“Islom Davlati”ga qarshi olib borilayotgan harbiy, mafkuraviy va kiber urushlar guruhning axborot vositalari salohiyatini ancha zaiflashtirdi. Yangi chiqarilgan nashrlarning hajmi sezilarli darajada kamaydi.
“IDning axborot tarqatish mashinasi yaqqol sustlashgan va bu guruh avvallari foydalangan media-platformalariga ta’sir etmoqda”, dedi Misrning al-Volid tadqiqotlar markazining OAV bo‘limi rahbari Mazen Zakiy.
Ijtimoiy tarmoqlar va onlayn forumlar orqali tarqatilgan audio-vizual materiallar, haftalik yoki oylik nashrlar shular jumlasidandir, dedi u.
“Ayrim nashrlarning chop etilmayotganiga bir yildan oshgan, masalan “Dabiq” jurnali va “al-Bayan” gazetasi”, dedi u. Guruhning “Al-Furqan” OAV jamg‘armasi, “Amaq”, “al-Okab” onlayn-forumi va “Muntadayat al-Malahem val Fitan” forumlaridagi axboriy mahsulotlari koʻlami qisqargan.
Bu saytlar o‘chirilish va blokirovka qilishni oldini olish maqsadida doimiy ravishda IP manzillarini o‘zgartirib turadi, dedi u. “Ammo xalqaro bosim tufayli endi buning uddasidan chiqish oson emas”, deb qo‘shimcha qildi u.
Zakiyning so‘zlariga ko‘ra, onlayn kontentni nazorat qilishga oid aksilterror choralari muntazam ravishda ID tashviqot materiallarini tarqatgan yuz minglab soxta va haqiqiy akkauntlarni o‘chirib, bloklab kelgan ijtimoiy tarmoqlarning hamkorligi sababli samara berdi.
“Bu o‘z o‘rnida ID foydalangan keng miqyosli yollash tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natija yollash operatsiyalari va yangi yollanganlar soni keskin pasayishida aks etdi”, dedi u.
“Butkul qulash”
ID 2015-yilda Iroq va Suriyada yetti millionga yaqin odamni boshqarayotgan bir vaqtda, guruh tashviqotchilari g‘arbiy Afrikadan Afg‘onistonga qadar 38 ta OAV ofislaridan turib, turli xil kontentlarni chop etganlar, degan edi shu yil boshida uzoq yillar davomida IDning aloqa vositalarini o‘rgangan Londonning “King‘s College” tadqiqotchisi Charli Vinter.
Ammo hozir bu vositalarning ko‘pchiligi sustlashgan.
ID axborot tarqatish mashinasining zaiflashuviga turli omillar sabab bo‘lgan, bu eng avvalo Suriya va Iroqda ID nazorati ostidagi hududlarning qisqarishi, dedi Qohira universitetining OAV fakulteti professori Hassan Afifiy.
Bu esa guruhning o‘z yutuqlari va yangi jangarilar yollayotganini koʻrsatib maqtanishi uchun xizmat qilgan va muntazam yangilanuvchi media-kontentning kamayishiga sabab bo‘ldi, dedi u.
IDga qarshi olib borilgan mafkuraviy kurash ham o‘z natijasini ko‘rsatdi, dedi Afifiy. “Ijtimoiy tarmoqlar va onlayn-forumlar guruhning yolg‘onlarini fosh qilib, yoshlarning onglarini zaharlayotgan da’volarini inkor qiladigan ma’rifiy materiallar bilan to‘lib-toshmoqda”, deb ta’kidladi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “so‘nggi vaqtda ular tomonidan tarqatilayotgan axborot sifati va tartibi” ID axborot tarqatish mashinasi sustlashganidan darak bermoqda.
“Chop etilgan materiallarni sinchiklab o‘rganish natijasida guruh avvalgi qudrati va aniqligini yo‘qotganini ko‘rish mumkin, chunki chiqarilayotgan videolar soni kamaygan, ularning sifati esa pasaygan”, dedi u.
Shuningdek, terrorchilik hujumlari uchun ma’suliyatni oʻz zimmasiga olish kechikayotganligi, bayonotlarning arab va ingliz tilidagi matnlarda grammatik va imloviy xatolar paydo bo‘lgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda, deb qo‘shimcha qildi u.
Bu hozirgi kunda avvalgi professionallar jamoasi ishlamayotgani va guruh oʻzining media-mahsulotlarini tayyorlash uchun tajribasiz shaxslarni jalb qilayotganini koʻrsatadi, dedi u.
ID tashviqot markazlarining yoʻqotilishi
Suriya va Iroqda ulkan hududlarning egallanishi guruhga texnikaning soʻnggi yutuqlari bilan jihozlangan media-markazlar yaratish imkonini berdi, dedi Misr armiyasining isteʼfodagi general-mayori, xavfsizlik boʻyicha mutaxassis va harbiy tahlilchi Abdul Karim Ahmad.
ID “kiber-makonni oʻz nazorati ostidagi hududlar va erishilgan gʻalabalari haqidagi hikoya qiluvchi koʻplab tashviqiy materiallar bilan toʻldirib tashladi”, dedi u.
Bu unga oʻz taʼsirini yanada kengroq yoyish va butun dunyodan yoshlarni oʻz safiga yollash imkoniyatini oshirishga yordam berdi, dedi u.
“Biroq hozirda vaziyat oʻzgargan. 2015-yil bilan taqqoslaganda, bugungi kunda guruh oʻsha vaqtda nazorati ostida boʻlgan hududning 2 foizigagina egalik qilmoqda, xolos”, dedi Ahmad.
ID oʻz media-markazlaridan mahrum boʻldi va bu uning texnik imkoniyatlarini susaytirdi, dedi u.
“Xalqaro OAV guruhning magʻlubiyatlari, guruhga mansub jangarilarning bir vaqtlar uning nazoratida boʻlgan hududlardan qochishi va ularning butun dunyo boʻylab taʼqib qilinayotgani haqida bong urmoqda“, dedi u.
“Bularning bari ID qarshi tura olmaydigan aksil-tashviqiy kontentga aylangan”, dedi Ahmad.
ISHIDni kim yaratgan? Anglosos va Amerikoslar, ular ISHIDga ishonishgan va ulardan foydalanishayotganini tushunmaganlar
Javob berishFikrlar 1