https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/03/27/feature-01
| Ommaviy axborot vositalari

Facebook Rossiyaga tegishli yana minglab zararli akkauntlarni o‘chirdi

Karvonsaroy va AFP

image

Facebook kompaniyasining Jahon iqtisodiy forumidagi stendi, 24-yanvar, Shvetsariyaning Davos shahri.

Seshanba (26-mart) kuni Facebook kompaniyasi Instagram va Facebook tarmoqlarida zararli ta’sir bilan shug‘ullangan 2600 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlarni o‘chirib tashladi.

Operatsiyalar Rossiya, Eron, Shimoliy Makedoniya va Kosovo bilan bog‘liq bo‘lgan, dedi Fecebook kompaniyasining kiberxavfsizlik siyosati bo‘yicha rahbari Nataniyel Gleyxer oʻz blogpostida.

Bu akkauntlar faoliyati “kim ekani va nima bilan shug‘ullanishi haqida soxta ma’lumot beradigan akkauntlar tarmog‘ini yaratish orqali oʻxshash taktikadan foydalangan”, dedi u.

Bu Facebook sahifalari, guruhlari va akkauntlarining deyarli 2000 tasi Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan.

image

Facebookning o‘tgan yil 3-aprel kungi e’lonida Rossiyadagi Internet tadqiqotlari agentligi (IRA) tomonidan nazorat qilinadigan akkauntlar va sahifalarda joylashgan reklama aks etgan. 26-mart kuni Facebook aksari Rossiya bilan bogʻliq boʻlgan yana 2600 ta sahifa, guruh va akkauntlarni o‘chirgani haqida xabar berdi. (Facebook)

Bu faoliyat ortida turgan shaxslar asosan Ukraina, Qrim va boshqa qizg‘in masalalarga bog‘liq zararli kontentni yoyinlash uchun soxta akkauntlardan foydalanganlar.

O‘chirilgan akkauntlarning bir qanchasi Qozog‘istondan faoliyat yuritgan, deb qo‘shimcha qildi u.

Birinchi marta emas

Ikki oycha oldin Facebook Rossiyadan turib ochilgan 500 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlarni o‘chirib tashlagan edi, bunga sabab ular Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda zararli operatsiyalarni olib borishgan.

Facebook so‘nggi marta soxta foydalanuvchilarni fosh qilar ekan, Rossiyadan turib amalga oshirilgan ikkita ta’sir oʻtkazish operatsiyasining nishoni boʻlganini aniqlagan, ulardan biri Markaziy Osiyo va sobiq Sovet mamlakatlari mavzusida faol bo‘lsa, ikkinchisi aynan Ukrainaga qaratilgan bo‘lgan.

Kompaniya mustaqil yangiliklar saytlari yoki umumiy mavzudagi saytlar sifatida ma’lumot joylashtirgan, ammo aslida Rossiyaning asosiy onlayn axborot vositasi va Kremlning tashviqot quroli hisoblangan Sputnik bilan aloqador 364 ta sahifa va akkauntlarni o‘chirgan, dedi u.

“Biz AQSHda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar vaqtida Rossiyaga tegishli faoliyat bilan texnik bog‘liqlikni, jumladan avvalgi Internet tadqiqot agentligi (IRA) faoliyatiga o‘xshash xususiyatlarni aniqladik”, degan edi o‘shanda Gleyxer.

IRA Sankt-Peterburgda joylashgan “trollar fabrikasi” boʻlib, butun dunyoda, jumladan Markaziy Osiyoda jamoatchilik fikriga ta’sir qilishga urinishda ayblangan.

Markaziy Osiyolik foydalanuvchilar

Ijtimoiy tarmoqlarning Markaziy Osiyolik foydalanuvchilari Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyalariga ishonmay qo‘yishgan va Fecebookning shubhali akkauntlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rganini qo‘llab-quvvatlamoqdalar.

“Bu Rossiyaning trollar fabrikasining ishi ekanligida shubha yoʻq”, deydi olmaotalik tadbirkor Sayat Jumaxan Karvonsaroy nashriga. “Yuzlab soxta akkauntlar yaratish, tashviqiy va boʻhton maqolalarni yozish, shuningdek, nafrat qo‘zg‘ash – ularning xos belgisi.”

“Ular Markaziy Osiyoda ham faoliyat olib boradi”, dedi u. “Mintaqamiz davlatlarida ular Kreml yoqtirmaydigan hamda Qozog‘iston uchun yangi, ustuvor yo‘nalishlar haqida o‘z fikrlarini bildirgan mahalliy faollarni obro‘sizlantirish bilan shugʻullanadilar.”

“Rossiyaning trollari milliy oʻzlikni anglash va madaniy qadriyatlarni tiklashga qaratilgan har qanday harakatni “fashizm” deb baholaydilar”, dedi u. “Ular axloqsiz va qo‘pol tilda yozishga ham tayyorlar.”

Sizga maqola yoqdimi?
61
Yo‘q
Fikrlar 2
Siyosat
Captcha

Barakalla. Rossiyada demokratiya va so‘z erkinligi bo‘lmas ekan, bunga uning haqqi yo‘q.

Javob berish

Ha, ha. G‘arbning so‘z erkinligini himoya qilsh uchun har qanday o‘zgacha fikrlashni ildizi bilan yo‘q qilish kerak! Ana shundagina g‘alaba qozonamiz!

Javob berish