OLMAOTA – Qozogʻiston hukumati Suriya va Iroqqa chiqib ketgan fuqarolarini qaytarish boʻyicha maxsus ishchi guruhini tuzish va bu boradagi rejalarini amalga oshirishga kirishdi.
Ishchi guruh bunday fuqarolarning qarindoshlari bilan ish olib boradi, ularni urush hududlaridan topib, oʻzlari va oilalarini uyga qaytarish bilan shugʻullanadi. Bu haqda 23-noyabr kuni mamlakat ijtimoiy rivojlanish vazirligi maʼlum qildi.
Ijtimoiy rivojlanish vaziri Darxan Kaletayev va boshqa davlat organlari vakillari soʻnggi yillar davomida Suriya va Iroqqa ketgan fuqarolardan bir nechtasining ota-onasi bilan uchrashgan.
Adashganlar yaqinlari yordamida toʻgʻri yoʻlga qaytariladi
Ostonadagi geosiyosiy tadqiqotlar instituti direktori Asilbek Izbairovning soʻzlariga koʻra, xorijdagilar aloqaga chiqqan paytda qarindoshlari bu haqda xabar berib, ularni uyga qaytarishga yordamlashishi mumkin.
“Ular zoʻravonlik mafkurasi bilan zaharlangan yaqinlarining toʻgʻri yoʻlni topishi va anʼanaviy Islomga qaytishiga yordam berishlari, shuningdek, ularni oʻz uylariga qaytarishda koʻmakchi boʻlishlari mumkin”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.
Bunday choralardan koʻzlangan yana bir maqsad, Iroq va Suriyaga ketganlarning Qozogʻistonda qolgan qarindoshlarini radikal gʻoyalar taʼsiridan saqlashdir.
Zero, taʼsir ikki taraflama boʻlishi mumkin, deb qayd etdi u.
Shunday boʻlsa-da, kimningdir Iroq yoki Suriyaga chiqib ketgani uning qandaydir terrorchilik harakati sodir etganini anglatmaydi, deydi Izbairov.
Bunday kimsa faqat kimnidir oʻldirsa yoki bevosita janglarda ishtirok etsagina jinoyat sodir etgan hisoblanadi, dedi u.
Bundan tashqari, radikallashgan fuqarolar urush hududiga koʻpincha oʻz ayollari va farzandlari bilan chiqib ketadilar, ularning esa “terrorchilikka hech qanday aloqasi boʻlmaydi”, dedi Izbairov.
“Agar vazirlik bu boradagi rejalarni amalga oshira olsa va bu odamlarni vataniga qaytarib, ular bilan diniy va maʼnaviy ish olib borish imkoniyati mavjud boʻlsa, albatta, bu ishni amalga oshirish zarur”, dedi u.
Muhim jarayon
Bu kabi maxsus guruh avvalroq – qozogʻistonliklar Suriyaga chiqib ketishni boshlagan 2014-yildayoq tuzilishi kerak edi”, deb hisoblaydi Markaziy Osiyo strategik tadqiqotlar instituti direktori Anna Gusarova.
Qozogʻiston ekstraditsiyaga oid qator qonunlarni imzolagan va oʻz fuqarolaridan – ular terrorchilik jinoyatlari sodir etgan taqdirda ham – voz kecha olmaydi, dedi u Karvonsaroyga bergan intervyusida.
Suriyadagi qozoq fuqarolarining aniq sonini bilish imkonsiz, sababi bu boradagi raqamlar turlicha, dedi u.
“U yerdagi radikallarning ayollari va bolalarichi, ularning soni qancha? Ayniqsa, urush va zoʻravonlik muhitida oʻsayotgan yosh bolalar muammosi dolzarb boʻlib turibdi.”
Radikallashgan va qoʻllariga qurol olgan bolalar masalasi alohida eʼtibor talab qiladi, dedi Gusarova.
“Ularni nima qilishimiz kerak? Bu guruh bilan ishlash juda muhim”, dedi u.
Gusarovaga koʻra, radikallashgan fuqarolar muammosi bilan koʻplab mamlakatlar shugʻullanmoqda.
“Jumladan, Markaziy Osiyoda O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbusga koʻra, jangovar harakatlarda ishtirok etmaganlar va ekstremistik tashviqot olib bormaganlarni avf etish koʻzda tutilmoqda”, dedi u.
Noyabr oyi boshida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Toshkentda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalasiga bagʻishlangan anjuman o‘tkazdi.
“Tadbirda buzg‘unchi g‘oya egalarining osoyishta hayotga qaytishi, jamiyat ularni qayta qabul qila oladimi yoki tamgʻa bosadimi kabi masalalar muhokama etildi”, dedi u.
“Muhimi, ularni shunchaki Qozog‘istonga emas, balki normal hayotga qaytarish”, dedi Gusarova.