OSTONA – Ekstremizmda gumon qilinganlar ustidan nazoratni kuchaytirayotgan Qozog‘iston hukumati “Islom davlatiga” (ID) aloqador mahalliy terrorchilik guruhining yetakchisi deya gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi.
Qarag‘anda viloyatining Satpayev shahrida yashovchi 29-yashar fuqaro 2015-yildan beri yot diniy oqimlardan birini targʻib qilib, o‘z terrorchilik guruhini tuzishga uringan, deb xabar bergan 29-yanvar kuni Tengri News nashri.
Qozog‘iston xavfsizlik xizmati Satpayevda ikki politsiya xodimini oʻldirishni rejalashtirgan shaxs va uning 20 yashar sherigini qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda rasmiylar.
Rejaga koʻra, gumondorlar qurollanmoqchi va qoʻlbola portlovchi moddalar yasashni o‘rganmoqchi boʻlganlar. Xabarda aytilishicha, gumondorlardan birining ukasi Suriyada ID saflarida jang qilmoqda.
Qarag‘anda viloyatining maxsus tumanlararo jinoiy sudi guruh yetakchisini 10 yilga, sherigini esa sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etdi.
Ularning qachon qo‘lga olingani va sudlaniga oydinlik kiritilmagan.
Qozog‘istonliklar terrorchilarni qoraladilar, ba’zilar esa hatto belgilangan jazo muddatidan ham norozi bo‘lganlar. Ular hukm borasidagi fikrlarini onlayn tarzda bayon etganlar.
Xabar ostida “yetarlicha jazo muddati belgilanmagan”, “ularni butun umrga qamash kerak”, “Barakalla, milliy xavfsizlik qo‘mitasi!” kabi fikrlar qoldirilgan.
Doimiy xavf
Ushbu hibslar va sud jarayoni terrorchilikda gumonlanganlarga qarshi boshqa chora-tadbirlar bilan bir vaqtda yuz berdi.
10-yanvar kuni Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) Olmaotada terrorchilik harakatini rejalashda gumonlangan ID jangarilaridan olti nafarini qo‘lga olgan.
KNB xabariga ko‘ra, gumondorlarning bari Markazi Osiyo davlatlaridan bo‘lib, ular qo‘lbola portlovchi moddalar yasash va Olmaota shahrining jamoat joylarida terrorchilik xurujlari sodir etish niyatida boʻlganlar.
Qozog‘iston xalqaro terrorchilik tashkilotlarining diqqat markazida, dedi KNB raisi o‘rinbosari Nurgali Bilisbekov hibslarga ishora qilib.
U o‘z fikrlarini 29-yanvar kuni Qozog‘iston senatining tashqi aloqalar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida bildirgan, deb xabar beradi zakon.kz nashri.
Xalqaro terrorchilik tashkilotlari “nizo hududlarida partizanlik urushlari va butun dunyo bo‘ylab terrorchilik hujumlarini keltirib chiqarishga qayta moslashmoqda”, deydi Bilisbekov.
Bu orada Qozog‘iston rasmiylari ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish choralarini davom ettirmoqda.
24-yanvar kuni Chimkent politsiyasi Chimkent Tulpor va Nipa bozorlarida reyd o‘tkazdi. Ayrim do‘konlarda olib borilgan tintuv davomida ekstremistik ruhdagi adabiyotlar musodara qilingan, deb xabar berdi zakon.kz nashri.
Shu bilan birga, Qozog‘iston musulmonlar diniy idorasi (QMDI) ham radikallashuvga qarshi kurash ishlarini olib bormoqda. Idora o‘tgan yilda radikal qarashlarga ega 518 nafar qozog‘istonlikni an’anaviy Islomga qaytarishga muvaffaq boʻldi.
Mamlakat boʻylab terrorizmga qarshi kurash
Qozogʻiston xavfsizlik kuchlari vaziyatni toʻgʻri baholab, tegishli choralarni koʻrmoqda, deydi tarazlik siyosiy tahlilchi va “Beybit Aspan” (“Tinch osmon”) nodavlat tashkiloti rahbari Ruslan Seksenbayev.
“2016-yilda Oqtoʻba va Olmaotada terrorchilik harakatlari sodir etilganida qozogʻistonliklar qanday tushkun kayfiyatda qolganliklarini barchamiz yaxshi eslaymiz”, dedi u Karvonsaroyga.
“Orada bir oy farq bilan ketma-ket sodir etilgan teraktlar mamlakatni larzaga soldi, odamlar bunday hodisalarning doimiy sodir boʻlishidan qoʻrqib qoldilar“, dedi u. “Biroq, xavfsizlik kuchlari terrorchilik harakatlarining oldini olishga muvaffaq boʻlmoqda va bu fuqarolarga sezilmaydigan, ulkan ishdir.“
Qozogʻistonda oʻtayotgan ochiq muloqotlarda va davra suhbatlarida “terrorizm xavfi ochiq-oydin muhomaka qilinmoqda”, dedi u.
“Olib borilayotgan ishlarda eʻtibor qaratish kerak boʻlgan jihatlar vaziyatga qarab oʻzgarib turadi”, deydi u.
“Bugungi kunda turli sabablarga koʻra Suriyaga borib qolgan vatandoshlarimizni qaytarish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning ayrimlari – terrorchilar boʻlsa, boshqa birovlar aldov qurbonlari boʻlgan va oʻz qilmishidan pushaymon”, dedi u.