Karvonsaroy
Biznes

Qozog‘iston yirik moliyaviy markazga aylanish niyatida

Kseniya Bondal

Piyodalar Ostonadagi EXPO pavilyonlarida sayr qilmoqdalar, may oyi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, Qozog‘iston poytaxti mintaqadagi asosiy moliya markaziy va vaqti kelib “Osiyodagi yetakchi moliya markazlaridan biriga” aylanishni rejalashtirmoqda. (Vladimir Tretyakov)

Piyodalar Ostonadagi EXPO pavilyonlarida sayr qilmoqdalar, may oyi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, Qozog‘iston poytaxti mintaqadagi asosiy moliya markaziy va vaqti kelib “Osiyodagi yetakchi moliya markazlaridan biriga” aylanishni rejalashtirmoqda. (Vladimir Tretyakov)

OLMAOTA – Qozog‘iston o‘z poytaxti Ostonani xorijiy sarmoyadorlarga o‘z mablag‘larini xavfsiz investitsiya qilishga imkon beradigan mintaqadagi eng muhim moliyaviy markazlardan biriga aylantirishni mo‘ljallamoqda.

Prezident Nursulton Nazarboyev Ostona Qozog‘iston poytaxti deb e’lon qilinganiga 20 yil to‘lishi arafasida – 5-iyul kuni Ostona Xalqaro moliya markazini (AIFC) tantanali ravishda ochib berdi.

50 davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etgan rasmiy marosim chog‘ida Nazarboyev xorijiy va mahalliy kompaniyalarni markaz bilan ishlashga taklif etdi.

“Men shu yerdagi barcha hamkorlarga loyihamizda ishtirok etganlari va uni faol qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman”, dedi Nazarboyev tadbirda. “Bizning o‘zaro manfaatli hamkorligimiz faqat kuchayadi, deb umid qilaman. Ostona mintaqaning asosiy moliyaviy markazi va kelajakda Osiyoning yetakchi moliyaviy markaziga aylanishi zarur.”

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristin Lagard (chapda) va Qozog‘iston sobiq bosh vaziri Karim Masimov XVJ mintaqaviy anjumanida. Anjuman 2018-yil, 24-may kuni Ostona Iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tgan. (Ilyas Omarov/AFP)

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori Kristin Lagard (chapda) va Qozog‘iston sobiq bosh vaziri Karim Masimov XVJ mintaqaviy anjumanida. Anjuman 2018-yil, 24-may kuni Ostona Iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tgan. (Ilyas Omarov/AFP)

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (o‘ngda) Fransiyaning eng yirik moy ishlab chiqaruvchi korxonasi “Total” bosh direktori bilan suhbatlashmoqda, Ostona, 2015-yil, 14-aprel. (Ilyas Omarov/AFP)

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (o‘ngda) Fransiyaning eng yirik moy ishlab chiqaruvchi korxonasi “Total” bosh direktori bilan suhbatlashmoqda, Ostona, 2015-yil, 14-aprel. (Ilyas Omarov/AFP)

Kelasi 10 yil davomida mamlakatga jami 40 milliard AQSH dollariga teng (13,8 trillion tenge) xorijiy mablag‘ kirib kelishi mumkin, degan edi u 2016-yilning may oyida.

Kompaniyalar jalb etilmoqda

Ostona xalqaro moliya markazida 55 dan ortiq kompaniya ro‘yxatdan o‘tdi, dedi markaz rahbari Kairat Kelimbetov 5-iyul kuni tantanali marosim oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

2018-yilning oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 100 taga, 2020-yilda esa 500 taga yetadi, dedi u.

AIFC allaqachon yirik moliya muassasalari, jumladan, Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar bilan hamkorlik qilmoqda, deydi Kelimbetov.

AIFCning Xorijiy mutaxassislar markazi chet el sarmoyadorlarining Qozog‘istonda istiqomat qilishi uchun 250 ta viza taqdim etdi. Xorijiy mutaxassislar markazi viza olish xizmatlarini ingliz tilida taqdim etadi, chet el kompaniyalarining xodimlari, ularning oila a’zolari uchun uy-joy va farzandlari uchun maktab topishlariga va mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga yordam beradi.

“Dubay va Abu-Dabidagi moliyaviy markazlarning “yagona darcha” tamoyili eng yaxhi tajriba hisoblanadi”, dedi Kelimbetov, xalqaro tadbirkorlardan me’yoriy hujjatlarni qabul qiladigan yagona muassasa yoki joyni nazarda tutib.

“Xorijiy mamlakatga tashrif buyurganingizda, odatda, tezda sharoitga moslashib ketish qiyin bo‘ladi”, dedi u. “Moslashuv muammosi Qozog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimiga ta’sir qilmasligi kerak, deb hisoblaymiz.”

Xorijiy sarmoya uchun erkin sharoitlar

Yevroosiyo mintaqasida manfaatdor investorlar uchun Qozog‘istonning ahamiyati tobora oshib bormoqda, dedi Olmaotada joylashgan “Freedom Finance” investitsiyaviy kompaniyasi bosh direktori Timur Turlov Karvonsaroy nashriga.

O‘zgarishlar 2014-yilning mart oyida xalqaro hamjamiyatning Ukrainadan noqonuniy ravishda Qrimni tortib olgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etganidan keyin yuz berdi, dedi u.

Qozog‘istonning sarmoyadorlar uchun yaratib berayotgan erkin sharoitlarini hisobga olsak, “Ostona xalqaro moliyaviy markazi Rossiyaga tegishli bo‘lib kelgan moliya poytaxti nomini qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyatga ega”, dedi u.

“Biz bir mamlakatdan ikkinchisiga pul o‘tkazish tobora qiyinlashib borayotgan zamonda yashayapmiz”, dedi Turlov.

“Shu bois, qozog‘istonlik va xorijlik sarmoyadorlar hamda badavlat insonlar uchun chet eldagi boyliklarni boshqarish tobora noqulay bo‘lib bormoqda. Siz Shveytsariya bankiga osongina kelib, hisob ochib, 10 mln. dollar o‘tkaza olmaysiz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fondlarning manbalarini tekshirish va ularning noqonuniy emasligini tasdiqlash jarayoni murakkablashgan, sababi jahon miqyosida pul yuvish amaliyotlariga va terrorizmga qarshi kurash chora-tadbirlari kuchaytirilgan.

Yaxshi obro‘

Qozog‘iston xorijiy sarmoyadorlar orasida yaxshi obro‘ga ega, deydi Olmaotada og‘ir sanoat uchun uskunalar sotishga ixtisoslashgan “Liana” do‘konining rahbari Serj Davtyan.

U kompaniyani 2016-yilda boshqa armani investorlar bilan birga ishga tushirgan edi.

“Qozog‘istonning nufuzi yuqori, chunki shu paytgacha hech kim Qozog‘iston orqali “pul yuvishga” urinmagan”, dedi Davtyan Karvonsaroyga.

“Bu yerda ekstremistik tashkilotlar paydo bo‘lmagan”, deb qo‘shimcha qildi u. “Qozog‘istonning xorijiy sheriklar orasidagi obro‘si yaxshi, mamlakat banklari chet ellik mijozlar bilan ishlashda pul jo‘natish uchun cheklovlar joriy etmagan”.

Qozog‘iston bank sektorida Ostona xalqaro moliya markazi mamlakatda xorijiy banklarning filiallarini ochishga ko‘maklashishi imkoniyati faol muhokama qilinmoqda, deydi CenterCredit bankining Olmaotadagi xodimi Saule Imanbay Karvonsaroyga.

Bunday xorijiy filiallar markaz ishtirokchilari uchun pul va qimmatli qog‘ozlarni saqlash vazifasini bajaradi, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500