Karvonsaroy
Terrorizm

Yangi qonun O‘zbekistonning ekstremizmga qarshi kurash yo‘lini belgilab beradi

Maksim Yeniseyev

Suriyada jang qilayotgan “Imom Buxoriy jamoati” ekstremistik guruhining YouTube kanallaridan birida e’lon qilingan videoda guruh amiri Abu Yusuf tasvirga olingan. O‘zbekiston yaqinda ekstremizmni aniqlash va uning oldini olish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. [File]

Suriyada jang qilayotgan “Imom Buxoriy jamoati” ekstremistik guruhining YouTube kanallaridan birida e’lon qilingan videoda guruh amiri Abu Yusuf tasvirga olingan. O‘zbekiston yaqinda ekstremizmni aniqlash va uning oldini olish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. [File]

TOSHKENT – 1 noyabrdan kuchga kiradigan ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi yangi qonun O‘zbekiston fuqarolari va huquqshunoslar tomonidan iliq qarshi olindi.

12-iyun kuni parlamentning quyi palatasi “Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. U 28-iyun kuni Senat tomonidan ma’qullandi va 30-iyulda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Deputatlar xalqaro tajribani inobatga olgan holda, 2018-yil uchun davlat harakatlari dasturining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rilgan mazkur qonun loyihasi ustida fevral oyidan beri ish olib borayotgan edilar.

“Men bu qonun loyihasini juda dolzarb deb bilaman, chunki mamlakatimiz butun dunyo uchun tobora ochiq bo‘lib bormoqda”, deydi toshkentlik 42 yashar Oybek Ochilov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Markaziy Osiyolik ekstremistlar uchun Turkiyada Zokir Rahimov tomonidan tayyorlangani iddao qilingan soxta pasport namunasi, iyul oyidagi surat.(O‘zbekiston-24 telekanalidan olingan kadr)

Markaziy Osiyolik ekstremistlar uchun Turkiyada Zokir Rahimov tomonidan tayyorlangani iddao qilingan soxta pasport namunasi, iyul oyidagi surat.(O‘zbekiston-24 telekanalidan olingan kadr)

“Biz qonunlarimizni liberallashtirib, viza tartibini soddalashtirdik. Ekstremistik tashkilot va guruhlar bundan foydalanib qolishni xohlashi mumkin”, dedi u.

Ekstremistlar muammosi dolzarbligicha qolmoqda

Gallup institutining Qonun ustuvorligi va tartib indeksida O‘zbekiston 142-mamlakat ichida 5-o‘rinni egallaydi. Ushbu reyting respondentlarning himoyalanganlik hissi, jinoyat darajasi va mahalliy huquq-tartibot organlari faoliyatining ishonchliligini belgilovchi jahon reytingi hisoblanadi.

Shunga qaramay, radikallashuv va terrorchilikka yollash hamon jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda..

Yaqinda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Turkiyada yashovchi qidiruvdagi o‘zbekistonlik ekstremist Zokir Rahimovni hibsga oldi. Bu haqda “O‘zbekiston-24” telekanali 19-iyul kuni xabar berdi.

2000-yildan beri qidiruvda bo‘lgan Rahimov 1990-yillarda Afg‘onistondagi O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) a’zosi bo‘lganini tan olgan.

2001-yildan so‘ng, u Pokistonga va keyinchalik Eronga qochishga majbur bo‘ldi, o‘sha yerga joylashib, O‘IHdan ajralib chiqqan guruh – “Islomiy jihod ittifoqi” a’zosiga aylandi.

Rahimov Eronda ekstremistlar va terrorchilar uchun soxta hujjatlar tayyorlashga yordam bergan. U Turkiyaga ko‘chib o‘tganidan so‘ng ham shu ishni davom ettirib, Markaziy Osiyolik ekstremistlarga Afg‘oniston va Pokistondagi jangarilar maskanlariga yetib olishga ko‘maklashgan.

Ayni paytda uning ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Ektremizm ta’rifi

Qonunda “ektremizm” tushunchasi “ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasidagi konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga, hokimiyatni va u bilan bog‘liq vakolatlarni zo‘rlik bilan qo‘lga kiritishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘ashga qaratilgan jinoiy hatti-harakatlar” sifatida ta’riflangan.

Qonundagi eng muhim yangiliklardan biri “ekstremistik tashkilot” tushunchasining kiritilganidir, deydi toshkentlik advokat Muslima Hakimova Karvonsaroyga.

“Shu paytgacha qonunchilikda biror tashkilotni ekstremistik deb tan olish va uni tugatish mexanizmlari mavjud bo‘lmagan”, dedi u.

Qonun hukumatga ekstremistik deb topilgan tashkilotlar faoliyatini to‘xtatishga ruxsat beradi. Yangi qonunga binoan, tashkilotning qaysidir tarkibiy qismlaridan biri ekstremistik faoliyat olib borayotgani aniqlansa, tashkilot ekstremistik deb topiladi.

Ekstremistik tashkilot deb topilishi uchun, Bosh prokuratura guruhga ekstremistik faoliyatni to‘xtatish haqida buyruq berishi va o‘zini o‘nglab olish imkoniyatini taqdim etishi lozim.

Agar guruh o‘z xulq-atvorini o‘zgartirmasa, Bosh prokuratura guruh haqida Oliy sudga bayonnoma yuboradi va shu tariqa uni ekstremistik deb topish haqida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.

Taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxati internetda e’lon qilib boriladi.

“Shuni alohida qayd etish kerakki, hukumatning barcha qaror va qonunlari mazkur qonun talablariga mos kelishi shart”, dedi Hakimova.

“Bu juda muhim, sababi, shu paytga qadar ekstremizmga qarshi kurash bir-biriga zid va chalkash hujjatlar asosida olib borilgan”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

​Bu jangari guruhlar parchalanib yo‘q qilinishi zarur! Dunyoda bu guruhlardan juda ko‘pchilik aziyat chekmoqda!

Javob berish

Bu qonun zamon talabi

Javob berish