Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Qirg‘izistondagi qotillik kelin o‘girlash odatiga qarshi nafratni kuchaytirdi

AFP

Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari uning o‘limiga 40 kun to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ko‘z yosh to‘kmoqdalar, So‘quluq, 28-iyun. Qiz Chuy viloyati ichki ishlar idorasida uni o‘g‘irlagan shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan edi. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari uning o‘limiga 40 kun to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda ko‘z yosh to‘kmoqdalar, So‘quluq, 28-iyun. Qiz Chuy viloyati ichki ishlar idorasida uni o‘g‘irlagan shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan edi. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

SO‘QULUQ, Qirg‘iziston – Qizning uyi oldida barpo etilgan o‘tov ichida ayol qarindoshlar 40 kunlik motam kuni uni eslab yig‘ladilar.

“Kenja qizim edi u. Yuvosh va juda tarbiyali edi”, deydi marhumaning onasi Gulnara Kojanaliyeva AFP nashriga ko‘z yoshlarini tiya olmay.

“Uning kelajakdagi umidlari katta edi”, dedi u imom tilovat qilayotgan o‘tov ichida o‘tirganicha.

Tibbiyot bilim yurtining 20 yashar talabasi Burulay Turdaali Qizi kelajakda bolalar shifokori bo‘lishni va o‘zi anchadan beri taniydigan yigit bilan turmush qurishni niyat qilgan edi.

Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari uning fotosuratini uyi yonida qurilgan o‘tov oldiga joylashtirmoqdalar, So‘quluq, 28-iyun. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Burulay Turdaali Qizining qarindoshlari uning fotosuratini uyi yonida qurilgan o‘tov oldiga joylashtirmoqdalar, So‘quluq, 28-iyun. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Maktab o‘quvchilari kelin o‘g‘irlash odatiga qarshi namoyishga chiqishgan, Bishkek, 9-iyun. Ular 27-may kuni o‘g‘risi tomonidan o‘ldirilgan tibbiyot bilim yurtining talabasi Burulay Turdaali Qizining suratini ko‘tarib olganlar. (Asker Sultanov)

Maktab o‘quvchilari kelin o‘g‘irlash odatiga qarshi namoyishga chiqishgan, Bishkek, 9-iyun. Ular 27-may kuni o‘g‘risi tomonidan o‘ldirilgan tibbiyot bilim yurtining talabasi Burulay Turdaali Qizining suratini ko‘tarib olganlar. (Asker Sultanov)

Ammo, u may oyida Chuy viloyati Jayil tumanidagi ichki ishlar idorasida uni o‘g‘irlagan kimsaning rashki tufayli halok bo‘ldi.

Uning jasadini ko‘rgan qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, 30 yashar gumondor qizning tanasiga sevgilisi va o‘zining ismini o‘yib yozgan, ammo politsiyachilar bu da’voni rad etmoqdalar.

Bu hujum millatni larzaga solib, minglab namoyishchilarning ko‘chalarga chiqishiga va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) hamda inson huquqlari tashkilotlarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Turdaali Qizi o‘z o‘g‘risiga qarshi guvohlik berishni kutib turgan paytda pichoqlangani sabab, 23 politsiya xodimi beparvolikda ayblanib, ularga nisbatan intizomiy, ishdan chetlatish va lavozimidan ozod qilish choralari ko‘rilgan.

“Qonga qon”

Turdaali Qizining oliasi organ xodimlari hisobotini qabul qilishdan bosh tortdi, uning onasi esa mamlakatning adliya tizimini tanqid qildi.

“Mamlakat bo‘ylab adolat hukmron bo‘lgandagina kelin o‘g‘irlash odati barham topadi”, dedi Kojanaliyeva.

Qurbonning amakisi “oila tashabbusni o‘z qo‘liga olishi kerakligini” aytgan.

“Qonun ishlamas ekan, o‘zimiz chora ko‘rishimiz kerak. Qonga qon, jonga jon”, dedi Seyit Kojanaliyev AFP nashriga.

“Qanday qilib o‘g‘ri ichki ishlar idorasida uni bunday vahshiylarcha o‘ldira oldi?”, deydi u g‘azabini yashirolmay.

Ichki ishlar organlari xabariga ko‘ra, gumondor hujumdan keyin pichoqni o‘ziga urgan va qamoqqa olinishdan avval shifoxonaga yetkazilgan.

Jarayon davom etayotganiga qaramay, unga qotillik ayblovi qo‘yilmoqda, shu bilan birga, uning sherigiga nisbatan ham tergov ishlari olib borilmoqda.

Adolat qaror topmadi

Kelin o‘g‘irlash amaliyoti Qirg‘izistonning ko‘chmanchilik davridan mavjud bo‘lib, Sovet davrida ham kichik ko‘lamda bo‘lsa-da davom etgan.

Bu odatning paydo bo‘lishiga ijtimoiy mutaasiblik va qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda kelishilgan to‘ylar an’anasining sustligi, shu bilan birga, qishloqda yashovchi nochor oilalarning qalin puli bera olmasligi sabab bo‘lgan, degan fikrlar ham bor.

Qirg‘izistonda uylanish maqsadida qiz o‘g‘irlashga yetti yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Ammo, tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, qonun risoladagidek qo‘llanilmaydi.

Muammo “huquqni muhofaza qilish va sud amaliyotida”, dedi Qirg‘izistondagi BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) gender masalasi bo‘yicha koordinatori, bishkeklik Umutay Dauletova.

BMTTDning o‘tgan yilgi tadqiqotiga ko‘ra, kelin o‘g‘irlanishiga oid jinoiy ishlarning 70 foizi to‘xtatilgani aniqlangan, dedi Dauletova.

Qirg‘izistondagi BMTTD idorasining hukumat ma’lumotlariga asoslanib xabar berishicha, mamlakatda har besh nikohdan biri aynan kelin o‘g‘irlanishi ortidan tuziladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili faqat bir nafar shaxs kelin o‘g‘irlashda ayblanib qamoqqa olingan.

Erkaklar mas’ulyatsizligi

O‘tgan oyda minglab namoyishchilar Bishkekdagi norozilik amaliyotlarida ishtirok etdilar, ulardan birini Ta’lim vazirligi qo‘llab-quvvatlagan.

Deputat Doston Bekeshev Ichki Ishlar vazirligi binosi yaqinida Turdaali Qizi xotirasi uchun yodgorlik barpo etishni taklif qildi.

Uning ko‘pchilik hamkasblari sukut saqlaganliklari uchun tanqidga uchraganlar.

Ijtimoiy tarmoqda mashhur bo‘lib ketgan videoda deputat Aysuluv Mamashova nima uchun parlamentda bu dolzarb masalani faqat ayol deputatlar ko‘tarib chiqishini so‘roqlar ekan, erkaklarni ma’suliyatsizlikda aybladi hamda bu “millat muammosi” ekanini ta’kidladi.

Ikki norozilik namoyishidan birini tashkillashtirishda muhim rol o‘ynagan model va televideniye yulduzi Assol Moldokmatova kelin o‘g‘irlash muammosi stereotip, taqiq va “odamlar nima deydi” degan tushunchalar ta’sirida avj olganini aytadi.

An’anaga nisbatan “qarshilik to‘lqinini” keltirib chiqargan qotillik bu holatni o‘zgartirishga yordam berishi mumkin, dedi Moldokmatova. U namoyishlardan keyingi kunlarda jinsiy zo‘ravonlik qurbonlaridan 7000 ga yaqin xabarlar olinganini aytgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qurbonning rasmi bormi?

Javob berish