TOSHKENT – Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya nazorati ostidagi vebsaytida chop etilgan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining go‘yoki Toshkentdagi AQSH elchisiga yuborgan xati asosida yozilgan maqola ortida, katta ehtimol bilan Rossiya maxsus xizmatlari turibdi.
16-may kuni Kreml nazoratidagi “Russkaya Vesna” (Rus bahori) veb-sayti Yan Ostroumovning “Osiyoda jang yaqinlashmoqda: O‘zbekistonda ISHIDning 5000 jangarisi” deb nomlangan maqolasini chop etdi.
Maqolada 3-may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohitovning go‘yoki O‘zbekistondagi AQSH elchisiga yuborgan xati chop etilgan.
O‘zbekiston rasmiylari qalbaki deb atagan ingliz tilidagi nomada Abduvohitov Milliy xavfsizlik xizmatiga (MXX) asoslanib, “O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida 5000 ga yaqin ID terrorchilari joylashgani” haqida xabar bergan.
Unda Abduvohitov “AQSH va O‘zbekiston kuch tuzilmalari va maxsus xizmatlarining o‘zaro hamkorligiga aniqlik kiritishni” talab qiladi.
“Xatda Afg‘onistondagi vaziyatni nazorat qila olmayotgan va buning natijasida qo‘shni mamlakatlarda terrorizmning kuchayishiga sabab bo‘layotgan Vashingtonni ochiqchasiga tanqid qiladi”, deb yozadi “Russkaya Vesna” veb-sahifasidagina nomi chiqqan shubhali shaxs Ostroumov.
“Xatning qalbaki ekani aniq”
O‘zbekiston hukumati maktub borasida hech qanday izoh bermagan bo‘lsa-da, Karvonsaroyning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi ismi sir qolishini istagan manba “uning qalbaki ekanligiga” shubha qilmasligini aytdi.
“O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida hujjatlar almashinuvi bilan tanish bo‘lgan har qanday odam bu xat vazirlikda yozimaganini payqay oladi. Ular umuman boshqacha uslubda yoziladi”, dedi manba Karvonsaroy nashriga.
Maktubni qalbakilashtirganlar vazrirlikdagi haqiqiy xatlardan birini skanerlaganlar, Tashqi ishlar vazirligining xatboshi va Abduvohitovning imzosidan foydalanib, unga o‘zlarining soxta matnlarini joylaganlar, dedi manba.
“Matning o‘zidan aniq ko‘rinib turibdi, diplomatlar bu kabi yuqori darajada bunday yo‘sinda so‘zlashmaydilar”, dedi manba. “Nozik masalani muhokama qilish kerak bo‘lsa, ular yuzma-yuz uchrashishadi... Odatda, milliy xavfsizlikka oid masalalar prezidentlar darajasida muhokama qilinadi.”
Surxondaryo viloyatida yashovchilar ham maktubda keltirilgan iddaolarni rad etganlar. Ularga ko‘ra, hududga minglab jangarilarning kirib kelganini ko‘rsatuvchi hech qanday belgilar yo‘q.
“Surxondaryoda hammayoq tinch”, deydi Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahridan bo‘lgan Abduvalixo‘ja Nomozbekov Karvonsaroy nashriga. “Ayni damda Termizda shaharni obodonlashtirish va uy-joylarni ta’mirlash bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.”
Viloyatda “5000 ta uyoqda tursin, hatto ikkita ham jangari topilmaydi”, dedi u.
Rossiya qo‘llab-quvvatlovidagi OAV
“Russkaya Vesna” veb-sayti kim tarafida ekanligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
“Biz haqimizda” bo‘limida Rossiyaning Suriyadagi harbiy qo‘mondonligi va Ukrainadagi tan olinmagan, rossiyaparast Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining “axborot vazirlaridan” kelgan minnatdorchilik maktublari chop etilgan.
Sayt hamkorlari orasida “Novorossiya parlamenti” nomini olgan, Donetsk va Luganskda shakllanib, uzoq yashamagan konfederatsiyaning qonun chiqaruvchi organi ham bor.
Rossiya razvedkasining aloqadorligi
“Buning ortida Rossiya maxsus xizmatlari turganiga zarracha shubha yo‘q”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan Karvonsaroy bilan suhbatda.
"Aftidan, bu bilan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazish maqsad qilingan”, dedi. “Zero, ushbu ma’lumot 16-may – (Vashingtonda) AQSH va O‘zbekiston prezidentlari uchrashadigan kuni tarqatilgani tasodif emas.”
O‘zbekistondagi mahalliy OAV va mustaqil ekspertlar ushbu soxta xabarni zudlik bilan fosh etdilar. O‘zbekistondagi eng ommabop yangiliklar sayti bo‘lgan Kun.uz maktubni “feyk” deb atab, uning tarqalishida Rossiya ommaviy axborot vositalarini ayblagan.
“Biz Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillarini sog‘lom fikrlashga chaqiramiz va kelajakda O‘zbekistonga qarshi axborot xurujlari bilan shug‘ullanmaslikni so‘raymiz” deb yozgan edi Kun.uz eksperti Ulug‘bek Akbarov 17-may kuni.
O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan “Uzbekistan Today” davlat nashri ham soxta xabar mualliflarini “ommaviy psixoz” keltirib chiqarishga urinishda ayblagan.