Karvonsaroy
Tahlil

Kremlparast ommaviy axborot vositalari Karvonsaroyni qoralash kampaniyasini boshladi

Karvonsaroy

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Gazprom” rahbari Aleksey Miller bilan birga quruvchi kema bortida, 2017-yil olingan surat. “Gazprom” Putin va uning atrofidagilari uchun noqonuniy boyish vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, “Gazprom”ning Tojikistondagi faoliyatiga oid maqola Karvonsaroyga qarshi keng ko‘lamli axborot xurujining boshlanishiga sabab bo‘lgan. (Kreml)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Gazprom” rahbari Aleksey Miller bilan birga quruvchi kema bortida, 2017-yil olingan surat. “Gazprom” Putin va uning atrofidagilari uchun noqonuniy boyish vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, “Gazprom”ning Tojikistondagi faoliyatiga oid maqola Karvonsaroyga qarshi keng ko‘lamli axborot xurujining boshlanishiga sabab bo‘lgan. (Kreml)

Kremlga aloqador OAV, mustaqil deb ko‘riladigan yangiliklar saytlari, nodavlat tashkilotlar va internet trollari Markaziy Osiyo bo‘ylab Moskvaning tajovuzkor faoliyatini fosh etuvchi maqolalaridan so‘ng, Karvonsaroyga qarshi qoralash kampaniyasini boshlab yubordilar.

Kampaniya mohiyatidan anglashiladiki, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning rejimi eng ko‘p qo‘rqadigan narsa – ruslar va rusiyzabonlarning haqiqatni anglab yetishidir.

Kelishilgan hujumga Karvonsaroyning “Gazprom” haqidagi maqolasi so‘nggi tomchi bo‘lib xizmat qildi. Bu ruslar uchun nozik mavzu, boisi “Gazprom” Putin va uning atrofidagilari uchun asosiy boyish manbai hamda siyosiy manipulyatsiya vositasi hisoblanadi.

Karvonsaroyning “Gazprom Tojikistonning neft-gaz konlari borasidagi umidlarini yo‘qqa chiqardi” deb nomlangan 8-avgust kungi maqolasida kompaniya uglevodorod zahiralari mavjudligi tasdiqlanganligidan keyin ham Tojikistondan chiqib ketishga qaror qilgani haqida so‘z boradi.

8-sentabr kuni chop etilgan “arzon” videolavhada niqob taqqan boshlovchi Karvonsaroy nashri faoliyatini qoralashga uringan. YouTube foydalanuvchilari esa uni Rossiya tashviqotchisi deya mazax qilganlar. (Fayl)

8-sentabr kuni chop etilgan “arzon” videolavhada niqob taqqan boshlovchi Karvonsaroy nashri faoliyatini qoralashga uringan. YouTube foydalanuvchilari esa uni Rossiya tashviqotchisi deya mazax qilganlar. (Fayl)

Tahlilchilar maqolada “Gazprom”ning Tojikistonga o‘zini haqiqiy hamkordek ko‘rsatishini, aslida esa o‘z manfaatlarinigina ko‘zlashini tanqid qilgan edilar.

Bunga javoban, Kreml 14-sentabr kuni postsovet hududi, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlariga mo‘ljallangan, Moskva qanoti ostidagi “Yevroosiyo ritmi” nomli nodavlat veb-portalidan foydalanib maqola chop etdi.

Karvonsaroyni badnom qilishga urinish bilan birga, maqoladan ko‘plab shubhali da’volar o‘rin olgan. Jumladan, unda Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo ravnaqidan hech qanday iqtisodiy manfaati yo‘qligi ta’kidlanadi. Maqolaning asosiy qismi “Gazprom”ni mintaqa auditoriyasi ko‘z o‘ngida himoya qilishga bag‘ishlangan.

Maqolada “Gazprom” xususiy kompaniya deya ta’kidlanadi, bu bilan o‘quvchilarni uning Kreml bilan aloqador emasligiga ishontirishga harakat qilingan. Ammo, bunga qarshi ko‘plab dalillar mavjud.

Maqola muallifi Tojikistonda “Gazprom”ni bir-biriga tamoman zid bo‘lgan ikki qiyofada tasvirlar ekan, maqoladan ko‘zlangan maqsadni ochiqlay olmagan: bir tomondan, u aksiyadorlarning mablag‘ini qimmatbaho burg‘ilash ishlariga yo‘naltirishga izn bermagan va Tojikistondagi faoliyatini qisqartirishini shu bilan izohlagan qat’iy kompaniya bo‘lsa, boshqa tomondan Tojikistonda “energetik xavfsizlikni ta’minlovchi” altruist strategik hamkor sifatida gavdalangan.

Ikkinchi da’vo Rossiyaning sobiq “Gazprom” mijozlari, ayniqsa Ukraina va Gruziyaga nisbatan munosabatiga zid keladi – bu ikki mamlakat Kreml istaklarini bajarmaganidan so‘ng, qishki mavsumda bir necha bor gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan edi.

“Yuzingni ko‘rsat”

Shuningdek, 9-sentabr kuni Kreml qo‘llab-quvvatlovidagi “Pravda news” nashri ham Karvonsaroy va muvofiqlashgan ommaviy axborot vositalari “aqldan ozgani” haqida maqola chop etdi.

Maqola YouTube tarmog‘idagi “Panohgoh” (“Ubejishe”) kanalida chop etilgan Karvonsaroy faoliyati haqidagi videolavhaga asoslanadi. Video muallifi saytdagi maqolalarni tanqid qilgan, muharrirlar hamda yozuvchilarni qoralab, uni sariq matbuot deb atagan va “noprofessional” ukrainalik tashviqotchilarga qiyoslagan.

Protivogaz taqib olgan videolavha muallifi o‘zini yerosti bunkeriga o‘xshash joyda tasvirga olgan.

Maqola va videolavha Karvonsaroyda Tolibon qo‘mondoni Rossiya va Eron jangari guruhiga maktab va masjidlarni vayron qilishni buyurgani haqidagi maqolaga alohida e’tibor qaratgan.

Video muallifining kremlparast ekanligi aniq, u jumladan, “AQSHning Qozog‘istondagi harbiy biolaboratoriyasi. Yangi tafsilotlar” va “O‘yin emas, qirg‘in bu. AQSH Markaziy Osiyoda” kabi videolarni ham joylashtirgan.

Tomoshabinlar mazkur YouTube kanalini noxolislikda ayblamoqdalar.

“Rossiya tashviqotchisi, avval yuzingni ko‘rsat”, dedi izoh qoldirganlardan biri.

“Siz ruslarga Markaziy Osiyo nima uchun kerak? Tarixan Markaziy Osiyo yerlari ruslarga tegishli bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham”, deydi yana biri.

Soxta yangiliklar, yolg‘on-yashiq va tashviqot

“Panohgoh” YouTube kanali muallifi Markaziy Osiyo va undan tashqarida o‘z hatti-harakatlarini faollashtirayotgan Rossiyaning onlayn trollariga yaqqol misoldir.

Bunday trollar Kreml tarafidan olib boriluvchi keng miqyosli gibrid urushi kampaniyasining bir qismidir. Kreml geosiyosiy manfaati bo‘lgan davlatlarda dezinformatsiya va “yumshoq kuch” siyosatini yuritish uchun elektron OAV, mashhur forumlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi.

Bu hudud Markaziy Osiyoni ham o‘z ichiga oladi. Moskva bu yerlarni an’anaviy tarzda o‘z ta’siri doirasida deb biladi.

“Pravda”ning maqolasi Kreml qanoti ostidagi boshqa veb-saytlarda ham qayta chop etildi. Mazkur ommaviy axborot vositalari o‘z vaqtida Kreml Tolibonlarga mablag‘ va qurol yetkazib berayotgani haqidagi ko‘plab dalillarga putur yetkazishga uringan edilar. Ukrainada Rossiya tarafidan qo‘llab-quvvatlanadigan ayirmachilar faoliyatini yoritib boradigan va ko‘p hollarda “soxta yangiliklarni” chop etadigan “Russkaya vesna” sayti shular jumlasidandir.

Masalan, 6-sentabr kuni “Russkaya vesna” saytida chop etilgan materialda Suriyadagi “Islom davlati” (ID) “jangari”sining AQSH qo‘yoki IDni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi iqrori keltirilgan. (Bu da’vo Kreml tarafidan bot-bot yangrab turadi).

Maqola bilan birga keltirilgan videolavhani sinchiklab o‘rganish natijasida, bu – rusiyzabonlarni laqillatish, arab tilida aytilgan so‘zlarga mos kelmaydigan subtitrlarni keltirish orqali ularni o‘z tasdig‘ini topmagan fitna nazariyasiga ishontirish yo‘lidagi beo‘xshov urinish ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bu Karvonsaroyning Kreml nashrlari nishoniga aylanishi bilan bog‘liq birinchi holat emas.

13-mart kuni Karvonsaroyda Rossiyaning “Sputnik” yangiliklar agentligi yolg‘on tarqatish va vaziyatni bo‘rttirib ko‘rsatishga urinayotgani va bu bilan Afg‘onistonda vahima keltirib chiqarmoqchi ekani haqida maqola chop etilgan edi.

“Sputnik” 16-mart kuni Karvonsaroyga qarshi javob maqolasi bilan zarba berishga urindi, oradan bir hafta o‘tib esa, u Afg‘oniston milliy xavfsizlik rayosatining (NDS) sobiq rahbari Amrullo Solih haqida yanada ko‘proq “soxta xabarlar, yolg‘on-yashiq va tashviqot” tarqatish ustida “ushlandi”.

“Sputnik” maqolasi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach, afg‘on rasmiysi o‘zining Twitter sahifasida: “Axloqiy tubanlik davri. @SputnikInt nashrining (Afg‘onistondagi) fors bo‘limi asosan soxta xabarlar, yolg‘on-yashiq va tashviqotdan iborat”, degan xabar qoldirgan.

Yolg‘onni ko‘ra bilish

Kremlning yolg‘onlaridan charchagan Markaziy Osiyoliklar Karvonsaroyni qo‘llab-quvvatlamoqdalar.

“Karvonsaroy sayti – qiziqarli manba, undan Qozog‘istonda har doim ham o‘qish imkoni bo‘lmagan Rossiyaga oid xabarlarni topish mumkin. Qozog‘iston va Rossiya ittifoqdosh davlatlar hisoblanadi, biroq siyosatda, jumladan, xalqaro munosabatlarimizda ko‘z ilg‘amas tangliklar doim mavjud bo‘lgan”, deydi 32 yashar olmaotalik Yerbol Ahmedov Karvonsaroy bilan suhbatda.

“Bu holatda Rossiya va bizdagi ko‘plab qozoq ommaviy axborot vositalari Kremlning ziddiyatli tashqi siyosatiga oid ma’lumotlarni “elakdan o‘tkazadilar”. Karvonsaroy hamma narsani o‘z nomi bilan atashi va “ittifoqchimiz” aslida kim ekanligini bildirib turishi tahsinga loyiq”, deydi u.

Bishkeklik 39 yashar Asel Kidirovaning Karvonsaroyga aytishicha, “Rossiya ommaviy axborot vositalari prezident Putinni doim maqtaydi. Uni biror marta tanqid qilishganini eslolmayman.”

“Bu chindan ham xolis yondashuvmi? Men ko‘proq Karvonsaroyga ishonaman. Rossiyaning tashviqoti nimani e’tiborsiz qoldirayotganini bilgim kelganimda shu nashrni o‘qiyman”, dedi u.

“Men Karvonsaroyda Rossiyaning soxta xabarlarini fosh etuvchi maqolani o‘qidim. Bunday soxta hikoyalar juda jo‘n usulda tayyorlanadi. Albatta, bu kabi qat’iy dalillardan so‘ng Karvonsaroyga ishonch ortadi, Rossiya ommaviy axborot vositalarining obro‘si esa tushib boradi ”, dedi toshkentlik Yuriy Makarov Karvonsaroyga.

“Kremlga qarshi boshqa nashrlar va saytlar Ukraina va Rossiyadagi voqealar bo‘yicha shunday (fosh qiluvchi) chiqishlar qiladilar, Lapshesnimalochnaya sayti – shular jumlasidan. Bu borada Karvonsaroy O‘zbekistondagi yagona sayt, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Albatta, bularning bari haqiqatga yaqin, lekin bitta savol bor: “Karvonsaroy” ortida kim turadi yoki bu ham mustaqil saytmi

Javob berish

Bugungi kunda Rossiyaning siyosati eng iflos siyosat. Rossiya hukumatidagi siyosatchilar o‘taketgan qabih, ularda insoniylikdan asar ham yo‘q!

Javob berish

Katta siyosat juda iflos narsa, razvedka xizmatlari esa axlat titishni yoqtiradilar. Agar davlat rahbari shunday odam bo‘lsa, atrofidagilari ham undan yaxshi bo‘lmaydi. Markaziy Osiyo barcha qarshiliklarga qaramay, birdamlikda bo‘lishi kerak.

Javob berish