Karvonsaroy
Xavfsizlik

Olmaotada xavfsizlik va aviatsiya xizmati xodimlari ishtirokida oʻquv mashqlari oʻtkazildi

Kseniya Bondal

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportidagi mashqlarda shartli terrorchilar bilan otishma chogʻida yonib ketgan transport vositasidan havoga tutun koʻtarilmoqda. (Olmaota xalqaro aeroporti)

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportidagi mashqlarda shartli terrorchilar bilan otishma chogʻida yonib ketgan transport vositasidan havoga tutun koʻtarilmoqda. (Olmaota xalqaro aeroporti)

OLMAOTA – Olmaota xalqaro aeroportida Qozog‘iston xavfsizlik kuchlari garovga olinganlarni qutqarishni mashq qildilar.

Qozog‘iston Terrorizmga qarshi kurash markazi 17-oktabr kuni aeroportda “Dabil-aksilterror-2018” mashg‘ulotlarini o‘tkazdi, deb yozadi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) sayti.

Mashgʻulotlarda Olmaota shahar xavfsizlik idoralari, Olmaota fuqarolik aviatsiyasi akademiyasi va Olmaota xalqaro aeroportining yettita, jumladan, aviatsion xavfsizlik va favqulodda qutqaruv xizmatlari ishtirok etdi. Ularga jami 100 dan ortiq odam jalb etildi.

Mashg‘ulotlarni oʻtkazishdan bir necha maqsad koʻzlangan edi, jumladan – Olmaotadagi operativ aksilterror kuchlarning terrorchilarni zararsizlantirish yoki yo‘q qilishga qodirligini tekshirish hamda ularning o‘zaro hamjihatlik darajasini baholash.

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportida oʻtgan mashqlar davomida operativ guruh yoʻlovchilarni garovga olgan shartli terrorchilarni zararsizlantirish uchun samolyotga bostirib kirmoqda. (KNB)

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportida oʻtgan mashqlar davomida operativ guruh yoʻlovchilarni garovga olgan shartli terrorchilarni zararsizlantirish uchun samolyotga bostirib kirmoqda. (KNB)

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportidagi mashqlarda xavfsizlik xizmati xodimlari garovga olinganlarni samolyotdan olib chiqmoqdalar. (Olmaota xalqaro aeroporti)

17-oktabr kuni Olmaota xalqaro aeroportidagi mashqlarda xavfsizlik xizmati xodimlari garovga olinganlarni samolyotdan olib chiqmoqdalar. (Olmaota xalqaro aeroporti)

Kurash simulyatsiyasi

Mashgʻulot qatnashchilari samolyotni yoʻlovchilari bilan birga garovga olgan radikal guruhga qarshi kurash choralari ketma-ketligini mashq qildilar, deb xabar berdi aeroport matbuot xizmati Karvonsaroyga.

Yoʻlovchilarni garovga olganlar pul, samolyotni yoqilg‘i bilan toʻldirish va hech bir toʻsiqsiz boshqa mamlakatga uchib ketishni taʼminlash kabi shartlarni qoʻyganlar.

Faraziy voqea rivojlanib borar ekan, hukumat vakillari milliy inqiroz markazini tashkil etib, muzokaralarni boshlab yubordi.

Muzokaralar ish bermagach, xavfsizlik kuchlari samolyotni hujum bilan qo‘lga olishga qaror qildilar. Mashg‘ulot bir yarim soat davom etdi.

Rasmiylar mashg‘ulotlarning yanada samaraliroq oʻtishini taʼminlash maqsadida o‘tmishda samolyotlarning garovga olinishi vaziyatlariga oid tajribalarini qo‘llab, hujum simulyatsiyasini yaxshilash uchun barcha imkoniyatdan foydalandilar.

Mashg‘ulotlar aeroportning kundalik faoliyatiga ta’sir qilmadi.

Mashqlarni takomillashtirish takliflari

Aeroport xavfsizligiga e’tibor qaratish muhim ekanligini inobatga olgan ayrim kuzatuvchilar mashg‘ulotlar samarasini oshirish boʻyicha oʻz maslahatlarini berdilar.

Qozog‘iston xavfsizlik xizmatlari oldindan rejalashtirilgan mashg‘ulotlardan ko‘ra koʻproq kutilmagan, favqulodda yigʻinlarni o‘tkazishi kerak, dedi olmaotalik sobiq KNB polkovnigi Arat Narmanbetov Karvonsaroy nashriga.

Ideal darajadagi mashg‘ulotda “xavfsizlik xizmati xodimlariga noma’lum joyda muayyan vaqt oralig‘ida radikal guruh terrochilik hujumi uyushtirishni rejalagani aytiladi”, dedi Narmanbetov.

“Buni amalga oshirish uchun alohida tayyorgarlikdan o‘tgan shaxslarga xuddi shu aeroport kabi odamlar bilan gavjum joyga soxta bomba olib kirish vazifasi topshiriladi”, dedi Narmanbetov. “Eng so‘nggi daqiqada operativ guruhga jinoyatchilar qayerda ekanligi aytiladi va ular joyga qanchalik tez yetib kelib, “terrorchilarni” zararsizlantirishi tekshiriladi.”

“Agar ular tezlik bilan bu ishni amalga oshira olmasa, bu yomon. Tezda uddalasa – yaxshi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500