Qoʻshma Shtatlar sobiq “Al-Qoida” rahbari Usoma bin Lodinning oʻgʻli Hamza bin Lodinni topishga yordam beradigan maʼlumot uchun 1 mln. dollargacha mukofot vaʼda qilmoqda.
Agar sizda bu borada biror maʼlumot boʻlsa, iltimos, oʻzingizga eng yaqin AQSH elchixonasi yoki konsulxonasiga murojaat qiling, [email protected] e-pochta manziliga maktub yoʻllang yoki Rewards for Justice (“Adolat uchun mukofot”) saytiga tashrif buyuring.
Davlat departamentiga koʻra, 30 yashar Hamza “Al-Qoida” shoʻbasining rahbari ekani aytiladi.
U internetda audio va videomurojaatlar bilan chiqib, oʻz tarafdorlarini AQSH va uning Gʻarbdagi ittifoqchilariga qarshi zarba berishga daʼvat etgan, 2011-yilda amerika kuchlari tarafidan otasining oʻldirilgani uchun qasos sifatida AQSHga hujum qilish bilan tahdid qilgan.
Hamza 2001-yilda AQSHda 3000 ga yaqin kishining oʻlimi va 6000 dan ortiq odamning jarohatlanishiga sabab boʻlgan “Al-Qoida” hujumining bosh tashkilotchisi Muhammad Attoning qiziga uylangan.
Usoma bin Lodin Hamzani oʻziga voris qilib tayyorlagan. U Pokistonning Abbodobod shahrida oʻldirilgan vaqtda topilgan maktublar shundan dalolat beradi.
Hamza qayerda?
Hamzaning qayerda ekanligi borasida uzoq yillardan beri turli mish-mishlar yuradi, u Pokistonda, Suriyada yoki Iroqdagi uy qamogʻida jon saqlayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan.
“Al-Qoida”ning mamlakatda hukmron boʻlgan shialar tarafidan keskin rad etilganiga qaramay, u onasi bilan bir necha yil Eronda yashagan, degan maʼlumotlar bor.
Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, Tehron hukumati oʻz raqibi Saudiya Arabistonini bosim ostida saqlash, shuningdek, sunniy jangarilarni Eronga hujum qilishdan qaytarish maqsadida uni uy qamogʻida saqlagan.
Biroq, boshqa maʼlumotlarga koʻra, Eron islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IRGC) “Al-Qoida” bilan yaqin aloqalarga ega, xalqaro darajada qidiruvda boʻlgan “Al-Qoida” aʻzolarining koʻpchiligi Eron hududiga kiritilgani shundan dalolat beradi.
Oʻtgan yili Hamza bin Lodinning qondosh aka-ukalaridan biri Londonning “The Guardian” nashriga uning qayerdaligi nomaʼlum ekani, biroq u Afgʻonistonda boʻlishi mumkinligini aytgan.
Soʻnggi yillarda “Al-Qoida” bor kuchi bilan jamoatchilik koʻz oʻngida oʻz dolzarbligini saqlab qolishga urindi.
11-sentabr voqealariga 17 yil toʻlar ekan, tashkilot ommaviy bayonot bilan chiqqan va sodir etilgan xunrezliklar uchun javobgarlikni yana bir karra oʻz boʻyniga olgan edi.
maqola yaxshi chiqibdi
Javob berishFikrlar 1