Karvonsaroy
Energiya

Qozog‘iston O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonga yoqilg‘i eksport qilishni rejalashtirmoqda

Aydar Ashimov

Chimkentdagi neftni qayta ishlash zavodida oʻrnatilayotgan izomerlash qurilmasi, 2016-yil. (Chimkent neftni qayta ishlash zavodi matbuot xizmati)

Chimkentdagi neftni qayta ishlash zavodida oʻrnatilayotgan izomerlash qurilmasi, 2016-yil. (Chimkent neftni qayta ishlash zavodi matbuot xizmati)

OSTONA – Mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish sa’y-harakatlari doirasida Qozog‘iston mart oyidan Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonga yoqilg‘i eksport qilishni boshlamoqchi, dedi energetika vaziri Kanat Bozumbayev 14-fevral kuni parlamentdagi chiqishida.

“Mamlakatimiz 2019-yilning birinchi choragi oxiridan yoqilg‘i eksportini boshlashni rejalamoqda”, degan u senatning yalpi majlisida. Bu haqda Vlast.kz nashri xabar bergan.

“Avvallari 30-50 foiz neft mahsulotlarini qo‘shni davlatlardan import qilgan bo‘lsak, joriy yildan davlatimiz ehtiyojlarini to‘liq qoplay olamiz”, deb qo‘shimcha qildi u.

Eksport qilinishi kutilayotgan yoqilg‘ining ehtiyojdan ortiq yillik miqdori 500-650 ming tonnani tashkil etadi.

11-sentabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Kanat Bozumbayev neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish va Rossiyaning taqiqlari haqida so‘zlamoqda. (Aydar Ashimov)

11-sentabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Kanat Bozumbayev neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish va Rossiyaning taqiqlari haqida so‘zlamoqda. (Aydar Ashimov)

2-oktabr kuni Ostonada Jahon neft kengashi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston endi nafaqat neft xomashyosini, balki neft mahsulotlarini ham eksport qilishga o‘tmoqda. (Aydar Ashimov)

2-oktabr kuni Ostonada Jahon neft kengashi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston endi nafaqat neft xomashyosini, balki neft mahsulotlarini ham eksport qilishga o‘tmoqda. (Aydar Ashimov)

Qozog‘iston Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonga dizel yoqilg‘isi bilan bir qatorda aviatsiya yonilg‘isini ham eksport qiladi, dedi Bozumbayev 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan energetika vazirligi kengashi majlisida.

Bozumbayev Qirg‘izistonga yoqilg‘i eksport qilish rejasini ilk bor o‘tgan yilning 23-oktabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan majlisda tilga olgan edi.

“Biz Qirg‘izistonga bozor narxida 10 ming tonnalab yoqilg‘i eksport qilamiz”, degan edi u o‘shanda.

Qozog‘iston uzoq yillardan beri neft xomashyosini eksport qilib kelgan, ammo yaqindan boshlab o‘z neft konlarini to‘liq o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Ishlab chiqarish hajmini oshirish

Qozog‘istonda beshta neftni qayta ishlash zavodi, jumladan 2016-2018-yillarda modernizatsiya qilingan uchta katta korxona ham bor. Mamlakatda ishlab chiqariladigan neft mahsulotlari umumiy hajmining 94 foizi mazkur korxonalar ulushiga to‘g‘ri keladi.

Zavodlar modernizatsiyasi ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish va eksport imkoniyatlarini oshirishga imkon berdi.

2018-yilda Qozog‘iston 16,4 miliion tonna neftni qayta ishlagan, bu 2017-yildagi ko‘rsatkichdan 8,6 foizga koʻp. 2019-yilda esa 17,2 million tonna neftni qayta ishlash rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi energetika vazirligi.

“Qozog‘iston neft ishlab chiqaruvchi mamlakat boʻlsa-da, biz neft mahsulotlarini import qilar edik”, deydi ostonalik tadbirkor va iqtisodchi Toʻlegen Ahmetov Karvonsaroy nashriga neft xomashyosi va neft mahsulotlari farqini tilga olib.

“Neftni qayta ishlovchi zavodlarning imkoniyatlari yetarlicha emas edi. Mavjud zavodlar modernizatsiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirishga imkon berdi. Shu bilan birga, mahsulot sifatini oshirishga ham erishdik, endi biz Yevro-4 va Yevro-5 standartidagi mahsulotlarni ham ishlab chiqarmoqdamiz”, dedi u Yevropa yoqilg‘i emissiyasi standartlarini nazarda tutib.

O‘tgan yili Qozog‘iston talab qilingan benzin va dizel yoqilg‘isining 90 foizini ishlab chiqarish bilan neft mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni deyarli qopladi, dedi u.

Rossiya joriy etgan cheklovlar

“Avvallari biz benzinni Rossiyadan sotib olishga majbur edik”, dedi Axmetov.

“Bundan tashqari, Qozogʻiston Rossiya bilan tuzilgan shartnomalar tufayli chegaralanib qolgan edi, unga koʻra biz boshqa mamlakatlarga neft mahsulotlari eksport qila olmas edik”, dedi u 2010-yilda Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasida imzolangan shartnomani nazarda tutib.

Savdo bitimiga binoan, Rossiya Qozogʻistonga benzin etkazib berar, Qozogʻistonga esa boshqa mamlakatlarga neft mahsulotlari eksport qilish taqiqlangan edi.

Oʻtgan yilning oktabrida Qozogʻiston Rossiya bilan bitimga oʻzgartirishlar kiritib, neft mahsulotlari eksport qilish huquqini tiklashga erishdi.

“Endi biz oʻzimizdagi ehtiyojni toʻliq qoplaymiz va xorijga ham eksport qilamiz”, dedi Ahmetov. “Oʻylaymanki, bu bilan Qozogʻiston oldinga katta qadam tashladi”.

“Benzin va dizel yoqilgʻisi qoʻshni mamlakatlarda bizdagidan qimmatroq”, deydi uzoq masofaga qatnaydigan yuk mashinasi haydovchisi, tarazlik Aleksey Shesteperov.

“Qozogʻistonda 95 oktanli benzinning bir litri taxminan 175 tenge (0,5 dollar) turadi, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonda esa qimmatroq”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Toshkent va Bishkekdan kelgan haydovchilar Qozogʻistonda oʻz yoqilgʻi baklarini toʻldirib olishga harakat qiladilar, chunki bu iqtisodiy jihatdan manfaatli.”

Maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻizistonda xuddi shu turdagi benzin taxminan 46,5 soʻm (0,7 dollar) turadi, Oʻzbekistonda esa uning narxi 7200 soʻmga (0,9 dollar) teng.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500