Karvonsaroy
Xavfsizlik

Putin Rossiyaning asosiy raketa bitimidagi ishtirokini toʻxtatdi

AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻtgan yilning 13-sentabr kuni Baykalorti oʻlkasida oʻtkazilgan “Vostok-2018” harbiy mashgʻulotlarini kuzatmoqda. [Kreml]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻtgan yilning 13-sentabr kuni Baykalorti oʻlkasida oʻtkazilgan “Vostok-2018” harbiy mashgʻulotlarini kuzatmoqda. [Kreml]

MOSKVA – Dushanba (4-mart) kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning Sovuq urush davriga oid muhim kelishuv – Oʻrta va qisqa masofaga uchuvchi raketalar bitimidagi (OʻQMR) ishtirokini rasman toʻxtatdi.

Kremlning ingliz tilida eʼlon qilingan bayonotiga koʻra, Putin Rossiyaning bitim shartlariga amal qilishini toʻxtatish haqidagi farmonni imzolagan.

Bir necha yil davom etgan rasmiy shikoyatlar va muammoni diplomatik yoʻl bilan hal etish urinishlaridan soʻng, AQSH va uning NATO boʻyicha ittifoqchilari Rossiya Sovuq urush davri bitimini “ochiqdan-ochiq buzmoqda”, degan xulosaga kelishdi.

Vashington Kremlning 2013-yildan beri OʻQMR bitimini buzib kelayotganini aytib keladi. AQSH davlat departamenti 2014-2018-yillar oraligʻida qayd etilgan qoidabuzarliklar boʻyicha hisobotni taqdim etgan.

AQSH prezidenti Donald Tramp fevral oyida Vashington 6 oy ichida bitimdan chiqish jarayonini boshlashi haqida maʼlum qilgan edi.

“Biz bitimda qolib, unga amal qilib keldik”, degan edi Tramp jurnalistlarga. “Rossiya bitimni buzdi. Ular bu hujjatni koʻp yillar davomida buzib kelishgan.”

Bu voqeadan koʻp oʻtmay, Putin Rossiyaning bitimdagi ishtirokini toʻxtatish niyatida ekanligini va rossiyalik harbiylar oʻrta masofaga uchuvchi yangi raketalar ishlab chiqishni boshlashi haqida maʼlum qilgandi.

Mashhurlik darajasi pasayib borar ekan, Putin oʻtgan oyda millatga murojaat bilan chiqqan va Gʻarb mamlakatlari poytaxtlariga qarata yangi raketa tizimlarini joylashtirish bilan tahdid qilgan edi.

Putinning nutqida Kremlning tashqi xavf bahonasida ichki muammolarni hal qilishdan qochishdek eski nayrangi oʻz aksini topdi.

Uning keskin va jangovar ruhdagi nutqi prezidentning mashhurlik darajasi tushib borayotgan vaqtda vatanparvarlik qoʻllab-quvvatloviga erishishga qaratilgandek boʻlib koʻrindi.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo Putinning millatga murojaatnomasidagi tahdidlarni Vashington va uning ittifoqdoshlari orasiga tafriqa solishga qaratilgan “po‘pisa” deb atadi.

Bu kabi urinishlarning bari muvaffaqiyatsizlikka uchragan koʻrinadi. Dekabr oyida NATOga aʼzo barcha 29 mamlakat tashqi ishlar vazirlari qoʻshma bayonot bilan chiqib, “Rossiya OʻQMR bitimida koʻzda tutilgan majburiyatlarini qoʻpol ravishda buzayotgani borasidagi AQSH xulosasini qatʻiy qoʻllab-quvvatlashini” bildirgan.

NATO oʻz bayonotida Rossiyaning 9М729 qanotli raketalar tizimlari bitimga xilof ekanini taʼkidlab, AQSH ittifoqchilari uning bitimdan chiqishini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytgan.

Tarixiy kelishuv

AQSHning oʻsha vaqtdagi prezidenti Ronald Reygan va Sovet ittifoqi rahbari Mixail Gorbachev tomonidan imzolangan OʻQMR bitimi ikki qudratli davlat oʻrtasida raketa sohasidagi qurollanish poygasiga chek qoʻygan edi.

Unga asosan, yerdan uchiriladigan, uchish masofasi 500 dan 5500 kilometrgacha boʻlgan raketalar taqiqlangan.

Bitim Gʻarb mamlakatlarining poytaxtlariga qaratilgan, yadroviy kallaklarga ega sovet ballistik raketalariga taalluqli boʻlsa-da, Xitoy kabi yirik harbiy subyektlarga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy etmagan.

Yevropa yetakchilari AQSH avgust oyida bitimdan chiqquniga qadar, Rossiyani ushbu muammoni hal etishga chaqirganlar.

Oʻtgan hafta BMT bosh kotibi Antonio Guterrish “Qurollanishni nazorat qiluvchi xalqaro tuzilmaning muhim tarkibiy qismlariga putur yetayotganini” aytgan edi.

Bu orada yana bir hujjatning amal qilish muddati tugab bormoqda.

Vashington va Moskva ixtiyoridagi yadroviy kallaklar sonini cheklashga qaratilgan Strategik qurollar xavfini kamaytirishga oid yangi kelishuvning (START) amal qilish muddati 2021-yilda oʻz nihoyasiga yetadi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Men ham Rossiyaga ishonmayman

Javob berish

Tramp haq. Rossiya bu bitimni anchadan beri buzib kelayotgan edi. Rossiyaga hech qachon ishonib boʻlmaydi.

Javob berish

Putin haq. Rossiya Yevropadagi AQSH ittifoqdoshlaridan himoyalanishi kerak.

Javob berish

Hammaning oʻz haqiqati bor, dunyoda sodir boʻlayotgan barcha voqealarda haqiqat koʻproq Moskva tarafda, chunki u hech boʻlmaganda Vashington va NATO kabi boshqa mamlakatlarni vayron qilmagan

Javob berish