Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Ostonada afg‘on ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalasi muhokama etildi

Aydar Ashimov

7-iyun kuni Hirot viloyatida afg‘on ayollari muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan xayriya yordamini olishmoqda. (Hoshang Hoshimiy/AFP)

7-iyun kuni Hirot viloyatida afg‘on ayollari muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan xayriya yordamini olishmoqda. (Hoshang Hoshimiy/AFP)

OSTONA – Ostona shahrida “Afg‘onistonda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzuidagi mintaqaviy anjuman o‘tkazildi. Tadbir xalqaro minbarda Afg‘oniston ayollari ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash va xabardorlikni oshirishga qaratilgan.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bayonotida xabar berilishicha, konferensiyada Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Armaniston, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlaridan rasmiylar, tahlilchilar va inson huquqlari faollari ishtirok etdilar.

5-sentyabr kuni o‘tkazilgan tadbir “Afg‘on ayollarining iqtisodiy mustahkamlanishi orqali barqaror iqtisodiy rivojlanish”, “Mintaqaviy hamkorlik orqali iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish” va “Afg‘onistonlik ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishda ta’lim va yangi bilimlarning roli” mavzuidagi suhbatlarni o‘z ichiga oldi.

“Qozog‘iston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqaror rivojlanishga erishish uchun afg‘onistonlik ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda”, deyiladi bayonotda.

5-sentyabr kuni Ostonadagi konferensiyada so‘zga chiqqanlar afg‘onistonlik xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro jamoatchilikning bu boradagi xabardorligini oshirish kerakligiga e’tibor qaratdilar. (Aydar Ashimov)

5-sentyabr kuni Ostonadagi konferensiyada so‘zga chiqqanlar afg‘onistonlik xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro jamoatchilikning bu boradagi xabardorligini oshirish kerakligiga e’tibor qaratdilar. (Aydar Ashimov)

5-sentyabr kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan afg‘on ayollari muammosiga bag‘ishlangan mintaqaviy anjuman broshyuralari. (Aydar Ashimov)

5-sentyabr kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan afg‘on ayollari muammosiga bag‘ishlangan mintaqaviy anjuman broshyuralari. (Aydar Ashimov)

Afg‘onistonlik talabalar 14-iyul kuni Bibi Saroy o‘quv-mutolaa markazida kompyuter saboqlarini o‘rganmoqdalar. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, afg‘on ayollarining 80 foizi mamlakatda ayollar bilan vaziyatni yaxshilash zarurligini aytgan. (Hoshang Hoshimiy/AFP)

Afg‘onistonlik talabalar 14-iyul kuni Bibi Saroy o‘quv-mutolaa markazida kompyuter saboqlarini o‘rganmoqdalar. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, afg‘on ayollarining 80 foizi mamlakatda ayollar bilan vaziyatni yaxshilash zarurligini aytgan. (Hoshang Hoshimiy/AFP)

Anjumanda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Qairat Abdrahmanov afg‘onistonliklarning manfaatini himoya qilish Qozog‘iston uchun muhimligini ta’kidladi.

“Afg‘onistonda davom etayotgan xavfsizlikka tahdidlar va boshqa muammolar Birlashgan Millatlar Tashkiloti yetakchiligida mintaqadagi boshqa mamlakatlar va xalqaro hamjamiyatning doimiy ko‘magiga muhtoj”, dedi u.

Qozog‘istonlik ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan va taqdim etilgan “Afg‘onistondagi missiya bajarilishi mumkin” deb nomlangan hujjatli film anjuman mehmonlarini afg‘onistonlik ayollar har kuni duch keladigan xavflardan boxabar etgan.

“Biz ochlik va tolibonlarning zoravonliklaridan aziyat chekdik. Tolibonlar yurtimni bosib oldi va uni vayron qildi”, dedi hujjatli filmda ko‘rsatilgan ayollardan biri.

“Ayollarga nisbatan bo‘layotgan shafqatsizliklarga misollar ko‘p”, dedi u. “Qizlarni 9-10 yoshda nikohga olishadi, kaltaklashadi. Agar ayol kishi ko‘chada yolg‘iz ketayotgan bo‘lsa, erkaklar unga qo‘pol va shafqatsiz muomala qiladilar.”

Ta‘lim olishga imkon yaratish

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha davlat diplomatiyasi va mintaqaviy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Emiliya Puma Afg‘onistondagi vaziyatni yaxshilashda Qozog‘istonning “alohida rolini” ta’kidlab o‘tdi.

“Afg‘oniston va afg‘onistonlik ayollar duch kelayotgan muammolarga Qozog‘iston alohida e’tibor qaratadi”, dedi u anjumanda.

“Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston bilan birgalikda urushga barham berish uchun harakat qilmoqda”, dedi u. “Biz bu davlatda ayollar xavf ostida bo‘lishlarini istamaymiz.”

Afg‘onistonlik ayollarning sakson foizi ularga ta’lim olish imkoniyatini yaratish va erkaklar bilan bir xil huquq berilish orqali ularning ahvollari yaxshilanishi kerakligini aytishmoqda, dedi Puma Afg‘onistonda yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga asoslanib.

O‘z o‘rnida, Qozog‘iston 2014-2020-yillar davomida 1000 ta afg‘onistonlik talabani o‘qitishga oid loyihani amalga oshirish uchun 50 million AQSH dollariga (19 milliard tenge) teng mablag‘ ajratdi.

Qozog‘iston ta’lim va fan vazirligiga ko‘ra, dastur doirasida 700 nafar afg‘onistonlik talaba Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida, 300 nafari esa mamlakat bo‘ylab turli kasb-hunar kollejlarida tahsil olmoqdalar. Ayrimlar Afg‘onistonga qaytishni boshlagan.

Shularning 200 tasi tibbiyot, yana 135 tasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan o‘quv yurtlarida ta’lim oldilar. Qolganlar muhandislik, gumanitar yoki o‘qituvchilik yo‘nalishlarida ta’lim olishmoqda.

Yevropa Ittifoqi ushbu loyihani afg‘on ayollari ta‘limiga alohida e’tibor bergan holda moliyalashtirishga yordam berishi kutilmoqda.

YI bayonotiga ko‘ra, Qozog‘istonda tahsil olgan barcha afg‘onistonlik mutaxassislar – muhandislar, shifokorlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va hamshiralar o‘z uylariga qaytmoqda, ularning aksari ish bilan ta’minlanmoqda.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston: hamkorlikdagi sa’y-harakatlar

Afg‘onistonda ayollar qo‘shimcha xavf-xatarlarga duch kelmoqdalar, dedi Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Altinay O‘murbekova. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda faollashgan terrorchilar bugungi kunda ayollarga nisbatan tajovuzni kuchaytirmoqda.

“Mazkur konferensiyada qabul qilingan qarorlar Afg‘onistondagi opa-singillarimizning huquqlarini kengaytirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Shunday bo‘lsa-da, biz xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatloviga muhtojmiz”, dedi u konferentsiyadan so‘ng jurnalistlarga.

“Biz Bishkekda Afg‘oniston tadqiqotlari markazini ochish niyatidamiz. U Afg‘onistondek birodar mamlakatga qanday yordam berishimiz mumkinligi borasidagi muhokamalar va qarorlar qabul qilish maydoniga aylanadi”, dedi u.

“Yuqori sifatli, zamonaviy ta‘lim va xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishi jamiyatda farovonlik va barqarorlikni ta’minlaydi”, deydi O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Tanzila Norboyeva Karvonsaroyga.

O‘zbekistonning Termiz shahrida o‘quv markazida faoliyat ko‘rsatmoqda, unda 100 ga yaqin afg‘onistonlik yigit-qiz tahsil olmoqda, deb ta’kidladi u.

“Yaqin kelajakda O‘zbekiston afg‘onistonlik qizlar uchun yangi o‘quv dasturlarini boshlaydi. Ular Afg‘onistonda talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bepul oliy ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, dedi u.

“Baxtli ayol – har qanday mamlakat uchun farovonlik garovidir”, deydi Norboyeva.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500