OLMAOTA – Yaqinda YouTube tarmog‘ida Suriyadagi qozog‘istonlik ekani aytilgan ikki jangarining qozoq hukumatiga tahdid o‘laroq yo‘llagan videomurojaati ekstremizm muammosini yana kun tartibiga olib chiqdi.
8-sentyabr kuni YouTube saytida e’lon qilingan videomurojaatda o‘zini qozog‘istonlik deb tanishtirgan shaxslardan biri videolavhaning 30-avgust kuni Suriyada suratga olinganini aytar ekan, Aqto‘be, Atirau va Uralsklik “birodarlari” bilan birga ekanini ma’lum qilgan.
Rus tilida erkin so‘zlagan jangari Qozog‘iston rasmiylarining maktablarda hijobni taqiqlagani uchun “javob berishini” aytar ekan, aftidan, 2016-yilning yanvarida qabul qilingan qonunni nazarda tutgan.
Ta’lim va fan vazirligi tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda maktab formasi dunyoviy ta’lim turiga mos bo‘lishi kerakligi aytib o‘tilgan edi.
Videolavha YouTube tarmog‘idan o‘chirib tashlangan.
Pavlodar viloyatining dinlalaro munosabatlarni rivojlantirish va tahlil qilish markazi rahbari, Gulnaz Razdikova videolavhaning bir qismini o‘zining Facebook sahifasiga joylab, terrorchilarning “asossiz” bayonotlarini qoraladi.
“O‘zini “musulmon birodarlar” deb atayotgan bu kimsalar yosh qizlarning sha’nini himoya qilayotganliklarini aytmoqdalar. Unda nega ular o‘zlari fohishaga aylantirgan xotin-qizlarning sha’nini himoya qilmay, (Suriyada) ularni bir odamdan boshqasiga berib yuboradilar?” deb yozgan Radzikova 9-sentyabr kuni o‘zining Facebook sahifasida.
O‘rganilishi kerak bo‘lgan holat
Mazkur videolavha bilan bog‘liq asosiy muammo shundaki, jangarilikka yollovchilar hijobning taqiqlanishidan norozi bo‘lgan dindorlarning hissiyotlaridan foydalanib, ularga ta’sir etishga harakat qilishlari mumkin, deydi Ostonadagi geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori Asilbek Izbairov Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Bu holat Qozog‘istonda ektremizmga qarshi tashviqotni yaxshilash kerakligini ko‘rsatmoqda. Odamlarga falsafiy dalillar, quruq safsata yoki mavhumlikdan iborat suhbatlar kerak emas. Ular qanday qilib dunyoviy hayotni din bilan birga olib borishni tushunishni istaydilar”, dedi Izbairov.
Videolavha mutaxassislar tarafidan diqqat bilan o‘rganilishi lozim bo‘lgan ekstremistik munosabat va g‘oyalarning aks ettiradi, dedi radikallashuvga qarshi kurash bo‘yicha ostonalik mutaxassis Alibek Muratuli.
“Dindorlar radikal da’vatchilar qurboniga aylanayotganida faqat bir tarafni ayblab bo‘lmaydi”, dedi u. “Bu umumiy beparvoligimiz natijasidir.”
“Bunga sabab bo‘lgan omillardan biri – ota-onalarning o‘z farzandlariga yetarlicha ahamiyat bermayotgani”, dedi u. “Ayni vaqtda Qozog‘istonda yoshlarni jamiyat doirasida tarbiyalash va murabbiylik madaniyati yaxshi shakllanmagan.”
Uning fikricha, urbanizatsiya va odamlarning megapolislarga ko‘chishi jarayoni yoshlar tarbiyasi masalasini yanada og‘ir ahvolda qoldirgan.
Jamiyatdagi parchalanishlar sababli, oddiy insonlarning hayotlari vayron bo‘lmoqda, ular turli sabablarga ko‘ra o‘zgaruvchan voqeliklarga moslasha olmayaptilar.
Shundan so‘ng ular ektremistlar tarafidan tayyorlangan tuzoqlarga tushmoqdalar, deydi u.
Suriyadan qaytganlar
Qozog‘iston terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining Ostona bo‘limi rahbari, huquqshunos Amanjol Urazbayevning aytishicha, maktablarda hijobni taqiqlayotgan rasmiylarga qarshi tahdidlar mamlakat jinoyat kodeksiga xilofdir.
Huquq-tartibot organlari va xavfsizlik xizmatlari jangarilikka yollovchilarga qarshi salmoqli kurash olib bormoqdalar, dedi u Karvonsaroyga.
“Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Suriya va Iroqqa 870 nafar qozog‘istonlik ketgan bo‘lib, ularning oz sonigina qaytarilgan”.
Jami 60 kishi qaytgan bo‘lib, shulardan 57 nafari qamoqda, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Islom davlati”ning (ID) tashviqot mashinasi o‘z auditoriyasini qo‘rqinchli videolar yoki ularni kutib turgan jannat hayotini namoyish etish orqali aldashda davom etmoqda.
Qozog‘iston maxsus xizmatlari yangi texnogiyalar bilan qurollanishdan to‘xtamayotgan bo‘lsa-da, hushyor fuqarolarning yordamisiz terrorizm va zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashib bo‘lmaydi, dedi u.