TOSHKENT – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ortidan qo‘shni Afg‘onistondagi temiryo‘l va infratuzilma loyihalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari paydo bo‘ldi.
Mirziyoyev va AQSH prezidenti Donald Tramp 15-17-may kunlari Vashingtonda keng ko‘lamli shartnomalarni imzolash, milliy xavfsizlik va madaniy almashuv sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdilar.
Oq Uyning uchrashuvga oid bayonotiga ko‘ra, Tramp Afg‘onistondagi temiryo‘l va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda O‘zbekistonga siyosiy va konsultativ yordam taklif etgan.
O‘zbekiston Hayraton - Mozori Sharif temir yo‘lini kengaytirishni rejalashtirmoqda. 2011-yilda ishga tushgan temiryo‘l, asosan, Osiyo taraqqiyot bankining mablag‘i evaziga bunyod etilgan.
Loyiha Afg‘onistonning barcha shimoliy viloyatlarini xalqaro temiryo‘l tarmog‘i bilan bog‘laydi. O‘zbekiston uni Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojida muhim rol o‘ynaydi deb hisoblamoqda.
O‘zbekiston yordamga shay
Shu maqsadda O‘zbekiston Afg‘oniston temir yo‘li qurilishi uchun 500 million AQSH dollari ajratadi, deb yozdi 26-mart kuni o‘z Twitter sahifasida Moliya vaziri Eklil Hakimiy.
Mirziyoyev Toshkentda 26-27-mart kunlari o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy aloqalar” anjumani doirasida Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashib, ushbu loyihani moliyalashtirishga kelishib olgan.
Hirotgacha temir yo‘li yotqizish uchun 1,8 milliard AQSH dollari kerak bo‘ladi, deb xabar berdi 29-mart kuni TOLOnews nashri Afg‘oniston Temir yo‘llari boshqarmasiga (AFRA) tayanib.
Temir yo‘li Afg‘onistonga har yili 40 million dollar daromad keltiradi va 30 mingta ish joyi yaratadi, deb xabar beradi AFRA.
“Zaruriy xavfsizlik choralari ko‘rilgan taqdirda O‘zbekiston bu temiryo‘lni tez va samarali tarzda qurib bitkazadi”, dedi O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot kotibi Oybek Mamadaliyev Karvonsaroy nashriga.
“O‘zbekiston mintaqadagi boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq temir yo‘llar barpo etmoqda”, dedi u.
“O‘zbekiston o‘tgan bir necha yil davomida Markaziy Osiyodagi eng uzun Qamchiq dovonidagi tunnel orqali katta temiryo‘l loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va eng yirik sayyohlik markazlarini Talgo poyezdlari bilan bog‘ladi, dedi Mamadaliyev.
AQSH bilan hamkorlikdagi strategik loyiha
Loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, u Mirziyoyevning Qo‘shma Shtatlarga tashrifining muhim natijalaridan biriga aylanadi, dedi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “Narodnoye Slovo” gazetasiga 22-may kuni bergan intervyusida.
Mirziyoyev “Afg‘onistonda temir yo‘lini barpo etish uchun Qo‘shma Shtatlar hal qiluvchi rolga ega xalqaro tashkilotlardan mablag‘ olish masalasini ko‘tardi”, dedi u.
“Bu loyiha Afg‘oniston uchun strategik ahamiyat kasb etibgina qolmay, uning amalga oshirilishi barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining geo-strategiya va geo-iqtisodiyotini o‘zgartirishi mumkin”, dedi Safoyev.
“Bundan tashqari, bu Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka olib boradigan doimiy jarayonlarni amalga oshirishda hal qiluvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin”, deydi u.
“Mirziyoyev uchun temiryo‘lni Hirotgacha uzaytirish tashqi siyosatdagi katta yutuq bo‘ladi. U O‘zbekistonning mintaqada yetakchiga aylanishi bilan yakunlanadi”, deydi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev Karvonsaroy nashriga.
“Ta’kidlash joiz, Mirziyoyev loyihani amalga oshirishda Qo‘shma Shtatlardan yordam so‘rab xato qilmadi”, dedi u.
“Mirziyoyev va Safoyevning bayonotlari O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda Qo‘shma Shtatlarni asosiy hamkor sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi”, dedi Asatullayev.