OSTONA – O‘tgan hafta Ostonaga dunyoning 40 ta hukumat delegatsiyasi tashrif buyurgan KADEX-2018 xalqaro qurol-yarog‘ ko‘rmazmasiga mezbonlik qildi.
23-26-may kunlari bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada 28 davlatning mudofaa sanoati sohasidagi 318 ta xalqaro korxonasi, jumladan, AQSHning “IOMAX USA”, Isroilning “Elbit Systems”, Niderlandiyaning “Airbus Group” va boshqa kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.
“Ko‘rgazma davomida imzolangan shartnoma va kelishuvlar mudofaa sanoati sohasidagi mahalliy va xorijiy korxonalar rivojiga xizmat qiladi”, dedi 23-may kuni ko‘rgazmaning ochilishida so‘zga chiqqan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev.
“Bu shuningdek, sarmoyalarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini va umuman Qozog‘iston iqtisodiyotida raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi”, dedi u.
KADEX Markaziy Osiyoda bu turdagi yagona ko‘rgazmadir, dedi u.
“Ko‘rgazma 2010-yildan beri har ikki yilda o‘tkazib kelinmoqda”, dedi Qozog‘iston Mudofaa va aerokosmik sanoat vaziri o‘rinbosari Aset Kurmangaliyev Karvonsaroy nashriga.
“Qozog‘iston mudofaa vazirligi taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yishga harakat qilmoqda va KADEX-2018 ko‘rgazmasi bunga turtki bo‘lib xizmat qiladi”, dedi u.
Qurol-yarog‘ ko‘rgazmasini o‘tkazishdan asosiy maqsad – yangi shartnomalarni imzolash, qurol ishlab chiqaruvchilarni mamlakatga jalb qilish va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan qurollarni xorij bozorlarida sotilishini rag‘batlantirish, dedi Kurmangaliyev.