Karvonsaroy
Ta’lim

Xalqaro miqyosda tan olingan 100 ta darslik qozoq tiliga tarjima qilinadi

Aydar Ashimov

“Qozoq tilidagi 100 ta yangi darslik” loyihasi koordinatori Alixan Tuyebai 14-aprel kuni Ostonadagi ko‘rgazma tashrifchisiga tarjima qilingan kitoblarni ko‘rsatmoqda. (Aydar Ashimov)

“Qozoq tilidagi 100 ta yangi darslik” loyihasi koordinatori Alixan Tuyebai 14-aprel kuni Ostonadagi ko‘rgazma tashrifchisiga tarjima qilingan kitoblarni ko‘rsatmoqda. (Aydar Ashimov)

OSTONA – O‘tgan yili prezident Nursulton Nazarboev tashabbusi bilan boshlangan “Qozoq tilidagi 100 ta yangi darslik” loyihasiga muvofiq, Qozog‘iston kutubxonalari sovet davriga oid eski darsliklarni yangi, zamonaviy nomdagi darsliklarga almashtira boshladi.

Yangi tarjima qilingan kitoblarning ilk partiyasi 4-may kuni Chimkentdagi M. Avezov nomli Janubiy Qozog‘iston Davlat universitetida taqdim etildi, deb xabar beradi “Xabar-24” telekanali.

“Kitoblar oddiy, tushunarli tilda yozilgan va bizning mahalliy adabiyotimizda bo‘lmagan yoki juda kam uchraydigan ko‘plab mavzularni qamrab olgan”, deyiladi telekanal xabarida.

“Bugungi kunda jami 18 ta kitob tarjima qilingan bo‘lib, har bir kitob 10 ming nusxada chop etilgan”, - deydi Milliy tarjimonlar byurosining loyiha koordinatori Alibek Kisibay. “(Universitet) talabalari ushbu darsliklardan 2018-2019-o‘quv yilidan foydalana boshlaydilar”.

Qozog‘iston kelgusi yilda xalqaro miqyosda tan olingan universitetlar darsliklarining yuqori sifatli qozoq tilidagi nashrlarini taqdim etish niyatida. [File]

Qozog‘iston kelgusi yilda xalqaro miqyosda tan olingan universitetlar darsliklarining yuqori sifatli qozoq tilidagi nashrlarini taqdim etish niyatida. [File]

“Barcha darsliklarning elektron versiyalari saytimizda bor”, - deb qo‘shimcha qildi u.

“Bu sotsiologiya, falsafa, psixologiya, tilshunoslik va boshqa gumanitar yo‘nalishlarga oid eng ko‘p sotiladigan darsliklardir”, - deydi loyiha koordinatori Alixan Tuyebay Karvonsaroyga.

Darsliklar matnlari yirik universitetlar tomonidan ma’qullangan, ular bir necha bor qayta nashr etilgan hamda kitobxonlar va olimlar tomonidan yuqori baholangan, dedi u.

Shu yilning o‘zida qozoq tilida 30 dan ortiq kitobni nashr qilish rejalashtirilmoqda, “ yana 52 tasi kelasi bir necha yil ichida tarjima qilinadi va chop etiladi”, deydi Tuyebay.

Ta’lim standartlarini yaxshilash

Nazarboyevning mazkur tashabbusi Qozog‘istonda ta’lim standartlari darajasini oshirishga qaratilgan.

“Biz yoshlarimizga jahondagi eng oliy standartlarga muvofiq ta’lim olish imkoniyatini berishimiz kerak”, degan edi Nursulton Nazarboev 2017-yil 12-aprel kungi bayonotida. “Ushbu darsliklar 2018-2019-o‘quv yilidan talabalar o‘quv dasturiga kiritilishi lozim.”

“Ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha ilg‘or darsliklarning 100 dan ortig‘ini tarjima qilish Qozog‘istonda raqobatbardoshlik va pragmatizm ruhida tarbiyalangan yosh avlodni shakllantirish tomon qo‘yilgan to‘g‘ri qadamdir”, deyiladi “Qozoq tilidagi 100 ta yangi darslik” loyihasi saytida.

Bu Qozog‘istonda o‘z miqyosiga ko‘ra ilk bor amalga oshirilayotgan tashabbusdir, deb qayd etdi Qozog‘istonning ma’naviy-madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan “Tug‘an Jer” (Vatan) davlat dasturi rahbari Dinara Karimova.

Nashr etilgan kitoblar orasida Amerikalik ijtimoiy psixolog Alliot Aronson qalamiga mansub “Ijtimoiy hayvon” kitobi ham bor. Ilk bor 1972-yilda chop etilgan va 14 tilga o‘girilgan ushbu kitob zamonaviy psixologiyaning inson fe‘l-atvori haqida nimalarni bilishiga oydinlik kiritadi.

Qozoq tilida nashr etilgan yana bir kitob – Shveytsariyaning Jeneva shahridagi Jahon iqtisodiy forumi asoschisi va ijrochi raisi, nemis iqtisodchisi Klaus Schwab ijodiga mansub “To‘rtinchi sanoat inqilobi”dir. Dastlab 2017-yilning yanvarida chop etilgan kitobda zamonaviy dunyodagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar va inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi yangi texnologiyalarning ta’siri o‘rganilgan.

Sovet tashviqotidan xalos bo‘lish

“Bu kabi adabiyotlarni ona tilida o‘qish yoqimli”, deydi ostonalik 20 yashar Dauren Saburov.

“Bizga darslik sifatida foydalangan rus tilidagi ayrim kitoblar Sovet davridan qolgan bo‘lib, shu davr tashviqoti uchun xizmat qilgan”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Shu sababli, ushbu zamonaviy kitoblarga, ayniqsa ularning qozoq tilidagi nashriga ehtiyoj juda katta.”

14-aprel kuni kitoblar ko‘rgazmasida ishtirok etgan Saburov ba’zi kitoblarni xarid qilib ulgurgan. U qolgan kitoblarni ham sotib olish yoki kutubxonada o‘qishni rejalashtirmoqda.

Qozoq tilida nashr qilinishi kutilayotgan yana bir kitob – amerikalik olim Donald F. Kuratkoning “Tadbirkorlik: nazariya, jarayon va amaliyot” kitobidir. Mazkur kitob 30 yildan beri tadbirkorlik mahoratidan saboq berishda oltin standard bo‘lib xizmat qiladi.

Qozog‘iston Texnologiyalar va biznes universiteti talabasi Sanjar Jetpisbayev yaqin orada shu kitoblar asosida darslar o‘tilishidan umid qilmoqda.

“Bu kitoblar yangi o‘quv yiligacha bizga yetib kelishini istardim”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Bu juda tushunarli tilda yozilgan kitoblar, men ularning ba’zilarini ingliz tilida o‘qiganman. Ular qozoq tiliga tarjima qilinganidan juda mamnunman.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500