Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Chimkent Qozog‘istonning uchinchi eng yirik shahriga aylanadi

Aydar Ashimov

Chimkent xiyoboni, iyun oyi. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

Chimkent xiyoboni, iyun oyi. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

CHIMKENT, Qozog‘iston – Shaharning istiqboldagi rivojini ko‘zlayotgan Chimkent vakillari 28-iyul kuni ostonalik hamkasblari bilan mintaqaviy hamkorlik forumi doirasida uchrashdilar.

Ushbu chora-tadbirlar joriy yil Chimkent aholisining bir milliondan oshishishi ortidan boshlandi. Chimkent Qozog‘istonda Ostona va Olmaotadan keyin megapolis nomini olish uchun harakat qilmoqda.

Shahar hokimligining xabar berishicha, Ostona-Chimkent mintaqalararo hamkorlik biznes forumi Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan.

“Biznes, rivojlantirish tashkilotlari va hukumat idoralari tadbirkorlik, investitsiya imkoniyatlari, davlat va xususiy sektor hamkorligi, Smart City (Aqlli shahar) konsepsiyasi hamda iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish sektorini raqamlashtirish bo‘yicha mintaqaviy dasturlarni muhokama qildilar”, deyiladi xabarda.

Ishchi Chimkent transport-logistika markazida konteynerlarning tashilishini kuzatmoqda, may oyida olingan surat. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

Ishchi Chimkent transport-logistika markazida konteynerlarning tashilishini kuzatmoqda, may oyida olingan surat. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

Farzandi bilan o‘ynayotgan ota, Chimkent, iyun. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

Farzandi bilan o‘ynayotgan ota, Chimkent, iyun. (Chimkent hokimiyati matbuot xizmati taqdim etgan surat)

Poytaxt Ostona va janubiy shahar Chimkentning biznes va hukumat idoralari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik prezident Nursulton Nazarboyevning may oyida Chimkentni iqtisodiy markazga aylantirish haqidagi farmonidan so‘ng boshlangan.

Astana Times xabariga ko‘ra, 19-iyun kuni Nazarboyev Chimkentni Ostona va Olmaota qatorida “milliy ahamiyatga molik” shahar deb e’lon qilgan edi.

Islohotlar doirasida hukumat Chimkent joylashgan Janubiy Qozog‘iston viloyatini Turkiston viloyati deb qayta nomladi. Chimkent bevosita milliy hukumat rahbarligi ostidagi mustaqil ma’muriy hududga aylandi – bugungi kungacha faqat Ostona va Olmaota shunday maqomga ega edi.

“Chimkent nafaqat bizning mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun investitsiyalar, texnologiyalar va intellektual manbalarning yangi markaziga aylanadi. Buning uchun barcha sharoitlar va zaruriy salohiyatga egamiz”, degan Nazarboyev marosim chog‘ida prezidentning rasmiy sayti xabariga ko‘ra.

Qozoq-o‘zbek savdosiga ko‘maklashish

O‘tgan yilning dekabr oyida Chimkent transport-logistika markazining ochilishi shahar iqtisodiyoti o‘sib borayotganining yana bir belgisi bo‘ldi.

Sanoat va iste’mol tovarlarini saqlash va qayta ishlash vositalariga ega markaz Chimkent aeroporti va temiryo‘l stantsiyasi yaqinida joylashgan.

“Bu yerda konteynerlar terminali, turli harorat rejimiga ega omborxonalar bor. Mutaxassislar tovarlarni bojxona rasmiylashtiruviga ko‘maklashadilar”, deydi logistika yo‘nalishi operatori Elnur Duisenov.

“Logistikaga oid barcha ishlar yo‘lga qo‘yib bo‘lingan, bu yerda aeroport va temiryo‘lga olib boruvchi katta avtomobil yo‘llari bor”, dedi u.

Transport-logistika markazining ochilishi Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilashga imkon beradi, dedi u.

New Times ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mazkur transport-logistika markazi Ostona-Chimkent-Toshkent “yashil yo‘lagi”ning bir qismi hisoblanadi. Markaz orqali Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yiliga 250 ming tonnadan 400 ming tonnagacha yuk tashilishi kutilmoqda.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yili 1,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Katta salohiyatga ega tarixiy shahar

Tarixchilarga ko‘ra, Chimkentga bundan 2000 yil ilgari asos solingan.

“Sovet davrida bu provinsial shahar edi, o‘sha vaqtlarda Qozog‘iston mustaqillikka erishganidan so‘ng bu shahar bir million aholiga ega yirik megapolisga aylanishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan”, dedi ostonalik tarixchi Nagima Mukatova Karvonsaroyga.

Chimkent aholisi bu yil 1 milliondan oshdi.

Milliy iqtisodiyot vazirligiga ko‘ra, 2018-yilning birinchi yarmida sanoatni rivojlantirish uchun Chimkent shahriga 241 mlrd. tenge (700 mln. AQSH dollari) investitsiya kiritilgan.

“Shahar jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda, unda yashayotgan har kim buni his etmoqda, turarjoy binolari, korxonalar, bolalar bog‘chalari va maktablar barpo etilmoqda. Shahrimiz Qozog‘istonning eng yirik uch shahridan biriga aylanganidan juda xursandman”, deydi chimkentlik 57 yashar Askar Ukubayev Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Men shahrimni yaxshi ko‘raman, farzandlarim va nabiralarim shu yerda yashashlarini xohlayman”, deydi Ukubayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500