Karvonsaroy
Terrorizm

Markaziy Osiyolik tahlilchilar onlayn ekstremizmga qarshi birgalikda kurashishga chaqirmoqda

Aydar Ashimov

14-sentabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan “Onlayn ekstremizmga qarshi kurash” deb nomlangan xalqaro simpozium ishtirokchilari. (Aydar Ashimov)

14-sentabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan “Onlayn ekstremizmga qarshi kurash” deb nomlangan xalqaro simpozium ishtirokchilari. (Aydar Ashimov)

BISHKEK – Qirg‘iziston rasmiylari va Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan ulamolar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda jurnalistlar onlayn terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha treninglar va boshqa bir qator tadbirlarda ishtirok etish uchun 12-16-sentabr kunlari Bishkekka yig‘ildilar.

Tadbir “Internews” xalqaro notijorat tashkiloti tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbir doirasida Bishkek 13-14-sentabr kunlari “Onlayn ekstremizmga qarshi kurash” deb nomlangan mutaxassislar uchun xalqaro simpoziumga mezbonlik qildi.

Terrorchilikka yollash vositalari

“Terrorchilik tashkilotlari tashviqot ishlari uchun ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish ilovalaridan keng foydalanadilar”, dedi Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi (GKNB) raisining o‘rinbosari Asilbek Kojobekov Karvonsaroy nashriga.

“Bugungi kunda internet asosiy yollash vositasiga aylangan”, dedi u.

Ekstremistlar zamonaviy texnologiyalar – Facebook, Odnoklassniki va Vkontakte kabi ijtimoiy tarmoqlar hamda WhatsApp va Telegram singari xabar almashish ilovalaridan, shuningdek, YouTube videoxostingidan foydalanmoqdalar, dedi Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi kotibi Damir Saginbayev.

Terrorchilar “o‘z mafkuralarini tarqatish usullarini doimiy ravishda takomillashtirib bormoqdalar”, dedi Karvonsaroy nashriga.

Bishkekdagi qirg‘iz-rus slavyan universiteti dinshunoslik fanlari dotsenti Indira Aslanova o‘tkazgan tadqiqotga asosan, yuqori xavf guruhidagilar bunday onlayn usullar ta’siriga tushadilar. Tadqiqot ishi ijtimoiy tarmoqlardan deradikalizatsiya uchun foydalanish yo‘llarini izlashga qaratilgan.

Bishkekda o‘z idorasiga ega “Search for Common Ground” (SCG) xalqaro nodavlat tashkiloti o‘tkazgan so‘rovnomada yuqori xavf guruhidagi 108 nafar yosh qirg‘izistonlik ishtirok etdi. Ular orasida internetdan doimiy ravishda foydalanuvchi talabalar va ishsizlar ham bor edi.

“Shulardan 61% ishtirokchi ekstremistik saytlar tarqatgan axborotga ishonishini, 20 foizi terrorchilik tashkilotidagi jangarilarga xayrixoh ekanliklarini aytgan bo‘lsalar, 19 foiz ishtirokchi bunday axborotlarni inkor etishi va unga salbiy munosabatda ekanligini bildirgan”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

So‘ralganlar ekstremistik targ‘ibotga ishonishlariga quyidagilarni sabab qilib ko‘rsatdliar: “ular vatandoshlarimiz va yaqinlarimiz”, “ular biz tushungan tilda so‘zlashadi”, “ular Qurondan iqtibos keltiradilar va jihod haqida gapirishadi” va “bu haqida hatto OAVda gapirishmoqda”, dedi Aslanova.

“Terrorchilik tashkilotlari onlayn tarmoqlar va turli zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanmoqdalar, bu ularga yanada ko‘proq odamni yollashga imkon bermoqda”, dedi u. “Ekstremistlarning global onlayn hamjamiyatlari yaratilmoqda.”

Sa’y-harakatlarni birlashtirish va tajriba almashish

Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi kotibi Saginbayev turli mamlakatdan tashrif buyurgan simpozium ishtirokchilarini birgalikda ishlashga chaqirdi.

“Yollash jarayoni faqat internet orqali amalga oshirilmoqda”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “Mazkur dushmanga qarshi kurashda davlatlarimiz birlashishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlar va internet orqali terrorchilikka yollashga qarshi kurash bo‘yicha zamonaviy usullarni ishlab chiqish muhim.”

“Bu muammo ochiq muhokama qilish ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda yordam beradi”, dedi u. Terrorizm va ekstremizm ustidan g‘alabaga faqat kuch bilan erishilmaydi, deb qo‘shimcha qildi u.

Qozog‘istonning “Terrorga qarshi kurash qo‘mitasi” jamoatchilik birlashmasining huquqshunos olimi Amanjol Urazbayev mamlakatda amalga kiritilayotgan ekstremistik tashkilotlar tarafdorlarining yagona ma’lumotlar bazasi haqida so‘zlab berdi.

“Buzg‘unchi diniy oqimlar a’zolarini aniqlash va ularni hisobga qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda”, dedi u simpozium davomida. “Bu borada yagona ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha sinov loyihasi ishga tushirilgan. Qozog‘istonning hamkorlari mazkur tajribani ikki va ko‘p tomonlama formatda o‘zlashtirishlari mumkin.”

Texnologik platformalarning o‘zi ham internetda ekstremistik materiallarning tarqalishiga qarshi kurashadi.

Ekstremistik materiallar faqat foydalanuvchilar emas, balki maxsus texnologiyalar orqali ham aniqlanadi, deydi Facebook ijtimoiy tarmog‘ining Hindiston, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Kavitha Kunhi Kannan.

“Joriy yilning birinchi choragida biz ekstremistik ruhdagi 1 milliondan ortiq materiallarni aniqladik”, dedi u simpozium chog‘ida. “Ular xeshteglar, matnlar va boshqa usullar yordamida aniqlanmoqda. Shuningdek, biz shunday materiallarni tarqatish bilan tanilgan shaxslarni diqqat bilan kuzatib boramiz.”

Ekstremizmga qarshi diniy bilimlar orqali kurash

Qozog‘istonda dindorlar bilan internet orqali va yuzma-yuz suhbatlar yordamida ishlash tizimi ishlab chiqilgan, deydi Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbarining o‘rinbosari Alau Adilbayev.

"Imomlar doimiy ravishda o‘z malakalarini oshirib kelmoqdalar, hukumat tarafidan yuqori toifadagi mutaxassislarni o‘z ichiga olgan targ‘ibot guruhlari tashkil etilgan”, dedi u Karvonsaroyga. “(Davlat organlari tarafidan) diniy mavzularda aniq va ishonchli ma’lumotlarni nashr etadigan veb-saytlar yaratilgan va faoliyat ko‘rsatmoqda.”

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi ekstremizmning oldini olish yo‘lida davlat idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

“Madrasalar kollej maqomiga ega bo‘lmoqda, ularning bitiruvchilariga esa davlat namunasidagi diplomlar berilmoqda. Respublika targ‘ibot guruhi bilan bir qatorda mahalliy guruhlar ham faoliyat ko‘rsatmoqda”.

“Biz haqiqiy Islomni targ‘ib qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlarni faollashtirdik”, dedi u. Shuningdek, mobil telefonlar uchun ilova ishlab chiqilgan bo‘lib, uni hozirgacha 600 ming kishi yuklab olishga ulgurdi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500