VASHINGTON, KO – Fransiya Suriya hududida taqiqlangan kimyoviy qurollar qoʻllanishi masalasida hushyorlikni saqlab qolmoqda va oʻz ittifoqchilari bilan birga Suriya rejimining bu kabi xatti-harakatlariga nisbatan jazo choralari koʻrishga tayyor, deydi Parij rasmiylari.
1-mart kuni Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) halokatli hujum boʻyicha uzoq kutilgan yakuniy hisobotini eʼlon qildi va 2018-yilda Suriyaning isyonchilar nazoratida boʻlgan Duma shahriga qarata xlor gazi qoʻllanganini tasdiqladi.
Qarorgohi Haagada joylashgan nazoratchi tashkilotga koʻra, xlog gazi bilan toʻldirilgani taxmin qilingan ikkita ballon shahardagi turarjoy dahasiga kelib tushgan. Maʼlumotlarga koʻra, reaktiv xlorin gazi qurol sifatida qoʻllanganiga ishora qiluvchi “yetarli asoslar“ mavjud.
Xalqaro hamjamiyatning katta qismi ushbu hodisada Suriya prezidenti va uning rossiyalik qoʻllovchilarini aybladi, Fransiya, Birlashgan Qirollik va AQSH esa bu xatti-harakatlarga javoban mamlakatdagi bir qator harbiy obyektlarni havodan oʻqqa tutdi.
“Suriya rejimi 2012-yildan beri, nafaqat G‘utada, balki Xon Sheyxun, Al-Latamina, Saraqib va Dumada sodir etgan harbiy jinoyatlarida kimyoviy qurollardan foydalanib kelgan, minglab odamlarni halok qilgan va jarohatlagan”, dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Iv Le Drian 1-mart kungi bayonotida.
“Men qayerda va qanday holatda boʻlmasin, kimyoviy qurol qoʻllanishini qatʻiy qoralashimni, shuningdek, Fransiyaning jazosizlikka qarshi kurashish yoʻlidagi qatʼiyatini yana bir karra takrorlayman”, deb aytgan u.
Fransiya mudofaa vaziri Florans Parli 18-mart kuni Vashingtonda qilgan chiqishida mamlakatining kimyoviy qurollarga qarshi kurashish majburiyatini tilga olgan.
Asad kimyoviy qurolni ishga solgan vaqtda, Fransiya va Buyuk Britaniya AQSH bilan birga kimyoviy obyektlarga qarata aniq zarbalar yoʻllash maqsadida Suriyaga kirgan edilar”, dedi u 2018-yil aprelda kimyoviy quroldan foydalangan Asad rejimiga qarshi jazo chorasi sifatida berilgan zarbalarni nazarda tutib.
“Kerak boʻlsa, bu ishni takrorlashimiz mumkin”, dedi Parli.
AQSH Markaziy qoʻmondonligiga koʻra, uning bayonoti Fransiya aviatashuvchisi CTF473 zarbdor guruhining “Mustahkam qatʼiyat“ operatsiyasi – Qoʻshma birlashgan operativ guruhini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 13-mart kuni Suriyaga yetib kelishi ortidan yangragan.
Aviatashuvchi zarbdor guruhi tarkibidan “Sharl de Goll” aviatashuvchisi hamda unga hamroh va koʻmakchi kemalar oʻrin olgan boʻlib, ulardan ayrimlari ittifoqchi mamlakatlarga tegishli, deyiladi bayonotda. Hududga yetib kelishi bilan aviatashuvchi bortidan koalitsiya qoʻshinlarini quruqlikda qoʻllab-quvvatlash va razvedka maʼlumotlarini toʻplash maqsadida Rafale Marine va Hawkeye samolyotlari havoga koʻtarilgan.
Aviatashuvchining zarbdor guruhi bu yerga koalitsiyaning kimyoviy qurol qoʻllanishi bilan bogʻliq har qanday holatning oldini olishi va unga javob qaytarishi haqida eslatma sifatida kelgani aytilmoqda.
Hujumlar tarixi
KQTT oʻzining soʻnggi bayonotida Suriya rejimining gaz isyonchilarga tegishli obyektdan olib kelingani haqidagi daʼvolarini rad etgan.
“Kimyoviy qurol ishlab chiqargani taxmin qilingan obyekt va omborni koʻzdan kechirish chogʻida toʻplangan maʼlumotlar bu daʼvolarni tasdiqlamadi. Hech qaysi obyektdan kimyoviy qurol ishlab chiqarilganining izlari topilmagan”, deyiladi xabarda.
Asadni qoʻllab-quvvatlovchi Rossiya esa hisobotni rad etib, hujum Suriya fuqarolik mudofaasi nomi bilan tanilgan suriyalik koʻngilli-qutqaruvchilar guruhi – “Oq dubulgʻalilar” tarafidan “sahnalashtirilganini” iddao qildi.
Moskva Suriyaning kimyoviy qurol qoʻllashi bilan bogʻliq aybini xaspoʻshlashga qaratilgan dezinformatsiya choralari doirasida muntazam ravishda shunday ayblovlarni ilgari surib keladi.
2014-yilda Suriyada kimyoviy qurol ishga solingani borasidagi “qatʻiy daʼvolar“ yangrashi ortidan KQTT faktlarni aniqlash boʻyicha oʻzining mustaqil komissiyasini tuzgan edi. Komissiya 2014-yildan beri Suriyada zaharli gaz qoʻllanishi bilan bogʻliq 70 ta holatni tergov qilgan.
2015-yilda KQTT Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda qoʻshma tergov guruhini tuzdi. Guruhga Suriyadagi kimyoviy hujumlar ortida kim turganini aniqlash vazifasi yuklatilgan.
2017-yilning oktabrida tergov guruhi Suriya havo kuchlari 2017-yil aprel oyida isyonchilar tayanchi bo‘lgan Xon Shayxun qishlog‘iga zarin gazli bombalar tashlaganini aniqlagan, buning natijasida ko‘plab fuqarolar halok bo‘lgan.
Asadni qo‘llab-quvvatlovchi eng katta kuch boʻlgan Rossiya va Suriya hukumatining ikkovi ham zarin hujumi yuz berganini rad etdi va jabrlanganlar, jumladan, bolalarning tasvirlarini soxta deya da’vo qildi.
KQTTning boshqa bir hisobotida Al-Latamina qishlog‘ida 2017-yil mart oyida “katta ehtimol” bilan zarin gazi qoʻllangani aytiladi. Suriya rejimi 2014-2015-yillarda yana uchta qishloqda xlor gazini ishga solishda ham ayblangan.
Moskva o‘z ittifoqdoshini himoya qilish maqsadida kimyoviy quroldan foydalanish bo‘yicha olib borilgan tergov ishlarini to‘xtatishga harakat qilib keldi. Noyabr oyida Rossiya tashkilotning 2019-yilgi byudjeti uchun ovoz berishga chaqirish orqali KQTTning harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilashdek yangi vakolatlarini to‘xtatishga urindi.
Idlibdagi xavotirlar
Suriya hukumati mamlakatdagi isyonchilarning eng oxirgi qo‘rg‘oni joylashgan Idlibga diqqatini qaratar ekan, kimyoviy qurollarning qaytadan qoʻllanishi mumkinligi bilan bogʻliq xavotirlar kuchaymoqda.
14-mart kuni Vashington Rossiya va Suriya hukumatini sentabr oyida Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi sulhdan keyin ilk marta yuz bergan, Rossiyaning harbiy samolyotlari uyushtirgan hujumdan soʻng isyonchilar nazorati ostidagi Idlib viloyatida “zo‘ravonlikni avj oldirishda” aybladi.
Suriyadagi inson huquqlari observatoriyasi xabariga ko‘ra, hujumda kamida 13 fuqaro, jumladan olti go‘dak hayotdan ko‘z yumgan.
“Qo‘shma Shtatlar so‘nggi kunlarda Idlib va qo‘shni hududlarda Rossiya va Asad hukumati olib borayotgan havo va artilleriya hujumlaridan kelib chiqayotgan zo‘ravonliklardan jiddiy xavotirda”, dedi AQSH Davlat departamenti vakili Robert Palladino.
“Rossiyaning hujumlar terrorchilarga qaratilgani haqidagi da’volariga qaramay, bu operatsiyalar o‘nlab fuqarolarning oʻlimiga sabab bo‘ldi va joylarda birinchi yordamni ko‘rsatishga oshiqqan koʻngillilarni nishonga oldi”, deb qo‘shimcha qildi u.
Turkiya bilan imzolangan otashkesim bitimining ishtirokchisi sifatida “Rossiya bu hujumkor operatsiyalar uchun to‘liq javobgar hisoblanadi”, dedi Palladino.
Ushbu sulh rejim va uning rossiyalik qo‘llovchilari rejalagan hujumning oldini olishi kerak edi. Gumanitar yordam guruhlari bu hujumlar Suriyada sakkiz yillik nizo davomidagi eng og‘ir gumanitar inqirozga sabab bo‘lishidan xavfsiragan edilar.
Hukumat hujumi to‘xtatilgan bo‘lsa-da, hech kim sulh shartlarini bajarmadi.
So‘nggi hujum Rossiya va Suriyaning Idlibda zo‘ravonlikni avj oldirishga qaratilgan harakatlarining birinchisi emas. Dekabr oyida Rossiya suriyalik isyonchilarning kimyoviy qurol qo‘llayotganini da’vo qilib, Idlibda havo reydlarini o‘tkazgan, bu sulhni buzishga qilingan harakat boʻlgandi.
Rossiya va Suriya voqeadan “Idlibdagi sulh bitimining ishonchliligiga putur yetkazish uchun imkoniyat” sifatida foydalandi, degan edi o‘shanda Palladino.
Dunyoning qudratli davlatlari yuritayotgan katta siyosat, tinch fuqarolarning oʻlimidan boshqa hammasi yolgʻon
Javob berishFikrlar 10
Suriyadagi kimyoviy qurollar atrofida shuncha shovqin-suron va jazava, kelishuvga koʻra ular amerikoslarga topshirildi, biroq amerikoslar hozirgi vaqtgacha uning yoʻq qilinganini tasdiqlovchi dalil keltirmadilar. Katta ehtimol bilan bularning bari bitta zanjirning xalqalari: bu kimyoviy qurollarni “esi past dubulgʻalilar” yoki boshqa liberastlar orqali nizo hududiga joylash va butun dunyoga “Asad rejimining yovuzliklari“ haqida jar solish.. Yana MEYmi? (Bu yerda Britaniya bosh vaziri Tereza May va uning Rossiya maxsus xizmatlari tarafidan Sergey Skripalning zaharlanishidan soʻng bergan javobi nazarda tutilayotgan boʻlishi mumkin)
Javob berishFikrlar 10
Kimyoviy hujum sahnalashtirilgan. ISHIDni amerikaliklarning oʻzi ushlab turibdi, yana ular Suriyaga ISHIDni yoʻq qilishga yordam berayotgan boshqa mamlakatlarni ayblaydilar. Men bu “kimyoviy hujum”ga, uning “ruslar” tarafidan qoʻllanganiga ishonmayman. Biroq, shuni aniq bilamanki, ISHIDda AQSH bergan kimyoviy qurol bor.
Javob berishFikrlar 10
Rivojlangan gʻarb davlatlari kimyoviy hujumlarda Rossiyaning aybdor ekanligini tushunib boʻldi. Rossiya oʻzining fuqarolarini ayamaydi-ku, boshqalar nima boʻpti.
Javob berishFikrlar 10
Axlatsaroyning navbatdagi safsatasi…
Javob berishFikrlar 10
Bular Rossiyaning jinoyatlari.
Javob berishAhmoqsan!
Javob berishFikrlar 10
Yolgʻon
Javob berishFikrlar 10
Rusiya doim diktatorlarni qo`llab kelgan. Rusiya va Xitoyga qarshi butun dunyo birlashishi kerak,huddi Gitler Geramaniysiga 2 Jahon urushida birlashganday.
Javob berish2-Jahon urushida butun Dunyo birlashgan emish... Baraka topgur... Tarixni yana bir marotaba, eʼtibor bilan oʻrganib chiqishingiz kerak!!!
Javob berishFikrlar 10