Karvonsaroy
Ta’lim

Jahon banki yorqin iqtisodiy kelajak uchun inson kapitaliga investitsiya kiritishga chaqirmoqda

Jahon banki

Qirgʻizistondagi maktabgacha taʼlim muassasasida oʻqituvchi oʻquvchilar bilan suhbatlashmoqda, sanasiz surat. (Jahon banki)

Qirgʻizistondagi maktabgacha taʼlim muassasasida oʻqituvchi oʻquvchilar bilan suhbatlashmoqda, sanasiz surat. (Jahon banki)

Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlarida yorqinroq kelajakni taʼminlash maqsadida bilim, isteʼdod, koʻnikma va qobiliyatlar toʻplami – inson kapitaliga investitsiya kiritishni ragʻbatlantirib kelmoqda.

Inson kapitali har qanday mamlakat boyligining asosiy qismidir, deyiladi Jahon bankining 2018-yilgi “Mamlakatlarning oʻzgaruvchan boyligi” maʼruzasida. U rivojlangan mamlakatlar boyligining 68 foizini tashkil etsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 41 foizga teng.

Markaziy Osiyo davlatlari inson kapitalini shakllantirish va mustahkamlash, bu sohaga investitsiya yoʻnaltirish orqali oʻz farovonligini oshirishi va yaxshiroq rivojlanishi mumkin.

Texnologik inqilob manzarasida taʼlimning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

“Etno-fest” festivali chogʻida argʻimchoq uchib oʻynayotgan qirgʻiz bolalari, Issiqkoʻl yaqinidagi Ton qishlogʻi, 15-iyul (Vyacheslav Oseledko/AFP)

“Etno-fest” festivali chogʻida argʻimchoq uchib oʻynayotgan qirgʻiz bolalari, Issiqkoʻl yaqinidagi Ton qishlogʻi, 15-iyul (Vyacheslav Oseledko/AFP)

Robotlarning paydo boʻlishi, avtonom transport, sunʻiy ong va mashinaviy o‘rganish kundalik hayotga va ish uchun zarur bo'lgan koʻnikmalarga aylanmoqda. Kelajakda ayrim kasblar butunlay yoʻqolib ketadi va bugungi kunda mavjud boʻlmagan baʼzi ishlar esa odatiy holga aylanadi.

Shubhasiz, yangi voqelikda muvaffaqiyatga erishish uchun taʼlim hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.

Taʼlim sohasidagi oqsash

Afsuski, Markaziy Osiyodagi aksar mamlakatlar talabalari tanqidiy fikrlash, dalillash va muammoni yechish kabi birlamchi koʻnikmalarda ancha ortda qolmoqda.

2010-yilda oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturi (PISA) maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonda oʻquvchilarning 80 foizi oʻqish va matematika fanlari boʻyicha bilimlari bazaviy darajadan pastroq boʻlib chiqqan.

Tojikistonda 2-sinf oʻquvchilarining 77 foizida matnni tushunish va oʻqish tezligi koʻrsatkichlari milliy meʼyorlarga mos emasligi aniqlandi.

Qozogʻistondagi koʻrsatkichlar esa turlicha.

2012-yilda oʻtkazilgan PISA tadqiqotlariga koʻra, qozogʻistonlik oʻquvchilar maktab taʼlimi darajasi boʻyicha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlardagi tengdoshlaridan bir yilga orqada qolmoqda. Ayni vaqtda, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha maktab taʼlimi sifatining xalqaro monitoringi (TIMSS) maʼlumotlariga koʻra, qozogʻistonlik oʻquvchilar matematika va tabiiy fanlar boʻyicha savodxonlikning yuqori darajasini namoyish etganlar.

Oʻzbekiston va Turkmaniston taʼlim darajasini baholash boʻyicha xalqaro dasturlarda ishtirok etmagani bois, bu mamlakatlarda taʼlim sifatini aniqlashning imkoni boʻlmagan.

Shuningdek, Markaziy Osiyoning aksar davlatlarida bolalar maktabgacha taʼlim bilan toʻliq qamrab olinmagan – Qozogʻistonda bu koʻrsatkich 58, Tojikistonda esa 12 foizga teng.

Qirgʻiziston va Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim sohasiga faol ravishda mablagʻ ajratilayotgan boʻlsa-da, qishloq joylarda bu koʻrsatkich hamon pastligicha qolmoqda.

Qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi

Jahon banki “Taʼlim istiqbollarini roʻyobga chiqarishni oʻrganish” deb nomlangan 2018-yilgi maʼruzasida taʼlim sohasidagi muammolarga hal qilishga yordam beradigan muhim yoʻnalishlarni belgilagan.

Taʼlim yaxshi koʻrsatkichlar va kuchli inson kapitaliga erishish uchun ovqatlanish, sogʻliqni saqlash, himoya va taʼlimga barvaqt investitsiya yoʻnaltirish talab etiladi.

Bolalarda bosh miyaning asosiy funksiyalari tugʻruqqacha boʻlgan davrdayoq shakllanadi va 5 yoshigacha davom etadi. Bu davrda miyaning muayyan koʻnikmalarni oʻzlashtirish qobiliyati eng yuqori darajada boʻladi, bu qobiliyat bola ulgʻayishi bilan pasayib boradi, deyiladi maʼruzada.

Bu oraliq oʻtkazib yuborilsa, bolaning oʻrganishi va yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirishi qiyinlashadi.

Toʻlaqonli ovqatlanmaydigan, oʻsishda ortda qolayotgan, ota-onasining eʼtibori va ragʻbatiga muhtoj 5 yoshgacha boʻlgan bolalar maktabda yaxshi oʻqiy olmaydilar va ulgʻayganlarida ham kam pul ishlab, avlodlar osha davom etuvchi nochorlik xalqasidan chiqib keta olmaydilar.

Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, maktabgacha taʼlim dasturlari va ovqatlanish sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan har bir dollar, milliy iqtisodiyot uchun 6 dollardan 17 dollargacha daromad keltiradi.

Shu bois ham bola hayotining ilk yillarida inson kapitaliga yoʻnaltirilgan investitsiyalar davlat tarafidan ajratilishi mumkin boʻlgan ang samarali va adolatli sarmoyadir.

Oʻqituvchilarning roli muhim

Taʻlim natijalarini belgilovchi eng muhim omil bu oʻqituvchilar sifatidir. Masalan, AQSHda olib borilgan hisob-kitoblarga koʻra, malakalisi past oʻqituvchini oʻrta darajadagi oʻqituvchiga almashtirish oʻquvchilarning butun umri davomidagi umumiy daromadini 250 ming dollarga oshirishga imkon bergan.

Markaziy Osiyoning aksar mamlakatlarida pedagogik kadrlar taqchilligi muammosi mavjud.

Nisbatan past maoshlar va professional jihatdan oʻsish istiqbollarining kamligi oʻqituvchilik kasbining jozibadorligini pasaytiradi. Oʻqituvchi kadrlarni tayyorlashda ularning oʻz ehtiyohlari ham, iqtisodiyot talablari ham inobatga olinmaydi.

Bunday kamchiliklar taʼlim sifatining yomonlashuviga va natijada oʻquvchilar bilim darajasining pasayishiga olib kelmoqda.

Qirgʻizistonda dars davomida pedagogik jarayonlarni kuzatish va oʻqituvchilar faoliyatida ikki taraflama aloqani yoʻlga qoʻyish mexanizmlarining sinov tariqasida joriy etilishi oʻz samaralarini bera boshlagan. Shunga qaramay, mamlakatda pedagog kadrlarning tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazish talab etilmoqda.

Natijalarni baholash muhim

Shu bois, oʻquv jarayonini baholash tizimlari ishlab chiqilishi lozim. Ular pedagoglar va oʻquvchilar uchun moʻljal boʻlib xizmat qiladi, taʼlimni boshqarish sifatini oshirishga va sohadagi muammolarga eʼtibor qaratishga yordam beradi.

Markaziy Osiyodagi taʼlim sifatini baholash milliy tizimlari takomillashuvga muhtoj.

Qozogʻiston va Qirgʻizistondan farqli o'laroq, mintaqaning boshqa mamlakatlari PISA, TIMMS va PIAAC kani xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etayotgani yoʻq.

Shu bois ham ushbu mamlakatlar taʼlimga oid natijalarni solishtirish va oʻz milliy tizimlarini kuchaytirish imkoniyatidan mahrum.

Taʼlim natijalarini baholash dasturlarida ishtirok etmasdan, taʼlimga sarflangan mablagʻ kutilgan natijani berayotgani yoki yoʻqligini tekshirish deyarli imkonsiz boʻlib qolmoqda.

Natijalarga eʼtibor qaratish

Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat budjetining taxminan 15-20 foizi taʼlimga sarflanadi, bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) aʼzo davlatlar sarf-xarajatlari bilan deyarli bir xil.

Biroq, taʼlim koʻrsatkichlari IHTT mamlakatlarinikiga nisbatan sezilarli ravishda past va bu taʼlimga ajratiladigan mablagʻlarning yanada samaraliroq sarflanishi kerakligi koʻrsatmoqda.

Dunyoning turli mamlakatlariga oid tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, “barcha uchun taʼlim” masalasini milliy ustuvor vazifaga aylantiribgina taʼlim standartlarini sezilarli yaxshilash mumkin.

Dunyo mamlakatlari texnologik taraqqiy etgan va raqamlashtirilgan global iqtisodiyotga tayyorlanib borar ekan, bu jarayon yangiliklar bilan ishlash koʻnikmalarini va yanada yuqoriroq darajadagi inson kapitalini talab qiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻz taʼlim tizimlaridagi muammolarni hal eta olishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyoning yetakchi davlatlari bilan hamqadam boʻla olishi uchun oʻsib kelayotgan yosh avlodga kerakli bilim va koʻnikmalarni bera ola olishi zarur.

(Jahon banki guruhi oʻzining http://www.worldbank.org/terms sahifasida koʻrsatilgan shartlar asosida ushbu materialdan foydalanishga ruxsat beradi)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500