Rossiya Sovuq urush davrida yadroviy raketalar bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar bilan imzolangan bitimni buzishda davom etayotgan bir vaqtda “yangi turdagi qurollarni” ishlab chiqishga vaʼda bermoqda.
Yillar davomida rasmiy shikoyatlar va muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish sa’y-harakatlardan soʻng, Qo‘shma Shtatlar Rossiya 1987-yilda imzolangan O‘rta va qisqa masofali raketalar (O‘QMR) bitimini “ochiqdan-ochiq” buzmoqda, degan xulosaga keldi.
Gap SSC-8/9M729 qanotli raketasi tizimi haqida bormoqda.
“Rossiya 500 dan 5500 kilometrgacha ucha oladigan o‘rta masofali, yerdan uchiriladigan qanotli raketa tizimlarini ishlab chiqmaslik, unga egalik qilmaslik yoki sinamaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini jiddiy ravishda buzishda davom etmoqda”, dedi AQSH matbuot kotibi Maykl Pompeo shanba (2-fevral) kungi bayonotida.

Oʻtgan yilning may oyida Rossiyaning mobil raketa qurilmalari Murmanskdan olib oʻtilmoqda. (Rossiya mudofaa vazirligi)

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo 1-fevral kuni Vashingtonda (KO) oʻtgan matbuot brifingidagi chiqishi chogʻida. Pompeo AQSHning Rossiya bilan imzolangan OʻQMR kelishuvidan chiqishi haqida eʼlon qilgan. [Eric Baradat/AFP]
“Qo‘shma Shtatlar O‘QMR bitimini saqlab qolishga juda uzoq harakat qildi, olti yildan ortiq davrda Rossiyaning bitimni buzishi bo‘yicha rossiyalik ramiylar, jumladan hukumatning eng yuqori doiradagilar bilan 30 martadan ortiq muzokaraga kirishdi”, dedi u.
Bitim shartlariga muvofiq, Qo‘shma Shtatlar bitimdan chiqish boʻyicha olti oylik jarayonni boshlagan.
“Agar Rossiya 9M729 raketalari va unga bog‘liq bo‘lgan uskunalarni olti oylik muddat ichida yo‘q qilish bilan bitim talablariga to‘liq va faktga asoslangan holda javob bermasa, shartnoma bekor qilinadi”, dedi Pompeo.
NATO ittifoqchilari AQSHning bitimdan chiqish haqidagi qarorini “to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda”.
“Rossiyaning yerdan uchiriladigan 9M729 qanotli raketa tizimini maxfiy ravishda sinashi, uni ishlab chiqish va joylashtirishi Yevro-Atlantika xavfsizligiga rahna solish bilan bogʻliq jiddiy tahdidga javoban, Qo‘shma Shtatlar mazkur chorani qabul qildi”, deyiladi juma (1-fevral) kunidagi NATO bayonotida.
Yevropa liderlari bitimning bekor qilinishi oqibatlaridan xavfda ekanliklarini ta’kidlaganlar va Rossiyani Qo‘shma Shtatlar avgust oyida bitimni rasmiy ravishda tark etishidan avval muammolarni hal etishga chaqirganlar.
Rossiyadan qo‘shimcha tahdidlar
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy xavfsizlik masalasiga nisbatan hazilomuz munosabatini yashirgani yoʻq. 18-oktabr kuni Putin yadroviy urush holatida “Biz zo‘ravonlik qurbonlari, jafokashlar sifatida jannatga tushamiz. Ular (zo‘ravonlar) esa hatto tavba qilishga ham ulgurmay oʻlib ketadilar”, deb hazillashgan edi.
U agar O‘QMR bitimi to‘xtatilsa, yangi qurollanish poygasi boshlanishi haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan eng koʻp Yevropa aziyat chekadi. Dunyodagi ko‘pgina hududlar, jumladan Markaziy Osiyo ham Rossiyaning xatti-harakatidan jabr ko‘radi.
Muddat tugab borar ekan, Kreml yolg‘on gapirishdan do‘q-po‘pisa qilish va aybni rad etishga oʻtdi.
“Amerikalik hamkorlarimiz bitimda ishtirok etishni to‘xtatayotganlarini e’lon qildilar, biz ham to‘xtatamiz”, dedi Putin shanba kuni.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va mudofaa vaziri Sergey Shoygu televideniye orqali namoyish etilgan uchrashuvda Rossiya “qimmatga tushadigan qurollanish jarayonida ishtirok etmaydi”, deb aytganlar.
Lavrovning daʼvosiga koʻra, Rossiya bir necha bosqichdagi diplomatik muzokaralar davomida “bitimni saqlab qolish uchun qoʻlgan kelgan ishni qilgan”, biroq dalillar bu bayonotlarni inkor etmoqda.
Shu bilan bir vatqda bosh vazir Dmitriy Medvedev Rossiya hukumati tadqiqotlar oʻtkazish va yangi qurollarni ishlab chiqish uchun mablagʻ ajratishini bildirdi.
“AQSHning shartnomadan chiqishiga javob chorasi koʻrilishi aniq”, deb yozgan u Tvitterda ingliz tilida.
Kreml SSC-8/9M729 raketasining OʻQMR bitimiga zid ekanligini bir necha bor inkor etib, uning uchish masofasi 480 km ekani va bu kelishuvda koʻrsatilganidan 20 kilometrga kamligini taʼkidlab kelgan.
Ushbu daʼvolarni “isbotlash“ uchun 23-yanvar kuni Rossiya mudofaa vazirligi raketani xorijiy OAV va harbiy amaldorlarga namoyish etdilar.
Shunday boʻlsa-da, Vashington va NATO ittifoqchilari raketaning “statik namoyishi” yetarli emasligini bayon qildilar.
Markaziy Osiyoda Rossiyaning daʼvolari shubha ostiga olinmoqda
Yadroviy xavfsizlik borasida Kremlning oʻjarligi va tahdidlariga guvoh boʻlgan Markaziy osiyoliklar Rossiyaning soʻnggi daʼvolariga ishonayotganlari yoʻq.
“Rossiya Gʻarb sanksiyalariga oʻz harbiy salohiyatini kuchaytirish bilangina javob qaytara oladi”, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Talgat Ismagambetov.
“Putin iqtisodiyotni koʻtara olmadi, ishlab chiqarishni oshirish yoki innovatsion sanoatni rivojlantirishga erisha olmadi”, dedi u Karvonsaroy.
“U faqat harbiy-mudofaa kompleksiga eʼtibor qaratishi mumkin“, dedi u. “Raketalar ishlab chiqarish va Suriyadagi harbiy choralarga millionlarni sarflayotgan bir paytda, uning xalqi qashshoqlikda kun kechirmoqda.”
“Lekin bu raketalar qoʻrqitish vositasi, xolos”, deb qoʻshimcha qildi u. “Qudratli raketalarni seriyali tarzda ishlab chiqarish juda qimmatga tushadigan mashgʻulot, Rossiya esa hozir bunday moliyaviy imkoniyatlarga ega emas.”
Rossiya Gʻarb mamlakatlari bilan muzokaralarda manfaatliroq pozitsiyaga ega boʻlishni xohlaydi, shu boisdan ham “shartnomalarning oʻzi ustunlikka ega boʻlgan taraflarinigina qoʻllab-quvvatlaydi”, deydi xalqaro masalalar va konfliktologiya boʻyicha bishkeklik siyosatshunos Edil Osmonbetov.
“Eng katta xavfni Yevropa mamlakatlari his qilmoqda, ularda xavfsizlik darajasi keskin pasaymoqda va ular harbiy budjetlarini oshirishga majburlar”, dedi u Karvonsaroyga.
“Bularning bari butun dunyo uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, dedi u. “Global xavfsizlik arxitekturasi tizimiga putur yetmoqda va yadroviy nizo xavfi yuzaga kelmoqda.”
[Ushbu maqolani tayyorlashga Kanat Altinbayev oʻz hissasini qoʻshgan]
Juda kulgili. Mavjud bo‘lmagan raketalaridan kimdir qo‘rqadi deb o‘ylashadi.
Javob berish