Karvonsaroy
Xavfsizlik

AQSH harbiylari qozoq tinchlikparvarlarini Livanga borishga tayyorlamoqda

Aydar Ashimov

“Dasht burguti - 2018” mashqlari davomida AQSH armiyasiga qarashli vertolyot ekipaji tibbiy evakuatsiya jarayonini olib bormoqda, MakKreydi trening markazi, 17-avgust. (AQSH armiyasi milliy gvardiyasi)

“Dasht burguti - 2018” mashqlari davomida AQSH armiyasiga qarashli vertolyot ekipaji tibbiy evakuatsiya jarayonini olib bormoqda, MakKreydi trening markazi, 17-avgust. (AQSH armiyasi milliy gvardiyasi)

OSTONA – Oktabr oyida 120 nafar qozog‘istonlik tinchlikparvarlar guruhi Livanga yo‘l oladi, u yerda ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) missiyasiga qo‘shiladilar. Mashg‘ulotlar Qo‘shma Shtatlar va boshqa davlatlar ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Bungacha tinchlikparvar kuchlar 5-26-avgust kunlari Janubiy Karolinadagi “MakKreydi” trening markazida o‘tkazilgan “Dasht burguti - 2018” mashqlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar, deb xabar berdi Qozog‘iston harbiy havo kuchlari matbuot markazi.

“Dasht burguti” mashg‘ulotlari har yili o‘tkaziladigan ko‘p millatli mashg‘ulotlar bo‘lib, “unda ishtirok etayotgan davlatlar qurolli kuchlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash va AQSH Markaziy qo‘mondonligining mas’uliyat hududida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan”, deyiladi 23-avgust kuni e’lon qilingan Pentagon mudofaasining vizual axborot tarqatish xizmati (DVIDS) bayonotida.

Mashg‘ulotlar AQSH armiyasi tomonidan Britaniya qurolli kuchlari, Tojikiston tinchlikparvarlar kuchlari, Turkiya armiyasi va o‘zbekistonlik kuzatuvchilar ko‘magida o‘tkazildi.

“Dasht burguti - 2018” mashqari davomida qozog‘istonlik askarlar “yaralangan” sheriklarini vertoyotgacha olib borish uchun zambilga bog‘lamoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

“Dasht burguti - 2018” mashqari davomida qozog‘istonlik askarlar “yaralangan” sheriklarini vertoyotgacha olib borish uchun zambilga bog‘lamoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

“Dasht burguti - 2018” mashqlarida qozoq askarlari simulyatsiya qilingan dushman hujumiga javob qaytarmoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

“Dasht burguti - 2018” mashqlarida qozoq askarlari simulyatsiya qilingan dushman hujumiga javob qaytarmoqda. (Arizona milliy gvardiyasi)

DVIDS xabariga ko‘ra, “Dasht burguti” mashg‘ulotlari qozog‘istonlik askarlarni BMTning tinchlikparvar operatsiyalarini o‘tkazishga tayyorlaydi, dedi Buyuk Britaniya armiyasi mayori Stiv Kiyer.

BNews.kz nashrining 22-iyun kungi xabariga ko‘ra, Qozog‘istonning tinchlikparvar kuchlar bo‘linmasi batalyon sifatida 2000-yildan beri faoliyat olib borgan va joriy yilda polkka aylantirildi, dedi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Talgat Muxtarov. Polk BMT standartlariga muvofiq tayyorlangan va boshqa davlatlarning tinchlikparvarlar kuchlari faoliyatiga mos keladi, deb qo‘shimcha qildi u.

Kelayotgan missiyaga tayyorgarlik

Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, rasmiylar 24-avgust kuni Ostonada qozoq tinchlikparvar kuchlarining Livanga yuborilishi bo‘yicha memorandumni imzolaganlar.

Ostona televideniyesining iyun oyida bergan xabariga ko‘ra, qozog‘istonlik askarlar Livandagi xizmatni o‘tash jarayonida o‘z vatanlaridagidan uch barobar ko‘proq maosh olishadi. Bundan tashqari, BMT har bir qozog‘istonlikka 1410 AQSH dollar (520 million tenge) oylik maosh to‘laydi.

“Oktabr oyida Livanga qozog‘istonlik tinchlikparvar kuchlarning 120 kishidan iborat ilk rotasi yo‘l oladi. 6 oydan so‘ng, ularning o‘rnini ikkinchi guruh egallaydi, dedi Qozog‘iston tinchlikparvarlari polki shtab boshlig‘i Jonibek Nurlanov.

“Biz “Dasht burguti - 2018” mashqlarining Livandagi vaziyatga monand holatda tashkil etilishini so‘ragan edik”, deydi Nurlanov.

“Iltimosimiz inobatga olindi – sharoit va taktik vaziyat biz so‘ragan sharoitga maksimal darajada mos bo‘ldi. Biz bebaho bilim va tajribaga ega bo‘ldik. Ular mazkur mamlakatda harbiy xizmatni o‘tashimizda bizga asqotishi shubhasiz”, dedi u.

“Biz “MakKreydi” poligonida o‘zimizga ajratilgan hududni egalladik”, dedi u. “Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, tinchlikparvarlik missiyamiz o‘tayotgan mamlakatning shartli nomi “Lizar” edi. Biz patrul nazorati olib borib, blok-postlar tashkil qildik, mahalliy aholi bilan muzokaralar o‘tkazib, gumanitar yuklarni manzillariga kuzatdik”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Lizar”dagi vaziyat notinch edi.

Ko‘plab terrorchi guruhlar mamlakatning janubiy qismini ajratib olish va qonuniy hukumatga har tomonlama qarshilik ko‘rsatishga harakat qildilar, dedi u.

Tinchlikparvar kuchlar o‘z vazifalarini doimiy terakt xavfi ostida bajardilar, dedi u.

Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik

Nurlanovga ko‘ra, tinchlikparvarlik operatsiyalarini o‘tkazish taktikasi doimo o‘zgarib turadi, har yilgi mashg‘ulotlar esa ilg‘or tajriba almashish va yangi tinchlikparvarlik missiyalarga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.

“Dasht burguti” harbiy o‘quv mashg‘ulotlari 2003-yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. 2012-yildan ushbu mashqlar NATOning “Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik” dasturiga kiritilgan.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 2015-yilda “Dasht burguti” mashqlari Qozog‘istonda o‘tkazilgan.

O‘shanda kompyuter simulyatsiyasiga asoslangan jamoaviy shtab mashqlari ham o‘tkazilgan, ularda nizolar va taktik modellashtirish bo‘yicha kompyuter dasturidan foydalanilgan edi.

“Dasht burguti” harbiy o‘quv mashqlari Qozog‘istonda 2017-yilda ham o‘tkazilgan. Qozog‘iston mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashqlarni NATO ekspertlari va AQSH, Britaniya, Turkiya, Tojikiston va qirg‘izistonlik harbiy zobitlar kuzatganlar.

Amerika va britaniyalik yo‘riqchilar rahbarligida o‘tgan o‘quv mashg‘ulotlarida patrul nazorati, transport magistrallarini qo‘riqlash, gumanitar yuklarni kuzatib borish, minalarni zararsizlantirish va birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish mashq qilingan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500