Karvonsaroy
Xavfsizlik

Maxsus kuchlar mashg‘ulotlari O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi kengayib borayotganidan darak bermoqda

Aydar Ashimov

Askarlar “Dasht erkinligi” deb nomlangan qo‘shma aksilterror mashqlarida ishtirok etmoqdalar, 16-iyul kuni Ostonada olingan surat. (Qozog‘iston mudofaa vazirligi)

Askarlar “Dasht erkinligi” deb nomlangan qo‘shma aksilterror mashqlarida ishtirok etmoqdalar, 16-iyul kuni Ostonada olingan surat. (Qozog‘iston mudofaa vazirligi)

OSTONA – Qozog‘iston va O‘zbekistonning maxsus qo‘shinlari qo‘shma aksilterror mashqlarida ishtirok etmoqdalar. Bu – ikki mamlakat o‘xshash tahdidlar qarshisida o‘zaro hamkorlik va tushunishni mustahkamlayotganidan darak bermoqda, deydi rasmiylar va tahlilchilar.

“Dasht erkinligi” mashg‘ulotlarining birinchi bosqichi 16-iyul kuni Olmaota viloyatida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Qozog‘iston mudofaa vazirligi.

“Mashqlar dasturiga ko‘ra, dron yordamida hududda noqonuniy qurolli bo‘linma borligi aniqlanadi. Maxsus kuchlar aviatsiyani yo‘naltirish hamda jangarilarni yo‘q qilish uchun ushbu hududga tashlanadi”, dedi shaxsi noma’lum qolishini istagan Qozog‘iston razvedkasi bo‘limi qo‘mondoni Karvonsaroy nashriga.

Maxsus kuchlar ikkita jangovar qiruvchi samolyot va dron boshqaruvidagi artilleriya qo‘llab-quvvatlovi bilan “jangarilarni” yo‘q qilishdi, deb qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi 13-iyul kuni Olmaotaga tashrif buyurdi. (Qozog‘iston mudofaa vazirligi)

O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi 13-iyul kuni Olmaotaga tashrif buyurdi. (Qozog‘iston mudofaa vazirligi)

“Qozog‘iston va O‘zbekiston maxsus kuchlari belgilangan vazifalarni to‘liq bajardi”, dedi Qozog‘iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakov. “Qo‘shma mashqlarning birinchi bosqichi maqsadiga erishildi.”

“Mashqlarning ikkinchi bosqichini O‘zbekistonning Forish mashg‘ulotlar markazida o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz”, dedi u. Ularning sanasi hozircha aniq emas.

“Tashrif davomida ko‘plab muammolar hal etildi. Tezkor kuchlarning jangovar tayyorgarligi va kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan to‘liq tushunish va muvofiqlikka erishdik”, deb qo‘shimcha qildi u.

“Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar maxsus kuchlarimiz o‘rtasida uyg‘unlik va o‘zaro tushunish mavjudligini ko‘rsatdi”, dedi O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov.

Hamkorlikni rivojlantirish

Qo‘shma mashqlar Markaziy Osiyoning bu ikki mamlakati o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi misolidir.

29-iyun kuni Toshkentda Qozog‘iston va O‘zbekiston xavfsizlik kengashlarining ilk muzokaralari bo‘lib o‘tgan edi.

Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikning joriy muammolari va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi vaziyat hamda harbiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratildi, deb xabar berdi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning rasmiy vebsayti.

13-iyul kuni Azizov rahbarligidagi delegatsiyaning Qozog‘istonga tashrifi bilan muzokaralar davom ettirildi. Jasuzakov bilan birgalikda delegatsiya a’zolari harbiy obyektlar, jumladan, Jetigendagi mashg‘ulotlar markaziga tashrif buyurdilar.

Tashrif chog‘ida rasmiylar mudofaaga oid qator hamkorlik shartnomalarini imzoladilar. Ikki davlat ham ularga alohida izoh bermadi.

“Dasht erkinligi” mashg‘ulotlari “bu boshlanishi xolos, keyinchalik biz bundan-da keng miqyosli mashg‘ulotlarni o‘tkazamiz”, dedi Jasuzakov uchrashuv davomida.

Tahdidlarga birgalikda qarshi turish

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, ikki mamlakat ham o‘xshash tahdidlarga ro‘baro kelmoqda va ularni birgalikda hal qilish ustida ishlashi kerak.

Ostonalik siyosatshunos Abdi Ismailovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo qarshisidagi ikki tahdid ularni birlashtirmoqda.

Mudrab yotgan mahalliy terrorchilik to‘dalari xalqaro terrorchilik tashkilotlari ta’sirida faollashishi mumkin. Tashqi va ichki terrorizm tahdidlari hamon mavjud”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“So‘nggi vaqtlarda boshqa xavflar ham tez-tez tilga olinmoqda”, dedi u. “Kreml siyosati ham ko‘pchilik mutaxassislarni xavotirga solmoqda, chunki rossiyalik siyosatchilarning imperialistik rejalari Markaziy Osiyoga ham yetib kelishi ehtimoli bor.”

“Hozirda hududda haqiqiy tahdidlar mavjud, ammo Qozog‘iston va O‘zbekiston barqarorlik kafolati vazifasini bajarmoqda”, degan edi qozog‘istonlik siyosatshunos Islam Kurayev 4-iyul kuni chop etilgan “Karavan” gazetasidagi maqolada. “Afg‘onistondagi notinchlikdan foydalangan terrorchilar mamlakatni muammosiz kesib o‘tmoqdalar, u yerdan esa Markaziy Osiyogacha bir qadam.”

O‘zbekistonlik siyosatshunos Alisher Samigjonov Kurayevning fikrlarini tasdiqlar ekan, terrorchilikning xavfiga e’tibor qaratib, hamkorlikdagi choralarga ehtiyoj borligini ta’kidlaydi.

“Geografik joylashuvi sabab, tahdidlar Qozog‘istonga nisbatan O‘zbekistonga ko‘proq ta’sir etadi”, degan edi Samigjonov “Karavan”da chop etilgan ayni intervyuda.

“Shunday bo‘lsa-da, terrorchilik xavfi yuzaga kelgan taqdirda, NATO harbiy imkoniyatlari boshqaruvidagi xalqaro kuchlar bilan birgalikda harakat qilish kerak bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500