Karvonsaroy
Ta’lim

AQSH loyihasi qirg‘iz bolalarining mutolaa ko‘nikmalarini yaxshilashga yordam beradi

Asker Sultanov

Bishkekdagi 20-sonli davlat maktabi o‘quvchilari insho yozmoqdalar, mart. Ular Qirg‘izistondagi AQSH savodxonlik loyihasi bitiruvchilaridir. (Asker Sultanov)

Bishkekdagi 20-sonli davlat maktabi o‘quvchilari insho yozmoqdalar, mart. Ular Qirg‘izistondagi AQSH savodxonlik loyihasi bitiruvchilaridir. (Asker Sultanov)

BISHKEK – AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi bilan hamkorlikda qirg‘izistonlik maktab o‘quvchilari orasida mutolaa ko‘nikmalari va tanqidiy fikrlashni shakllantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda.

AQSH va Qirg‘iziston hukumati eng muhim sanalgan 1-4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘qishga havas uyg‘otish niyatida.

Rasmiylar 2017-2019-yillar uchun mo‘ljallangan, qiymati 8 million AQSH dollariga (545 qirg‘iz so‘mi) teng “Mutolaa vaqti” deb nomlangan loyihani amalga oshirmoqda. Mutolaa bo‘yicha qo‘llanmalarni yaxshilash, o‘qishni rivojlantiruvchi materiallardan foydalanish imkoniyati va qirg‘iz hukumati tomonidan mutolaani qo‘llab-quvvatlash kabilar mazkur loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Loyiha 900 ta boshlang‘ich ta’lim maktablarini o‘z ichiga oladi, bu Qirg‘izistondagi maktablarning 40 foizini tashkil etadi. USAID missiyasining Qirg‘izistondagi rahbari Kimberli Rozenning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 180 ming o‘quvchi va 8000 dan ziyod o‘qituvchilarni qamrab oladi.

“Maktablarning boshlang‘ich sinflarida mutolaa uchun asosiy talablar ishlab chiqildi”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Ta‘lim va fan vazirligi hamda Qirg‘iziston ta’lim akademiyasi ularni ma’qulladi va tavsiya etdi.”

Tushunish bilan o‘qish

“Mutolaa vaqti” loyihasi doirasida mavjud bolalar kitoblari yosh va o‘qish darajasi bo‘yicha tasniflanadi, yangi kitoblar ishlab chiqiladi va chop etiladi, dedi Rozen.

Loyiha doirasida o‘qituvchilar, ota-onalar va hamjamiyat vakillari uchun axborot materiallari ishlab chiqildi, endilikda yozuvchi, rassom va noshirlar bilan ish olib borilmoqda, dedi u.

“10 mingdan ziyod o‘qituvchilar maktablarda kitob o‘qishni o‘rgatishda innovatsion usullarni qo‘llashga oid treningda qatnashib, tegishli sertifikatlarni qo‘lga kiritdilar”, dedi u. “Ushbu tashabbus (targ‘ibot tadbirlari yordamida) oilalarda mutolaa amaliyotini mustahkamlashga yordam beradi.”

Bunday loyihalar o‘qish bilan bir qatorda tushunishni ham o‘rgatishga qaratilgan, dedi loyihaning Ta’lim va fan vazirligidan bo‘lgan koordinatori Chinara Kurbanova.

“Aynan mana shu loyihalar sababli farzandlarimizning boshlang‘ich sinflarda ta’lim olish darajalari yaxshilandi va bolalar ko‘proq kitob o‘qiy boshladilar”, dedi u Karvonsaroy nashriga. Maktab kutubxona xodimlari, o‘qituvchilar va ota-onalar “bolalarni kitob o‘qishga o‘rgatish ishlarida” faol ishtirok etmoqdalar, deb qo‘shimcha qildi u.

“Birgalikda o‘qish” loyihasini shakllantirish

“Mutolaa vaqti” loyihasi USAID tomonidan moliyalashtirilgan dasturning ikkinchi bosqichi hisoblanadi.

“Birgalikda mutolaa qilamiz” deb nomlangan birinchi bosqich 2013-2017-yillarda amalga oshirilgan edi . U 265 ming o‘quvchidan iborat 1350 maktabni qamrab olgandi (mamlakatdagi boshlang‘ich maktablarning 60 foizi), dedi Rozen.

“2012-yilda USAID 2-4 sinf o‘quvchilarini baholagan, natijalar 50 foizdan ortiq maktab bolalari kitob o‘qish bo‘yicha milliy standartlariga loyiq emasligini ko‘rsatdi”, dedi u.

Loyiha mamlakatdagi barcha rus va qirg‘iz tilida ta’lim beruvchi davlat maktablarni qamrab olgan edi, dedi u. Loyiha doirasida, umumta’lim maktablari va 80 ta bolalar kutubxonalari 400 mingdan ortiq turli kitoblarni qabul qilib olishdi.

Rozenning qo‘shimcha qilishicha, yosh o‘quvchilarning ko‘nikmalarini baholash loyihaning ajralmas qismidir.

Shu maqsadda, USAID o‘quvchilarni muntazam baholab borish va ushbu baholash natijalarini muhokama qilish uchun mamlakat ta’lim vazirligi bilan birgalikda ish olib bormoqda.

Yaqinda o‘tkazilgan baholash ishlari loyiha maqsadli maktablarda o'quvchilarning o‘qish ko‘nikmalari yaxshilanganini ko‘rsatdi. Jumladan, 2-sinf o‘quvchilari orasida o‘qish va tushunish ko‘rsatkichlari 10 foizga oshgan.

Rozen loyihaning alohida ehtiyojga ega bolalar bilan ishlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.

“Loyiha doirasida O‘sh va Bishkek shaharlaridagi ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan bolalar maktab-internatining 23 nafar o‘qituvchisi uchun trening tashkil etildi”, dedi u. “Ushbu maktablar ko‘rish qobiliyati past bolalar uchun mo‘ljallangan texnik jihozlar bilan ta’minlandi, 10 ta bolalar kitobi Brayl yozuviga o‘girildi”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500