OSTONA – Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi Telegram xabar almashish ilovasi asoschisi Pavel Durovni Rossiya senzurasi va Kremlning foydalanuvchilarni nazorat qilish harakatlariga qarshi kurashi uchun taqdirlar ekan, bu bilan senzura va davlat aralashuviga qarshi uzil-kesil javob berdi.
Uyushma Durovni “senzuraga va internetda erkin ma’lumot almashishga davlatning aralashuviga qarshi prinsipial pozitsiyasi” uchun maqtagan.
Aprel oyida Durov Telegramning shifrlash kalitlarini Rossiya maxsus xizmatlariga taqdim etishdan bosh tortganidan so‘ng,Rossiyaning “Roskomnadzor” senzura agentligi mashhur ilovani sud qarori asosida taqiqlash jarayonini boshlagan edi.
Sud Durovga u Federal xavfsizlik xizmati (FSB) talablarini bajarsa va ilovaning shifrlash kalitlarini taqdim etsa, hukumat taqiqni bekor qilishini aytgan.
Keyinchalik Durov Rossiya hukumati tomonidan qo‘yilgan talablar “shaxsiy hayot daxlsizligi va maxfiylik siyosatiga xilof ekanini” bildirgan.
Durov 2014-yilda “TechCrunch” nashriga bergan intervyusida Rossiyani qaytmaydigan bo‘lib tark etgani haqida gapirgan edi.
“Afsuski, bugungi kunda mamlakat internet-biznes uchun to‘g‘ri kelmaydi”, degan edi u.
Forbes nashri bir vaqtning o‘zida Rossiyaning eng mashhur ijtimoiy tarmog‘i – Vkontakte.com asoschisi ham bo‘lgan Durovni 2016–2017-yillarda Rossiyaning 200 ta eng badavlat biznes rahbari ro‘yxatiga kiritgan edi. 2018-yilda Durov 1,7 mlrd. dollarlik mulki bilan ushbu reytingning 58-qatoridan o‘rin egalladi.
Qozoqlar va qirg‘izlar: Rossiya “haddidan oshdi”
Olmaotalik mashhur jurnalist, Qozog‘iston nashriyotchilar va matbaa mahsulotlarini tarqatuvchilar uyushmasining sobiq rahbari Tanat Kojmanovning fikricha, Qozog‘iston jurnalistlari Rossiyadagi senzura borasida o‘z pozitsiyalarini bildirishlari kerak.
“Mashhur xabar almashish ilovasiga kirish huquqini talab qilish – shaxsiy hayotga kirish huquqini talab qilish bilan teng”, dedi u. Rossiya maxsus xizmatlari axborot makonida nazoratni kuchaytirish va kengaytirishga urinish bilan chegaradan chiqayotgani aniq. Telegramni taqiqlash – insonning erkin axborot olish va tarqatishdek asosiy huquqlariga nisbatan tajovuzdir.
Qozog‘iston jurnalistlar uyushmasi tomonidan senzuraga qarshi kurashi uchun Durovga berilgan mukofot – “o‘rinli, o‘z vaqtida amalga oshirilgan va muhim ahamiyatga ega qaror”, dedi Qirg‘izistonning hukumatga aloqador bo‘lmagan jurnalistlar uyushmasi raisi Azamat Kasibekov.
“Durov jurnalist bo‘lmasa-da, so‘z erkinligiga hissa qo‘shdi, boisi – ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalari kabi internet resurslari axborot manbalari hisoblanadi va ommaviy axborot vositalari vazifasini bajaradi”, dedi u Karvonsaroyga. “U hukumat tarafidan bo‘lgan bosimga qaramay, bu ishni amalga oshirdi”.
Kasibekovning so‘zlariga ko‘ra, Kreml axborotni nazorat ostiga olishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida Telegramni taqiqlashga urinmoqda.
Baxtga ko‘ra, hech qanday senzura vositalari 100 foiz samarali bo‘la olmaydi, deb qo‘shimcha qildi u.
“Mutloq nazorat o‘rnatish imkonsiz”, dedi u. Erkin fikr almashish niyatida bo‘lganlar internetga kirib, kamroq nazorat qilinadigan, o‘zlari istagan narsani yozishga imkon beradigan platformalardan foydalanadilar. Ular baribir taqiqlarni chetlab o‘tish yo‘lini topadilar”.
Erkinlikka qarshi davomli hujumlar
“Telegram xabar almashish ilovasining taqiqlanishi – Rossiya hukumatining internetdagi so‘z erkinligiga qarshi olib borgan bir qator hujumlarining so‘nggisi”, dedi Amnesty International tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyodagi rahbari o‘rinbosari Denis Krivosheyev 12-aprel kungi bayonotida.
“Oxirgi bir necha yil davomida Rossiya hukumati so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi sanoqli platformalarga qarshi doimiy hujum uyushtirib keldi”, dedi u.
“So‘nggi yillarda Rossiya hukumati mamlakatda erkin fikr bildirishga imkon beruvchi oz sonli maydonlarni nishonga olib kelayotgan edi”, deya davom etadi Krivosheyev o‘z bayonotida. “Ular o‘zlarini tanqid qiluvchi saytlarini bloklab, ularga ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha og‘ir shartlar qo‘ydilar va Rossiyadan tashqaridagi OAVlarni “xorijlik josuslar” deb atadilar.”
30-aprel kuni Amnesty International va boshqa 25 ta xalqaro tashkilot tomonidan e’lon qilingan ochiq xatda Rossiyadan “Telegramni bloklashni va internetdagi erkinlikka qarshi hujumlarni to‘xtatish” talab qilingan.