KIYEV, Ukraina – 15-may, seshanba kuni Ukraina davlat xavfsizlik xizmati Rossiya davlati nazoratida bo‘lgan RIA Novosti axborot agentligi va RT telekanalining zararli ta’sirini tekshirish maqsadida ularning Kiyevdagi ofislarida reyd o‘tkazgan.
“Tergov davom etmoqda, RIA Novosti va boshqa media-tuzilmalarda tintuv olib borilmoqda”, dedi Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) vakili Olena Gitlyanska AFP nashriga.
Gitlyanska o‘zining Facebook sahifasida Rossiya boshqaruvidagi OAV “Ukrainaga qarshi gibrid urushida qurol sifatida qo‘llanilganini” aytgan.
Shu kunning o‘zida Ukraina huquq-tartibot organlari “RIA Novosti”ning Ukrainadagi bo‘limi rahbari Kirilo Vishinskiyni davlatga xiyonat qilishda ayblab, o‘z uyi oldida hibsga olgan edilar.
Rossiya pasportiga ega, Ukraina fuqarosi bo‘lgan Vishinskiy 2014-yilda Qrimga kelgani va u yerda Rossiyaning yarimorolga bostirib kirganini oqlaydigan “buzg‘unchi” maqolalarni tayyorlaganlikda gumon qilinmoqda. U sharqiy Ukrainadagi ayirmachi guruhlar bilan hamkorlik qilishda ham ayblangan.
Tashviqot – gibrid urushining bir qismi
Raqiblarni tushkunlikka tushirish va chalg‘itish gibrid urushining asosiy maqsadlaridir, deydi Tbilisidagi Gruziya jamoatchilik bilan aloqalar instituti professori Tornike Sharashenidze Karvonsaroy nashriga.
“Gibrid urushi atamasi yaqinda paydo bo‘lgan, ammo bunday urush amaliyotda anchadan beri qo‘llaniladi. Albatta, Rossiya undan juda yaxshi va samarali foydalanib kelgan, dedi u.
“Rossiya tashviqoti soxta xabarlar tarqatib, qarshi tarafni ularni rad etish uchun kuch va vaqt sarflashga majbur qiladi, natijada muhim masalalarga e’tibor kamayadi, ular o‘zlarini himoya qilish va javob qaytarish bilan mashg‘ul bo‘lib qoladilar”, dedi Sharashenidze.
“Tashviqotchilar soxta yangiliklardan tashqari, jamiyatning kollektiv ongiga ta’sir qiluvchi “afsonalarni” yaratadilar”, deydi u.
“Nozik muammolar va hissiyotlarga qaratilganligi uchun ular maxsus tayyorlanadi”, dedi u. “Reja deb atalmishning mudhish tafsilotlarini eshitgan har qanday odam qo‘rquvga tushib, uning yolg‘on yoki rostligini tekshirib o‘tirmaydi.”
“Rossiya postsovet mamlakatlarda rus tili keng tarqalgani, ko‘plab mintaqalarda OAV yetarli rivojlanmagani hamda aholi Rossiya manbalaridan ma’lumot olishidan foydalanadi”, dedi Sharashenidze.
Dunyo bo‘ylab soxta xabarlar tarqatish
Markaziy Osiyoliklarning deyarli yarmi “Sputnik” va RT kabi Rossiya OAVga ishonmasligi yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnomadan ma’lum bo‘lgandi.
Ushbu so‘rovnoma natijalari Markaziy Osiyoda Rossiya ommaviy axborot vositalariga nisbatan ishonch yo‘qolib borayotgani haqidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi.
O‘z navbatida, o‘zbekistonliklar ham OAV va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalasida yanada hushyorroq bo‘lib bormoqdalar. Buning oqibatida ularning Rossiyaga tegishli manbalarga ishonchi yo‘qolib bormoqda.
Rossiyaning tashviqotga oid so‘nggi urinishlaridan biri – aprel oyida Suriyada sodir etilgan ehtimoliy hujumlar bo‘yicha yolg‘on-yashiq ma’lumotlar tarqatgani bo‘ldi. Bundan maqsad, Suriya rejimini himoya qilish bo‘lgan.
Afg‘onistondagi kuzatuvchilar va rasmiylar ham Rossiya ommaviy axborot vositalari mamlakatda tartibsizlik keltirib chiqarish uchun yolg‘on va buzuq ma’lumotlarni tarqatayotganini aytadilar.
Noqonuniy anneksiya
Seshanba kungi reydlar Rossiyani 2014-yilda Ukrainadan qonunga xilof ravishda tortib olingan Qrim yarimoroli bilan bog‘laydigan ko‘prik prezident Vladimir Putin tomonidan ochib berilishidan bir necha soat oldin boshlangan.
YI va AQSH sanksiyalari ko‘prik qurilishida ishtirok etayotganlar, asosan Putinning yaqin ittifoqchisi, biznesmen Arkadiy Rotenbergga qaratilgan. Uning “Stroygazmontaj” kompaniyasi qurilish bo‘yicha tenderni yutib olgandi.
Rasmiy Kiyev va G‘arb 2014-yilda yarimorolning anneksiya qilinishini “hududni noqonuniy bosib olish” sifatida baholab, qoralagan edi.
Ilk bor bunday ko‘prikni barpo etish taklifi Rossiyaning so‘nggi podshohi Nikolay II tomonidan ilgari surilgan, biroq bu reja Birinchi jahon urushi sabab amalga oshmay qolgandi.
16-may, chorshanba kungi bayonotida NATO Rossiyani (Moskva tarafidan bosib olingan) Qrim bilan bog‘lovchi ko‘prikning ochilishini qoralab, uni Ukraina daxlsizligining “navbatdagi buzilishi” deb baholagan.
Rossiya OAV yaxshi ish qilmayapti, yaxshi emas. Bu ketishda ularga hech kim ishonmay qo‘yadi va hamma bu OAVdan yuz o‘giradi
Javob berishFikrlar 1