XO‘JAND – Markaziy Osiyo huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari Tojikistonda AQSH tomonidan moliyalashtiriluvchi mintaqaviy o‘quv markazida ommaviy qirg‘in qurollari (OQQ) tarqalishining oldini olishga qaratilgan ilk seminar-treningda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.
20-mart kuni AQSH eksport nazorati va tegishli chegara xavfsizligi (EXBS) dasturiga asosan, Dushanbedagi AQSH elchixonasi Tojikiston hukumatiga umumiy qiymati 370 ming AQSH dollari (3,2 million tojik somoniysi) bo‘lgan markazni hadya etdi.
AQSH davlat departamenti veb-saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, EXBS dasturidan ko‘zlangan maqsad – OQQ tarqalishi va an’anaviy qurollarning chegaradan javobgarliksiz olib o‘tilishiga barham berish, savdo va chegara nazoratiga oid samarali, milliy strategik tizimni yaratish.
Realistik o‘quv muassasalari
Mintaqaviy mashg‘ulot markazi chegarani kesib o‘tish punktlariga o‘xshatib ishlangan to‘rtta soyabonli ochiq o‘quv maydonchalaridan iborat. Unda tekshiruv kabinasi, avtomashinalar uchun kirish, yo‘lovchilar uchun o‘tish joylari va mashg‘ulot zallari mavjud.
Markazni barpo etishdan maqsad, Markaziy Osiyo huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga yadroviy qurollar tarqalishining oldini olish, eksport nazorati va OQQ savdosini barham berishning zamonaviy usullarini o‘rgatishdir.
Markazning ilk seminari 16-24-aprel kunlariga rejalashtirilgan, deydi Tojikiston yadroviy va radiatsiya xavfsizligi agentligi rahbari Ilhom Mirsaidov.
Tadbirda Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Mirsaidovning so‘zlariga ko‘ra, chegara punktidagi kabi muhitning yaratilishi o‘quv jarayoni samaradorligini oshiradi.
“Chegara nazorat punktlarini jihozlash va huquqni muhofaza qilish xodimlari, shu bilan birga, yadroviy materiallar bilan ishlovchi tashkilotlar xodimlari malakasini oshirish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb masaladir”, dedi u Karvonsaroy nashriga.
“AQSH mintaqada radiatsion xavfsizlik va yadroviy materiallar eksportiga oid nazorat muammolarini e‘tiborga olgan holda Markaziy Osiyo mamalakatlarining tinchlik va barqarorlikni saqlashga qaratilgan har qanday tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi u.
“AQSH Tojikiston yadroviy radiatsiya va xavfsizlik agentligining ta’lim salohiyatini oshirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun, sababi, bu unga kontrabanda, jumladan, ommaviy qirg‘in qurollarining real tahdidiga qarshi kurashish imkonini beradi”, dedi Dushanbedagi AQSH elchixonasining ishonchli vakili Kevin Kovert mashg‘ulot markazining ochilish marosimida.
“Ushbu o‘quv markazi nafaqat Tojikiston va Markaziy Osiyo uchun, balki xalqaro treninglar uchun ham mashg‘ulotlar o‘tish joyi sifatida xizmat qiladi”, deyiladi elchixona bayonotida.
Bu AQSH hukumati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat xavfsizligini kuchaytirish maqsadida joriy yilda Tojikistonga taqdim etilgan ikkinchi yirik tuhfadir.
Shu yilning fevral oyida Dushanbedagi AQSH elchixonasi Tojikiston Mudofaa vazirligi mobil kuchlari uchun Farhodobodda jami 1,3 million AQSH dollariga (11,4 tojik somoniysi) teng turarjoylarni hadya etgan edi.
Chegara nazoratini kuchaytirish
Yadroviy va radiatsiya xavfsizligi agentligiga ko‘ra, Tojikistonni boshqa davlatlar bilan 33 ta nazorat punkti, jumladan Dushanbe, Xo‘jand va Ko‘lobdagi uchta xalqaro aeroport bog‘lab turadi.
“Bu nazorat punktlaridan o‘n ikkitasi zamonaviy jihozlarga ega, ular yordamida chegaradan olib o‘tilayotgan yuklar, jumladan yadroviy materiallarning to‘liq tekshiruvi amalga oshiriladi”, dedi Mirsaidov.
“Tojikiston hukumati 2021-yilga qadar qolgan 21 nazorat punktini ham jihozlashni rejalashtirgan”, dedi u.
“Maqsadimiz – yadroviy materiallar eksporti Xalqaro atom energiyasi agentligi qoidalariga muvofiq bo‘lishini ta’minlovchi nazorat darajasiga erishish”, dedi u.