Karvonsaroy
Diplomatiya

Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy muammolarni hal qilish yoʻlida shiddat bilan ildamlamoqda

Karvonsaroy

19-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan anjuman chogʻida mintaqa davlatlarining bayroqlari hilpiramoqda. (O‘zbekiston milliy axborot agentligi)

19-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan anjuman chogʻida mintaqa davlatlarining bayroqlari hilpiramoqda. (O‘zbekiston milliy axborot agentligi)

TOSHKENT – Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va yaxshilangan hamkorlik qator mintaqaviy muammolarni hal etishga yordam bermoqda.

“Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va barchamiz uchun dolzarb muammolarni hal qilish tashabbusi bilan chiqmoqdalar”, dedi tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilov 19-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirning ochilish nutqida. Bu haqda kun.uz nashri xabar bermoqda.

“Markaziy Osiyoda o‘zaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” deb nomlangan anjuman mintaqadagi xavfsizlik, savdo, transport, kommunikatsiya, suvdan foydalanish, energetika, turizm, ta’lim, fan va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tashkil etgan tadbirda 36 davlatdan 100 dan ortiq tahlilchilar ishtirok etdi.

Anjumanda Yevropa Ittifoqi va AQSHda joylashgan tashkilotlar, jumladan Jahon banki, Yevropa investitsiyaviy banki, Butunjahon savdo tashkiloti va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Mintaqa miqyosidagi yutuqlar

Mintaqaviy hamkorlik barcha sohalarda kengaymoqda. Mintaqa doirasidagi eng dolzarb muammolar - xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanish masalalari “izchillik bilan” hal etilmoqda, dedi Komilov.

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarini strategik hamkorlik darajasiga olib chiqdi, dedi u.

Bu orada, 2017-yil bilan solishtirganda o‘tgan yili Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan oʻzaro savdo aylanmasining oʻsishi hisobiga O‘zbekistonning daromadi 50 foizga oshgan, dedi u aloqalarning yaxshilanishi boshqa davlatlarga ham foyda keltirayotganini taʼkidlar ekan.

“Mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi - obyektiv, barqaror va ortga qaytmaydigan tendensiya”, dedi Komilov. “U mintaqadagi barcha mamlakatlarning qatʼiy siyosiy irodasiga asoslangan va chuqur tarixiy asosga ega.”

“Markaziy Osiyodagi yaqinlashuv jarayoni hech kimning manfaatlariga qarshi qaratilmagan”, deb qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tugatilgan ihotalanish siyosati va siyosiy to‘siqlar mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirdi va tahlilchilar tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda muhim yutuq sifatida baholanmoqda.

“Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biriga intilishga moyilligi tabiiy jarayondir”, deydi bishkeklik iqtisodchi, “Global Technology Solutions Co.” kompaniyasi rahbari Iskender Sharsheyev Karvonsaroy nashriga.

“Bizni tarixiy, madaniy va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Nekbinlik bilan baho berilsa, davlatlarimiz kuchli mintaqaviy o‘yinchi sifatida qudratli davlatlar bilan teng muzokara olib bora oladigan, integratsiyalashgan kuchli birlik sifatida shakllanmoqda”, dedi u.

Umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish

Ikki kun davom etgan anjumanda mahalliy va xalqaro mutaxassislar savdo va iqtisodiy hamkorlikka, mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya va energetika, suvdan oqilona foydalanish, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikka oid tahliliy hisobotlarni taqdim etdilar.

Ishtirokchilar mintaqada erkin savdo-sotiqni amalga oshirish, shuningdek, bojxona va chegara tartib-qoidalarini soddalashtirish uchun Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladilar.

“Mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish bizga umumiy muammolarni hal qilish, bir-birimizga yordam berish, do‘stlik aloqalari, shu bilan birga, fuqarolarimiz va mintaqaviy korxonalar uchun ish joylari yaratish yo‘lida birlashishga imkon beradi”, dedi Qirg‘iziston parlamenti a’zosi Doston Bekeshev Karvonsaroy nashriga.

(Ushbu maqolani tayyorlashga Kanat Altinbayev o‘z hissasini qo‘shgan.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hammasi Markaziy Osiyo mamlakatlarining bitta ittifoqqa birlashishiga qarab ketyapti

Javob berish