BISHKEK – Qirg‘izistonning din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi “E’tidoq erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Yangi qonun-qoidalardan ko‘zlangan maqsad – din va davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish, deydi tahlilchilar.
Bishkekdagi Qirg‘iziston-Rossiya slavyan universitetining dinshunoslik bo‘yicha eksperti Indira Aslanovaning aytishicha, bundan 10 yil avval qabul qilingan dinga oid qonun hozirda ancha eskirib qolgan.
Uning aytishicha, yangi qonun loyihasi 2014 va 2018-yillardagiga nisbatan mukammalroq.
“Unda bir-biriga zid keluvchi moddalar yo‘q va umuman, din sohasini tartibga solish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar belgilangan”, dedi u Karvonsaroyga.
Nazoratning kuchayishi
Rasmiylar mamlakat bo‘ylab diniy sohadagi faoliyat ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi.
Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi rahbari Zayirbek Ergeshovning 3-iyul kuni “Interfaks” agentligiga ma’lum qilishicha, endilikda barcha namozgohlar, ibodatxonalar va boshqa shu kabi diniy marosimlar o‘tkaziladigan joylar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.
Uning so‘zlariga ko‘ra, namozgohlar va ibodat uchun mo‘ljallangan xonalar “har yerda va to‘g‘ri kelgan joyda”: kafelar, restoranlar, bozorlar va savdo uylarida ochib tashlangan.
“Biz bu namozxonalar, ibodat xonalarining devorlari ortida nimalar bo‘layotganidan bexabarmiz. Biz hatto, ular kimga tegishli ekanligini, ularda nimalarga da’vat qilinishini ham bilmaymiz. Qayerdan bilamiz, balki ular Qirg‘izistonda taqiqlangan radikal diniy oqimlarni targ‘ib qilishayotgandir?”, deydi u.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi loyihasi bo‘lgan “Nastoyascheye Vremya” telekanalining 9-iyul kungi xabariga ko‘ra, qonunda voyaga yetmaganlarning huquqlari ham himoya ostiga olingan.
Bolalarga ko‘chalarda da’vat bilan shug‘ullanish, shuningdek, ularning masjid yoki ibodatxonalarda ishlashi taqiqlanadi. Bugungi kunda bolalar masjidda haq to‘lanmaydigan ishlarni bajaradilar, masalan, namozxonlarning qo‘llariga obdastadan suv quyadilar.
Bolalar diniy marosimlarda faqat ota-onalarining ruxsati yoki ularning o‘zlari bilan ishtirok etishlari mumkin.
Jamoatchilik fikrini o‘rganish
Davlat shuningdek, Qirg‘iziston ta’lim va fan vazirligi tomonidan diniy ta’lim muassasalariga litsenziya berish va ularni sertifikatlashning yangi tartibini joriy etmoqda.
Diniy o‘quv yurtlari o‘z ta’lim dasturiga tarix, jamiyatshunoslik, tillar kabi dunyoviy fanlarni kiritishi kerak bo‘ladi.
Aslanovaning ta’kidlashicha, tilga olingan so‘nggi chora ortiqchadir.
Uning aytishicha, diniy ta’lim muassasalarini litsenziyalash chorasi ortiqcha, sababi diniy soha Ta’lim vazirligi vakolatiga kirmaydi.
“Diniy tashkilotlar o‘z ta’lim uslubi, qadriyatlari, tarixiga ega. Shu bois ham u yerdagi ta’lim dunyoviy ta’limdan farq qiladi”, dedi u Karvonsaroyga.
“Bu borada yagona standartni joriy qilish umkonsiz”, dedi u. “Ro‘yxatga olish bo‘yicha texnik talablarni belgilash mumkin, bu ishni esa din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi uddalaydi”.
Ayni paytda hukumat taklif etilayotgan islohotlar yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganmoqda, bu qonunning yakuniy shakliga ta’sir qilishi mumkin. Kuzatuvchilarga ko‘ra, qonun loyihasi parlament a’zolari yozgi ta’tildan qaytganidan so‘nggina qabul qilinadi.
Taʼlim vazirligi xodimlari maktabga formasiz keladigan oʻquvchilar masalasini tez-tez koʻtarib turishadi. Vazirlik xodimlari maktablarda hijobda yurishga ruxsat berib, maktab oʻquvchilarining formasi haqidagi nizomni buzmoqdalar. Faqat nizomni emas, balki mamlakatning bosh qonunini, dunyoviy davlat konstitutsiyasini ham. Maktablarda formada yurish kerak yoki har kimga xohlagan kiyimida yurishga ruxsat berish kerak.
Javob berishFikrlar 4
Davlat xizmatchilari – dunyoviy insonlar, OAV va h.k. oʻzlari hayit va juma namozlariga borib, respublika aholisi orasida diniy tashkilotlarni reklama qiladilar. Bu bilan ular davlatning dunyoviy ekanligi koʻrsatilgan Qirgʻiziston respublikasi konstitutsiyasiga xilof ish tutmoqdalar. Shu sababli ham diniy arboblar davlat siyosatiga aralashib, baʼzida parlament, hukumat va hatto prezident yuritayotgan siyosatni eʼtiborsiz qoldirmoqdalar. Davlat xizmatchilariga diniy ehtiyojlarni qondirish taqiqlanmagan, biroq ular u yerga oʻz xizmat vakolatlaridan foydalangan holda borishlari va davlat nomidan chiqishlari notoʻgʻri. Aksincha, ular bu kabi tadbirlarda diniy ehtiyojlarini ado etayotgan oddiy fuqaro sifatida ishtirok etishlari kerak. Davlat muassasalari, tashkilotlarida namozxonalar tashkil etilmasligi kerak. Davlat tizimida ishlovchilar bu masalada juda sokin va ehtiyotkor boʻlishlari va oʻz ehtiyojlarini fuqaro sifatida ado etishlari kerak, xolos. Masjidlar qurilishi uchun investorlarning pullariga yer maydonlari ajratishga zarurat yoʻq, bu bilan ular odamlarning islomiylashuviga yoʻl ochib bermoqdalar. Respublikada namozxona, masjid va madrasalar shundoq ham juda koʻp. Maktablarda oʻquvchilarning formasi haqidagi masalaga kelsak. Dindor oʻquvchilar maktabga hijobda boradilar. Bu bilan maktablardagi forma toʻgʻrisidagi nizom va forma kiygan oʻquvchilarning insoniy huquqlari buzilmoqda.
Javob berishFikrlar 4
Iltimos, radiokarnaylardan foydalanishni taqiqlashsin, qolgan odamlarda ham huquq borku.
Javob berishFikrlar 4
Barcha bolalarga dunyoviy bilim berilishi kerak, 18 yoshdan keyin esa o‘zlari yuqori ta’limni tanlashsin...
Javob berishFikrlar 4