OSTONA – Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan yangi avtobus va havo qatnovlari ikki mamlakatning iqtisodiy va madaniy hamkorligini kengaytirishga yordam beradi.
“Xabar” telekanaliga koʻra, 11-mart kuni Oʻzbekiston poytaxti Toshkent va Qozogʻiston poytaxti Ostona shahri oʻrtasida avtobus qatnay boshladi. Ikki oʻrtadagi umumiy masofa 1646 kilometrni tashkil etadi, yoʻl 28 soatda bosib oʻtiladi.
Yangi avtobus qatnovi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan yettinchi yoʻnalish boʻldi. Bugungi kunda Toshkentdan Chimkent, Olmaota, Qiziloʻrda va Turkistonga, Nukus va Chirchiqdan esa Olmaota viloyatiga avtobuslar qatnamoqda.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida 17-yillik tanaffusdan soʻng ilk avtobus qatnovlari 2018-yilning yanvar oyida yoʻlga qoʻyilgan edi.
Oʻzbek va qozoq fuqarolarining soʻzlariga koʻra, yangi transchegaraviy transport yoʻnalishlari ikki qoʻshni mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashga yordam beradi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston uzoq yillarga choʻzilgan chegaradagi bahsli hududlar muammosi 2017-yilda hal etilganidan beri iqtisodiy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash choralarini jadallashtirdilar.
Avtobus va havo qatnovlari soni oshmoqda
21-fevral kuni Qozogʻistonning “Air Astana” aviakompaniyasi 1 apreldan Ostona va Olmaotadan Toshkentga bevosita reyslar soni oshirilishi haqida eʼlon qildi. Olmaotadan Toshkentgacha boʻlgan masofa 1 soatu 35 daqiqada uchib oʻtiladi, Ostona–Toshkent reysining vaqti esa 2 soatga teng.
“Air Astana” Olmaota–Toshkent reyslari sonini oshirib, haftasiga 10 taga yetkazishini maʼlum qilgan, dushanba, payshanba va shanba kunlari kechki payt amalga oshiriladigan yangi reyslar shular jumlasidandir.
Ostona va Toshkent oʻrtasidagi aviareyslar soni ham haftasiga 4 tadan 6 taga yetkaziladi – dushanba va payshanba kunlari yangi qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi.
“Air Astana” kompaniyasi 2010-yil dekabr oyidan Olmaotadan Toshkentga aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlagan, 2012-yil may oyidan esa Ostona–Toshkent reysi yoʻlga qoʻyilgan. Aviakompaniya xabariga ko‘ra, Toshkentga qatnov ochilganidan beri aviakompaniya 500 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan va 700 tonna yuk tashigan.
Ikki poytaxt orasida yangi avtobus yo‘nalishi uchun xizmat ko‘rsatayotgan transport korxonalari qatnovlar sonini bir kunda to‘rt martagacha oshirishlari mumkin. Ayni damda har bir shahardan kuniga bitta avtobus qatnamoqda.
Avtobus Toshkentdan yo‘lga chiqqanidan keyin so‘nggi manzilga yetib olguniga qadar faqat Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida to‘xtab oʻtadi.
Bir tomonga chipta narxi Qozog‘istonda 14300 tenge (38 AQSH dollari), Toshkentda esa 320 ming so‘mni (38 AQSH dollari) tashkil qiladi, dedi Ostonadagi avtobus terminali xodimi Karvonsaroy nashriga. Yo‘lovchilarni tashish Qozog‘istonning “KazAvtoTrans” va O‘zbekistonning “O‘zavtotrans” korxonalariga tegishli avtobuslarda amalga oshiriladi.
“Xizmat juda qulay”, dedi toshkentlik 38 yashar Akmal Muksimov. U Karvonsaroyga Ostonada quruvchi bo‘lib ishlashini aytgan. “Mart oxirida Toshkentga oilamning oldiga boraman va shu avtobus yo‘nalishidan foydalanaman.”
“Uning afzalligi arzonligida, to‘xtashlarsiz amalga oshirilishida. Kompaniyalar ham chegaralarda kechikishlar bo‘lmasligiga va’da bermoqda”, dedi u. “Men Ostonada 2014-yildan beri ishlayman, davlatlarimiz o‘rtasida samolyotlar va avtobuslar qatnay boshlaganidan xursandman.”
“Biz qo‘shnilarmiz, oramizda qardoshlik va biznes rishtalari mavjud”, dedi Muksimov.
“Samimiy va mehmondo‘st”
O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari bir-birlarining yurtlarida mehmon bo‘lganlaridan keyin, sayohatlarini faqat iliq so‘zlar bilan eslashadi.
Toshkentlik fotograf Bahodir Muradov Ostonadagi seminarda ishtirok etdi, biznes safaridan bo‘sh vaqtida esa sayyohlik maskanlarini ko‘zdan kechirgan.
“Qozog‘istonda birinchi marta bo‘lishim”, dedi Muradov Karvonsaroy nashriga. “Ostona arxitekturasi kishini hayratga soladi. Men Boyterakda bo‘ldim, Tinchlik va ahillik saroyiga bordim.”
“Ostonadagi ayozli sovuq ob-havoga qaramay, u yerda yashovchi odamlarning qalblari iliq, ular juda samimiy va mehmondo‘st”, deb qo‘shimcha qildi u.
Muradov Olmaotadagi “Medeu” qishki sport majmuasi va Chimbuloq tog-chang‘i kurortiga sayohat qilishni rejalashtirganini aytdi.
Bu orada ostonalik Dosayevlar oilasi yaqinda O‘zbekistonda boʻlib qaytgan.
“Biz qiziqarli sayyohlik maskanlariga bordik, O‘zbekistondagi do‘stlarimiznikida mehmon bo‘ldik”, deydi 46 yashar oila boshligʻi Aybek Dosayev Karvonsaroy nashriga.
“Biz Samarqanddagi Shohi Zinda me’moriy majmuasini, Buxorodagi Mir Arab madrasasini tomosha qildik. Muzeylarga bordik. Shaharlarni, jumladan, Toshkentni ham aylandik”, dedi u. “Iliq va chuqur taassurotlarga ega boʻldik, bolalarga ham sayohatimiz yoqdi.”