OSTONA – Qozog‘iston aksilterror markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat Suriya va Iroqdagi terrorchilarga qo‘shilishda hamda “Islom davlati” (ID) safida jang qilishda ayblangan 57 nafar qozog‘istonlikni fuqarolikdan mahrum qilish jarayonini boshlagan.
Prezident Nursulton Nazarboyev o‘tgan yil iyul oyida qonunchilikka kiritilgan tuzatishlarni ma’qullagan edi. Ular terrorizmda ayblangan jinoyatchilarni Qozog‘iston fuqaroligidan mahrum qilishni ko‘zda tutadi.
“Bu o‘sib borayotgan terrorchilik xavfiga qarshi javob chorasidir”, deydi ostonalik huquqshunos Adilbek Davletov Karvonsaroy bilan suhbatda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, terrorchilik harakati sodir etish, terrorchilik tashkiloti tuzish yoki unga a’zo bo‘lish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlar fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin”.
Qozog‘iston rasmiylari terrorchilarni deportatsiya qilishi yoki ularning mamlakatga kirishini taqiqlashi mumkin, dedi Davletov. Umuman olganda, fuqaroligi yo‘q shaxslarni qaysi mamlakatlar qabul qilishi mumkinligi ham noma’lum.
Qozog‘iston fuqarolikdan mahrum bo‘ladiganlar keyingi taqdirini hisobga olmagan ko‘rinadi. Masalan, ekstremizm uchun qamoq jazosini o‘tayotganlarni fuqarolikdan mahrum qilish rejalashtirilmoqda.
Sobiq Sovet davlatlarida shaxsni tasdiqlovchi asosiy hujjat – pasporti bo‘lmagan sobiq mahbuslar o‘z qamoq muddatlarini o‘tab bo‘lganlaridan keyin, ishga kirish va uy-joy masalalari bo‘yicha nima qilishlariga aniqlik kiritilmagan.
Darg‘azab fuqarolar ushbu chorani qo‘llab-quvvatlamoqda
Qozog‘sitonliklar mazkur chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamoqdalar.
“Albatta, terrorchilarni fuqarolikdan mahrum qilishni qo‘llab-quvvatlayman”, dedi ostonalik Olga Yugay.
“Ular davlatimizni sharmanda qilishadi, qadriyatlarimizni hurmat qilmaydilar va jiddiy jinoyatlarga qo‘l uradilar”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Nima uchun davlat xuddi qolgan fuqarolar kabi ularning huquqlarini himoya qilishi kerak?”
Terrorchilarning “qaynoq nuqtalar”dan qaytishi bilan bog‘liq muammo 15-mart kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo rahbarlarining uchrashuvi davomida muhokama qilindi.
“Suriyada Islom davlati safida jang qilib, mag‘lub bo‘lgan Markaziy Osiyolik jangarilar uylariga qaytmoqda va endi biz bu borada juda hushyor bo‘lishimiz kerak”, degan edi Nazarboyev Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari bilan o‘tkazilgan uchrashiv chog‘ida.