OSTONA – Yaqinda Qozog‘istonning shovqin-suronli poytaxti Ostonada yaratilgan graffiti suratlari mahalliy aholi va sayyohlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Ko‘cha san’ati yaqindan beri Markaziy Osiyo bo‘ylab ommalasha boshlagan. Qozog‘iston shaharlari va viloyatlaridagi ko‘pgina rassomlar o‘zlari yashaydigan joylarni ijodlari bilan bezamoqdalar, ularning ayrimlari mahalliy va milliy mavzularda ishlangan.
Ilk suratlar shaharning Sariarka tumani hokimiyati tashkillashtirgan “Urban Art Astana - 2018” musobaqasi doirasida chizilgan edi. Musobaqa shahar aholisini san’atning mazkur bilan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan edi.
“Ariza topshirganlarning 70 tasidan shaharning turli joylarida chiziladigan 26 ta eskiz tanlab olindi”, deyilgan musobaqa vebsaytida.

Tarixiy voqealarni qog‘ozga tushirayotgan qiz. Shamol ularni uzoq o‘tmishga uchirib ketmoqda. 14-avgust kuni Ostonada olingan surat. (Aydar Ashimov)
Rassomlar graffiti asarlarini turarjoy binolariga chizishgan. Ular tunda proyektorlar yordamida devorlarga chizmalar chizib, kunduzi esa ularni bo‘yaydilar.
Dam olish kunlari gidlar sayyohlarga graffitilarni ko‘rsatadilar, xohlovchilar u yerda suratga tushishlari mumkin.
“Bu kabi qiziqarli tur uchun rahmat! Barcha san’at asarlari o‘ziga xos, mislsiz va iliq ruhda bajarilgan. Ular menga shu darajada ko‘tarinkilik baxsh etganidan, uyimdagi devorlarga ham rasm solishni xohlab qoldim”, dedi onlayn izoh qoldirgan tur ishtirokchilardan biri.
Suratlar taqdimoti 6-iyul – Ostona 1997-yil dekabrda mamlakat poytaxti deb e’lon qilingani munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlari oldidan rejalashtirilgan edi.
Bezatilgan binolarning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, izoh qoldirganlarning aksariyati o‘z tahsinlarni ifoda etganlar.
Suratlar ostida “Rahmat, siz shaharni jonlantirdingiz!”, “Bunday go‘zalliklar ko‘paysa yanayam yaxshi bo‘lardi”, “Zo‘r loyiha! Yaxshi ish!”, “Chiroyli!” kabi izohlar yozib qoldirildi.
“Bu ajoyib. Bu kabi go‘zallik odamlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etadi”, deydi ostonalik 32 yashar Aygerim Yesmaxova Karvonsaroy nashriga.