https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/03/30/feature-01
| Diplomatiya

Jahonning qudratli davlatlari Tolibonni muzokara yo‘lini tanlashga chaqirmoqda

Maksim Yeniseyev

image

Toshkent anjumani qatnashchilari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘llarini muhokama qilmoqdalar, 27-mart. (O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati)

TOSHKENT – Afg‘oniston kelajagiga oid xalqaro anjuman Tolibonga yo‘llangan aniq xabar bilan yakunlandi: tinchlik muzokaralari o‘tkazish imkoniyatini qo‘ldan chiqarish yoki buning oqibatlariga tayyor bo‘lish.

“Tinchlik jarayoni, xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik va mintaqaviy aloqalar” deb nomlangan anjuman 26-27-mart kunlari O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tdi. 20 dan ortiq davlatlar va tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan anjuman Tolibon ishtirokisiz o‘tgan.

Ishtirokchilar “Toshkent deklaratsiyasi”ni qabul qilish orqali Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga oid yakdil kelishuvga erishdilar.

Deklaratsiya Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan 28-fevral kuni e’lon qiligan, Tolibonlarga siyosiy partiya tuzishga imkon beruvchi tinchlik rejasiga tayangan holda “Afg‘oniston Milliy birligi hukumatining Tolibonlar bilan dastlabki shartlarsiz bevosita muzokaraga kirishish taklifini” to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

image

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani (chapda) va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan anjuman chog‘ida qo‘l siqishmoqdalar. Toshkent, 2018-yil, 27-mart. (O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati)

image

AQSH va O‘zbekiston delegatsiyalari (chapda va o‘ngda) 27-mart kuni Toshkentda mintaqaviy hamkorlik va Afg‘oniston masalasini muhokama qilmoqdalar. (O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati)

Deklaratsiyaning kirish qismida bayon etilgan so‘zlarga ko‘ra, “Afg‘oniston rahbarligidagi va afg‘onistonliklarga tegishli siyosiy kelishuv” urushning barham topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Deklaratsiya katta va kichik, uzoq va yaqin davlatlar – O‘zbekiston, Afg‘oniston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Yaponiya, Qatar, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan imzolandi.

Anjuman yakunida ishtirokchilar Tolibonlarni muzokaralarga qo‘shilishga chaqirdilar.

O‘zbekiston “Afg‘oniston hukumati va Tolibonlar o‘rtasida o‘tkazilajak bevosita muzokaralarga” mezbonlik qilishga tayyor, dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Tolibonlar uchun qo‘ldan boy berilgan imkoniyat

Bir necha chaqiriqlarga qaramay, Tolibonlar anjumanda ishtirok etmadilar, bu ishtirokchilar va kuzatuvchilar tomonidan qayd etildi.

“Tolibon vakillari bugun ham, ertaga ham anjumanda ishtirok etmaydilar”, deb xabar berdi 26-mart kuni tadbir matbuot kotibi Sherzod Qudratxo‘jayev Karvonsaroy nashriga. “Ammo, menimcha ular anjuman natijalaridan xabardor bo‘lishadi.”

“Biz avvaldan Tolibonlar anjumanga hech kimni yubormasligi mumkinligini tushungan edik”, dedi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev.

“2016-yilning may oyida Balujistonda oliy qo‘mondon Mulla Akhtar Muhammad Mansurning o‘limidan so‘ng, Tolibon o‘zi uchun rahbar tanlashda jiddiy muammolarga duch keldi”, dedi u. “Ammo anjuman ular uchun aniq, kuchli belgi bo‘lishi kerak... Kelasi safar xalqaro hamjamiyat Tolibonlarga yordam qo‘lini cho‘zmasligi mumkin.”

Afg‘onistonlik kuzatuvchilar Tolibonlarning tinchlikka erishish imkoniyatini qo‘ldan boy berganini e’tirof etmoqdalar.

“Toshkent sammiti Tolibonlarga Afg‘oniston hukumati va dunyo bilan o‘z talablarini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat edi”, dedi Volesi Jirga (Afg‘oniston parlamentining quyi palatasi) a’zosi Zakariya Zakariya Karvonsaroy nashriga.

“Afsus, ular bu imkoniyatni boy berdilar, ammo bu haqda o‘ylab ko‘rishga hali vaqt bor”, dedi u.

Tolibon uchun ogohlantirishlar

Mirziyoyev anjumanni “barcha tashqi manfaatdor kuchlarning bir ovozdan va qat’iyat bilan qurollangan muxolifatni muzokaraga chaqirishi” deya ta’rifladi.

Tolibon muzokaradan bosh tortadigan bo‘lsa, xalqaro hamjamiyatning unga qarshi kurashdan boshqa chorasi qolmaydi, deb ogohlantirdi anjumanda qatnashgan AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon.

“Muloqot va sulh yo‘lini tanlang. Tinchlik o‘rnatishga jasorat toping”, dedi Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Federika Mogerini o‘z nutqida YI matbuot xizmati xabariga ko‘ra.

“Muzokara – yagona yechim”, dedi kobullik siyosiy tahlilchi Farhod Hashemiy Karvonsaroy nashriga. “Afg‘oniston hukumati tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun yagona manzil. Tolibonlar hukumat taklifini va Toshkent deklaratsiyasini qabul qilsa, ikkala tomon ham bundan yutadi.”

Toshkent anjumanidan so‘ng tinchlikka erisha olmaslik Afg‘oniston uchun xavfli bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirdi G‘ani. Bu bilan u mamlakatda mavjud bo‘lgan “Islom davlati” (ID) guruhini nazarda tutgan. Bu guruh bilan hatto Tolibon ham kelisha olmaydi.

Afg‘onistonda taxminan 2000 nafar ID jangarilari bor”, dedi G‘ani anjuman chog‘ida. “Tolibonlar jamiyatimizga qo‘shila olishi uchun kurashishimiz kerak. Shu yo‘l orqali biz terrorchilik tahdidlariga diqqatimizni qarata olamiz.”

G‘ani chaqirig‘iga javoban, Toshkent deklaratsiyasi Tolibonlarni “xalqaro terrorizm, jumladan Al-Qoida, ID va boshqa xalqaro terrorchilik tarmoqlari bilan aloqalarni” uzishga chaqiradi.

(Ushbu maqolani tayyorlashga Kobuldan Sulaymon ko‘maklashgan.)

Sizga maqola yoqdimi?
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha