidirayotganini anglatadi, deydi kuzatuvchilar.

“Navro‘z arafasida butun mintaqa bo‘ylab xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam taraqqiyotni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik, o‘zaro yordam jamda muhim masalalarga birgalikda yechim topishga harakat qilishimiz ramziy ma’no kasb etadi”, deyiladi rahbarlarning ingliz tilidagi qo‘shma bayonotida. Bayonot Qozog‘iston bosh vazirining saytida chop etilgan.

Uzoq muddat rahbarlik qilgan Islom Karimov davrida yillar davom etgan tanglikdan so‘ng, O‘zbekiston siyosiy o‘zgarishlar orqali o‘zaro munosabatlarni iliqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. U 2016-yil sentabrida hayotdan ko‘z yumgandi.

Uning o‘rnini egallagan Mirziyoyev qasamyoddan so‘ng avvalgi vaziyatni o‘zgartirib, o‘zining ilk rasmiy tashriflarini Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘istonga borishdan boshladi. Shu tariqa, u avval Rossiyaga amalga oshiriladigan tashrif haqidagi bashoratlarni puchga chiqardi.

Anjuman chog‘ida Nazarboyev mintaqaviy forumni tashkil etish tashabbusi Mirziyoyevga tegishli ekanini ta’kidlagan.

Hamkorlikning yangi bosqichi

Ostonada muhokama qilingan mavzular mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistondagi vaziyat, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transchegaraviy tashuvlarga oid bitimlar va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish kabilarni oz‘ ichiga oldi, dedi Nazarboyev matbuot anjumanida.

Qozog‘iston Afg‘oniston masalasida muvofiqlashgan pozitsiyani ishlab chiqish uchun muntazam ravishda besh tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish va ishlab chiqilgan umumiy qarashlarni xalqaro forumlarda ilgari surish mexanizmlarini taklif qildi.

Qozog‘iston prezidenti rasmiy saytining xabar berishicha, “Eng muhimi, qarashlarimizning mushtarak ekanligi, hamkorligimizni kuchaytirish va bir-birimiz bilan kelishish istagimiz borligi”, dedi Nazarboyev uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga. “Shu sababli biz, ulug‘ Navro‘z bayrami arafasida, bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazishga kelishib oldik.”

O‘zbekiston va uning qo‘shnilari o‘rtasida yillar davomida transchegaraviy suv taqsimoti sababli mavjud bo‘lgan nizolar bundan buyon birgalikga hal qilinadi, deb qo‘shimcha qilgan u bayonotga asosan.

Mintaqada aholisi hamkorlikni olqishlaydi

“Men O‘rta Osiyo mamlakatlari hal etilmagan muammolar, jumladan, transchegaraviy suv taqsimoti sababli poroxli bochka ustida o‘tirganligi haqidagi maqolalarni tez-tez o‘qib turardim”, deydi olmaotalik 52 yoshli Saken Razdikov Karvonsaroy nashriga.

“Shukrki, sog‘lom fikr ustun kelib davlatlarimiz hamkorlik qila boshladi”, dedi u.

Sarmoyadorlarni jalb etish va savdoni kuchaytirish

O‘tmishda Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil ravishda investitsiyalar jalb qilishga urindilar, ammo bu uncha ish bermadi, deydi Olmaota shahridagi Iqtisodiy tadqiqotlar bo‘yicha milliy byurosi rahbari Qosimxon Kapparov.

“Bunday uchrashuvdan ko‘zlangan maqsadlaridan biri – qo‘shma investitsiyalar imkoniyatlarini ko‘rib chiqish”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

Nazarboyev tanlagan ustuvor yo‘nalishlardan biri mintaqaviy savdoni rivojlantirish edi.

O‘zaro savdo hajmining o‘sishi Markaziy Osiyo aholisining turmush darajasini ko‘tarishga hissa qo‘shdi, dedi Nazarboyev jurnalistlarga anjuman davomida. U mintaqada savdo hajmini yanada kengaytirish uchun “ko‘plab imkoniyatlar” mavjudligini qo‘shimcha qildi.

Savdoni kuchaytirish uchun Markaziy Osiyoda moliyalashtirish manbalarini topish masalasini hal qilish zarur, dedi u.

“Bu hodisa allaqachon yuz berishi kerak edi”, deydi ostonalik ishbilarmon Olga Karelina Karvonsaroy nashriga. “(Boy berilgan) yillar davomida mamlakatlarimiz yanada rivojlangan va turmush darajasi yanada ko‘tarilgan bo‘lardi.”

“Afsus, ko‘p vaqt yo‘qotildi”, dedi. “Ammo hechdan ko‘ra, kech yaxshi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Allaqachon qilish kerak edi aslida, bunga DUNYOdan ajratib qo‘yilgan qo‘shni davlatning tajovuzi va militarizmi turtki bo‘ldi.

Javob berish