TOSHKENT – So‘nggi 20 yil davomida O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni salkam 45 foizga kamaydi, bugunga kelib esa 2 million 450 ming boladan faqatgina 818 ming nafari maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston hukumati ushbu muassasalar sig‘imini oshirish maqsadida maktabgacha ta’lim sektoriga faol sarmoya kiritmoqda. Jahon Banki esa 2019-yilning iyul oyiga qadar chekka hududlarda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 100 ming nafar o‘g‘il-qizni MTMga qabul qilishni ko‘zda tutgan loyiha orqali ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Hozirgi kunda, boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta’limni takomillashtirish loyihasi doirasida birinchi marta yarim kunlik ta’lim dasturiga 56 mingta bola qabul qilindi, bu loyiha O‘zbekiston Ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha Ta’lim sohasida global hamkorlik dasturining 49,9 million AQSH dollariga (404,3 millard o‘zbek so‘mi) teng mablag‘i asosida moliyalashtirilib, Jahon Banki tomonidan boshqarilmoqda.
Loyiha O‘zbekistonning kam ta’minlangan hududlarida ta’lim imkoniyatini yaxshilashga qaratilgan va 5-6 yoshli bolalar uchun yil davomida yarim kunlik maktabga tayyorlash dasturini o‘z ichiga oladi.
2019-yilning iyuligacha ushbu dasturga qishloq joylardagi 2420 ta bog‘chada 100 mingga yaqin bola qamrab olinadi. Bu barcha MTMning 49 foizini yoki mamlakat bo‘ylab qishloq hududlarida joylashgan bolalar bog‘chalarning 90 foizini tashkil qiladi.
Maktabgacha ta’limni moliyalashtirish
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalarga erta yoshda ta’lim berish va parvarish qilishdagi yuqori sifat bolalar, ularning oilalari va umuman olganda jamiyatga muhim, uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy manfaat keltiradi.
Bolaning ilk olti yili uning jismoniy, aqliy, lingvistik va ijtimoiy-ruhiy rivojlanishida muhim davr hisoblanadi. Bolaning ushbu davrda boshidan kechirganlari uning kelajagini belgilaydi va shakllantiradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bolalarning bog‘chadagi davomadi, O‘zbekistondagi bandlik natijalari va kelajakda rasmiy sektorda yaxshiroq ish joyiga ega bo‘lish o‘rtasida bog‘liqlik mavjud. Misol uchun, 25-64 yosh oralig‘idagi ish bilan ta’minlanganlarning 73 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga borgan, MTMga bormaganlarda esa bu ko‘rsatkich 58 foizni tashkil etgan.
Bolalarga erta yoshda ta’lim berish va parvarish qilishning oila uchun foydalari ko‘p. O‘zbekistonda yosh bolalar tarbiyasi bilan asosan ularning onalari va opalari shug‘ullanadilar. Ammo, hamyonbop MTM mavjud bo‘lsa, ayollar ishga joylashishga imkon topadilar, qizlar esa o‘qish uchun ko‘proq vaqt ajratishlari mumkin.
MTM qamrovini oshirish
2012-yilda O‘zbekistonda bolalarni MTMga topshirish darajasi 23,3 foizni tashkil etib, bu dunyo bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlardan biri edi. 2013-yilda kam ta’minlangan oilalarning 5 foizigina o‘z farzandlarini bog‘chalarga bergan.
2017-yilga kelib, davlat tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 3-7 yoshli bolalar orasida bu ko‘rsatkich 29 foizni tashkil etdi.
Hukumat erta yoshda bolalar ta’limiga sarmoya kiritishning muhimligini tushunadi va 2021-yilga kelib, 6-7 yoshli bolalarni MTMga 100 foiz qamrab olish maqsadini hamda erta yoshda ta’lim berish va parvarish qilish xizmatlarini taqdim etishdek ulkan rejani amalga oshirishini e’lon qilgan.
O‘zbekistonda bolalarga erta yoshda ta’lim berish va parvarish qilishni rivojlantirish maqsadida 2017-yil sentabr oyida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil qilindi.
Bundan tashqari, hukumat soha infratuzilmasini yaxshilash uchun davlat tomonidan moliyalashtirish hajmini oshirgan.
2018-yilda 2017-yil bilan solishtirganda mamlakat bo‘ylab MTMni jihozlash uchun davlat budjetidan 3 barobar ko‘p – 100 million AQSH dollariga (810,2 milliard so‘m) yaqin mablag‘ ajratildi. 2018-yil fevral oyida hukumat ta’lim mutaxassislarini jalb maqsadida MTM tarbiyachilarining oylik maoshlarini 30 foizgacha oshirishga qaror qilgan.
Yarim kunlik guruhlar kam ta’minlangan oilalar uchun qo‘l kelmoqda
O‘zbeksitonda olib borilayotgan yangi tashabbuslardan yana biri yarim kunlik guruhlarning ochilishi bo‘lib, bu guruhlar haftada besh kun, soat ertalabki 8:00 dan tushki 12:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi.
“Ko‘pchilik ota-onalar, ayniqsa kam ta’minlagan oilalar hamyonbopligi sabab yarim kunlik bog‘chalarni afzal ko‘rmoqdalar”, deydi loyihaning Xalq ta’limi vazirligidagi maslahatchisi Mavluda Nishanova.
“Qishloq hududlarida har bir bola uchun oylik to‘lov 15 ming so‘m (2 dollardan kamroq)”, deydi u. “Aslini olganda, bu nonushta sarf-harajatlarinigina qoplaydi, bolalarga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari va o‘quv materiallari bepul. 4 soatlik o‘quv kuni yarim kun ishlaydigan ota-onalar va uy yumushlari bilan band ayollar uchun ham qo‘l keladi.”
Yarim kunlik dastur standard to‘liq kunlik dasturga nisbatan har bir bola uchun kamroq davlat resurslarini talab qiladi. Ammo bir vaqtning o‘zida, to‘rt soatlik yarim kunlik guruhlarda o‘qigan bolalar to‘liq kunlik guruhlardagi tengdoshlari bilan bir xil parvarish qilinadilar va ta’lim oladilar.
(Jahon Banki guruhi o‘zining http://www.worldbank.org/terms veb-sahifasida ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq, ushbu materialdan foydalanishga ijozat bergan.)
Maktabgacha taʼlim tizimida malakali kadrlar tayyorlash tizimida faoliyat koʻrsataman, zamonaviy kadrlarga boʻlgan ehtiyoj oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini tubdan takomillashtirishni talab etmoqda. Bizning kafedramizda bu borada chora-tadbirlar rejalashtirilib, ularni amalga oshirishga harakat qilinmoqda. Kuni kecha maktabgacha taʼlim boshqarmasi bilan hamkorlikda "Mehnat yarmarkasi" oʻtkazildi.
Javob berishFikrlar 2
Bu yoʻl eng toʻgʻrisi. Oliy taʼlim ham, oʻrta maxsus ham, qolaversa, mamlakat taraqqiyoti ham maktabgacha taʼlimga bogʻliq. Men taʼlim sifati boʻyicha ilmiy izlanish olib boraman. Kelajakda, albatta, maktabgacha taʼlim sifatining mamlakat iqtisodiy oʻsishiga taʼsirini oʻrganish – maqsadim. Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlarini qoʻllab-quvvatlayman. Ushbu saytga shunday dolzarb maqolalarni yoritishga omadlar tilayman.
Javob berishFikrlar 2