https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2018/08/27/feature-01
| Din

O‘zbekistonda noqonuniy diniy maktablar faoliyatiga barham berilmoqda

Maksim Yeniseyev

image

Noqonuniy diniy maktabda dars o‘tayotgan muallim, O‘zbekiston davlat telekanali efiridan olingan kadr.

TOSHKENT – O‘zbekiston hukumati 2018-yilning birinchi yarmida 116 ta noqonuniy hujra faoliyatiga chek qo‘ydi. O‘tgan yili ularning soni 33 tani tashkil etgan.

14-avgust kuni “O‘zbekiston-24” telekanalida efirga uzatilgan “Hujradagi zulmat” ko‘rsatuvida aytilishicha, o‘rta va boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan bunday hujralarda muallimlar Islomni buzib talqin qilib ta’lim berganlar.

Ayrim hujralar bolalarga ta’lim berish huquqiga va diniy ilmga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarni yollab, qonunni bizganlar. Ta’lim beruvchilarning ko‘pchiligi bolalarni och qoldirish yoki yakka holda qamab qo‘yish kabi shafqatsiz va haqoratomuz jazo choralarini qo‘llashda ayblanmoqdalar.

Barcha 116 hujra asoschilari jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ular jamoatchilik uchun xavf tug‘diradigan materiallarni tayyorlash va tan jarohati yetkazishda ayblanmoqdalar.

image

Noqonuniy diniy maktabda Qur’on o‘rganayotgan o‘quvchilar, O‘zbekiston davlat telekanali efiridan olingan kadr.

Bolalarning kaltaklanishi o‘zbek jamiyatini larzaga soldi

Surxondaryolik 6 yashar Muhammadsodiq Abdurahmonov o‘tgan yilning dekabr oyida hujradagi o‘qituvchisi Sherali Ibodov tomonidan kaltaklanishi natijasida hayotdan ko‘z yumdi. Sud Ibodovga yetti yillik qamoq jazosi tayinlagan.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati Muhammadsodiqning qarindoshlaridan biri bilan bog‘langan. U Ibodov o‘zining hamma o‘quvchilarini kaltaklaganini aytgan.

“Bunday maktablarda bolalarga bilim berilmaydi”, dedi toshkentlik Kamilla Nodirova Karvonsaroy nashriga. “Biz dunyoviy davlatda yashaymiz, har bir bola dindan xoli ta’lim olishga haqli.”

“Har bir bola zo‘ravonlikdan himoyalanishi kerak”, deb davom ettirdi Nodirova. “Fikrimcha, noqonuniy maktablarga qarshi yanada qattiqroq kurashish zarur.”

O‘zbekistonda xususiy diniy ta’lim ta’qiqlangan, deydi toshkentlik huquqshunos Muslima Hakimova Karvonsaroy nashriga.

“Qonunga ko‘ra, ta’lim tizimi dindan butunlay ajratilgan”, deb qo‘shimcha qildi u. “Ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlargina diniy maktablarni ochishlari mumkin. Bundan tashqari, diniy maktablarda (O‘zbekistonning) 11 yillik majburiy umumta’lim maktabini tamomlagan, voyaga yetgan fuqarolargina tahsil olishi mumkin.”

Shu tariqa diniy maktablar faqat o‘rta ta’lim yoki universitet sifatida faoliyat yuritishi mumkin (boshlang‘ich ta’lim muassasasi hech qachon diniy bo‘la o‘lmaydi), deb ta’kidladi u.

O‘zbekiston hukumati noqonuniy diniy maktablarning ta’siriga qarshi kurash maqsadida maktablar va oliy ta’lim muassasalarida islomiy ta’limni jadal rivojlantirmoqda va islom ta’limotiga imkon qadar ko‘proq yoshlarni jalb qilishga intilmoqda.

2017-yilning iyun oyida Buxoroda universitet darajasidagi “Mir Arab” madrasasi ochildi.

Bir vaqtning o‘zida Toshkentda hukumat Islom Sivilizatsiyasi Markazini barpo etishda davom etmoqda.

Ekstremistlarga yordam berishda diqqat-e’tibor zarur

Kuzatuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tarafidan yopilgan ko‘p sonli hujralar tashvishlanish uchun asosli sababdir.

“Hujralar milliy xavfsizlikka tahdid soladi”, dedi toshkentlik siyosatshunos Umid Asatullayev Karvonsaroy nashriga.

Diniy malakaga ega bo‘lmagan odam – o‘quvchilar ongini zaharlash istagidagi ekstremist bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirdi u.

“Ularga qarshi turish uchun diniy ta’limga oid qonunlarimiz bor”, deb qo‘shimcha qildi Asatullayev hujralardan foydalanayotgan shaxslarni nazarda tutib.

Hukumat o‘tgan yil radikallarni avf etish bilan shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin, dedi Asatullayev. Bu bilan u prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari tomonidan ekstremizmda ayblangan yoki gumon qilinganlarni qora ro‘yxatdan chiqarganini nazarda tutgan.

2017-yilda hukumat 18 ming kishini bu ro‘yxatdan o‘chirib tashlagan, deb xabar bergan edi Karvonsaroy mart oyida.

Hujralarni tashkil qilganlarning ayrimlari ekstremistlarning rasmiy ro‘yxatida avval ham bo‘lgan, deyiladi 14-avgust kuni efirga uzatilgan ko‘rsatuvda.

Ko‘rsatuvda 2002-2017-yillarda ushbu ro‘yxatda bo‘lgan Hizb ut-Tahrir a’zosi Muhabbat Ro‘ziyeva bilan bog‘liq holatga e’tibor qaratiladi. Rasmiylarga ko‘ra, u ro‘yxatdan olib tashlangani zahoti noqonuniy ta’lim berishni boshlagan.

Ro‘ziyeva singari retsidivistlar uchun amnistiya “har doim ham o‘zini oqlamasligi mumkin”, dedi Asatullayev. “Hukumat ularning nomzodini ko‘rib chiqishda e’tiborliroq bo‘lishi yoki sinov muddatini joriy etishi kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?

11
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha *

Davlatning oʻzi din erkinligini taʼminlay olmaydi va bolalar uchun maxsus Islomiy maktablar tashkil qilmaydi.
Davlat Islomdan yuz oʻgiradi va oxir-oqibat tanazzulga uchraydi.
Bu ochiq haqiqat.

Javob berish