Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tarixiy harbiy mashqlar O‘zbekiston-Tojikiston aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda

Negmatullo Mirsaidov

O‘zbekiston maxsus qo‘shinlari Choruxdayron harbiy poligonida, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

O‘zbekiston maxsus qo‘shinlari Choruxdayron harbiy poligonida, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

XO‘JAND, SO‘G‘D VILOYATI – O‘zbekiston va Tojikiston askarlari 18-21-sentabr kunlari So‘g‘d viloyatida o‘tkazilgan qo‘shma mashqlarda ishtirok etdilar. Harbiy soha rasmiylari buni Markaziy Osiyoning ikki davlati o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan hamkorlik belgisi sifatida e’tirof etmoqdalar.

Qo‘shma harbiy mashqlar ikki davlat 1991-yilda Sovet Ittifoqidan mustaqil bo‘lganidan so‘ng ilk marotaba o‘tkazilmoqda.

Xo‘janddan 15 kilometr uzoqlikdagi Choruxdayron harbiy poligonida bo‘lib o‘tgan “Mustahkam birodarlik” mashg‘ulotlarida 100 nafar o‘zbek maxsus kuchlar askarlari va So‘g‘d viloyatidan 500 tojik askari ishtirok etdi.

17-sentabr kungi mashg‘ulotlar oldidan harbiy parad o‘tkazildi. Unda ikki davlatning bayroqlari ko‘tarildi va milliy madhiyalari ijro etildi.

Tojikiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general-leytenant Emomali Sobirzoda Choruxdayron harbiy poligonida o‘zbekistonlik askarlarni qarshi olmoqda, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

Tojikiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general-leytenant Emomali Sobirzoda Choruxdayron harbiy poligonida o‘zbekistonlik askarlarni qarshi olmoqda, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

Tojikiston tezkor kuchlari Choruxdayron harbiy poligonida, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

Tojikiston tezkor kuchlari Choruxdayron harbiy poligonida, Tojikiston, 17-sentabr. (Negmatullo Mirsaidov)

Choruxdayron harbiy poligonidagi Tojikiston maxsus qo‘shinlari, 17-sentabr, Tojikiston. (Negmatullo Mirsaidov)

Choruxdayron harbiy poligonidagi Tojikiston maxsus qo‘shinlari, 17-sentabr, Tojikiston. (Negmatullo Mirsaidov)

Terrorizmga qarshi qo‘shma mashqlar

“Faqat hamkorlikda, muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar orqaligina harbiy tahdidlar va chaqiriqlarga qarshi kurashni samarali tashkil etishimiz mumkin”, dedi ikki davlat harbiylariga yuzlangan Tojikiston qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general-leytenant Emomali Sobirzoda.

Mashg‘ulotlarning dastlabki uch kunida ikki davlatning aksilterror bo‘linmalari mamlakatlardan birining hududiga kirgan shartli terrorchilik guruhini bartaraf etishni mashq qildilar.

Tojikiston mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston askarlari dronlar, yengil qurollar, uchuvchisiz uchar qurilmalar, tanklar, zirhli mashinalar, vertolyot va minomyotlardan foydalandilar.

O‘tkazilgan mashqlar “ikki davlat o‘rtasida mudofaa sohasida haqiqiy hamkorlik boshlanayotgani bilan ahamiyatlidir”, dedi So‘g‘d viloyatining harbiy komissari o‘rinbosari Kamol Hamdam Karvonsaroy nashriga.

“Terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan mazkur mashqlar O‘zbekiston va Tojikiston qurolli kuchlari o‘rtasida hamkorlikda o‘tkazilayotgan ilk muhim harbiy mashqlardir”, dedi u.

“Ular nafaqat maxsus bo‘linmalarning askar va ofitserlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, balki boshqa harbiy bo‘linmalar bilan qo‘shma operatsiyalarni amalga oshirishda hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi”, dedi u.

O‘zbekiston harbiylari “Markaziy Osiyodagi eng kuchli, eng yaxshi qurollangan va yuqori jangovar tayyorgarlikka ega kuchlardan hisoblanadi”, dedi Hamdam. “Tojikiston askarlari harbiy amaliyotlar, jumladan, tog‘li hududlarda terrorchilik guruhlarini bartaraf etish bo‘yicha katta tajribaga ega. Biz bir-birimizdan o‘rganishimiz mumkin.”

“Mustahkam birodarlik”

Ikki mamlakat harbiy mahkamalari ushbu mashg‘ulotlarni “Mustahkam birodarlik” deb nomladilar, u o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarining kuchayib borayotganini ifoda etadi, dedi O‘zbekiston mudofaa vazirligining jangovar va siyosiy tayyorgarlik bo‘limi rahbari, polkovnik Jahongir Bekmurodov.

“Bir necha yil avval biz qo‘shinlarimiz o‘rtasida bu kabi hamkorlikni tasavvur ham qila olmas edik”, dedi u Karvonsaroyga. “Bu munosabatlarimizdagi iliqlik va Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zgarib borayotgan vaziyatning natijasidir.”

“Biz uchun nafaqat sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, balki tajriba almashish ham muhim”, deydi Bekmurodov. “Ushbu mashqlar jangovar tayyorgarlikni yuqori darajada saqlab turishi kerak bo‘lgan aksilterror kuchlar o‘rtasida doimiy tajriba almashinuvini boshlab beradi degan umiddamiz.”

“Biz harbiy sohada O‘zbekiston va Tojikiston uchun tahdid va chaqiriqlar deyarli bir xil ekanini taxmin qilamiz... Bu ikki do‘st va qardosh mamlakat qo‘shinlari mazkur tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishlari kerak”, deydi O‘zbekiston qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbarining o‘rinbosari, polkovnik Shuhratjon Ikromov.

U qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi imkoniyati haqida so‘zladi.

“O‘zbek tomoni faol harbiy hamkorlikka tayyor”, dedi u. “Tez orqada bu kabi mashqlar bizning hududda ham o‘tkazilishiga umid qilamiz”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qutqarib qolingan insonlar hayoti uchun sizlarga rahmat, oʻgʻlonlar

Javob berish