https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/04/01/feature-01
| Jamiyat

Qozog‘iston koʻp bolali ehtiyojmand oilalar uchun moʻljallangan ijtimoiy yordamni oshiradi

Kseniya Bondal

image

Bolalar maydonchada o‘ynamoqda, Olmaota, 17-mart. (Kseniya Bondal)

OLMAOTA – Qozog‘iston hukumati tomonidan kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish tashabbusi ijtimoiy zaif oilalarni turli ijtimoiy muammolar, jumladan ekstremizmga yollovchilar ta’siridan himoya qilishga yordam beradi.

Qozog‘iston koʻp bolali ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish uchun 224,3 milliard tenge (595 million AQSH dollari) ajratishni rejalashtirmoqda, dedi moliya vaziri o‘rinbosari Natalya Savelyeva.

Bu haqda u 15-mart kuni Ostonada (Nur-Sultonda) 2019-2021-yillar uchun byudjetni belgilashga qaratilgan hukumat qarorlari taqdimotida so‘zlagan.

Maqsadli ijtimoiy yordam hajmi “kun kechirish uchun zarur boʻlgan minimal miqdorning 50 foizdan 70 foizga yoki 14849 tengedan (40 AQSH dollari) 20789 tengegacha (55 AQSH dollari) oshirishni koʻzda tutadi”, dedi Savelyeva hukumat dastur qamrovini 800 mingdan ortiq odamgacha kengaytirishini qo‘shimcha qilar ekan.

Bu yordam kun kechirish uchun zarur boʻlgan meʼyorning yarmidan, ya’ni 14850 tengedan (40 AQSH dollari) kam daromadga ega fuqarolarga taqdim etiladi, deb xabar bergan Qozog‘iston mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatish ham koʻzda tutilgan. Davlat ishlamaydigan ayollarga bir yoshdan kichik bo‘lgan bola uchun oyiga 14545 tenge (38 AQSH dollari), har bir qo‘shimcha farzand uchun esa yana ortib boruvchi moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash

Moliyaviy ko‘mak tashabbusi o‘sha vaqtda prezident bo‘lgan Nursulton Nazarboyev tomonidan 6-mart kuni Ostonada (Nur-Sultonda) bosh vazir Askar Mamin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida e’lon qilingan.

“Yordamga o‘ta muhtoj kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalar joriy yilning 1-aprelidan ijtimoiy yordam olishni boshlashi lozim”, degan edi Nazarboyev.

Hukumat tomonidan bunday ko‘mak kam taʼminlangan oilalar shart-sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi, dedi Chimkentda joylashgan “Sana sezim” Xotin-qizlar huquqiy markazi rahbari Hadicha Abisheva Karvonsaroy nashriga.

“Har bir bolaning kundalik ehtiyojlari bor, hukumat esa unga yordam bera oladi”, dedi u. “Axir davlatimiz kelajagi haqida gap bormoqda, biz bu pullarni unga sarmoya qilmoqdamiz.”

Bunday ijtimoiy tashabbus davlatning ijtimoiy zaif qatlamni himoya qilishiga imkon beradi, shu bilan birga ular orasida radikallashuvning oldini oladi, deydi Nur-Sultondagi geosiyosiy tadqiqotlar instituti rahbari Asilbek Izbairov Karvonsaroy nashriga.

Ekstremizmga yollovchilar faoliyatida ma’lum iqtisodiy vosita mavjud”, dedi u. “Koʻp hollarda eksremistik guruhlarga qo‘shilgan shaxslar eng avvalo ruhan beqaror, qolaversa ijtimoiy himoyalanmagan bo‘lishadi.”

Markaziy Osiyodagi yordam dasturlari

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, koʻp bolali oilalarga yordam berishga yondashuv borasida Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi davlatlar orasida yetakchilik qilmoqda.

Qirg‘iziston Qozog‘istondan keyin o‘rinda.

Kishi boshiga oylik daromadi 900 so‘mdan (13 AQSH dollari) ko‘p bo‘lmagan oilalar uchun har oyda 810 so‘m (12 AQSH dollari) yordam ko‘rsatiladi, deyiladi 2018-yil yanvar oyidan kuchga kirgan Qirg‘iziston davlat nafaqalari toʻgʻrisidagi qonunda. Bunga qo‘shimcha ravishda hukumat Qirg‘izistonda tug‘ilgan har bir bola uchun 4000 so‘mlik (57 AQSH dollari) bir martalik suyunchi puli to‘laydi.

Shu bilan birga, Qirg‘izistonda uch yoshdan kichik bo‘lgan har bir bola uchun har oyda 700 so‘m (10 AQSH dollari) to‘lanadi. Bu nafaqaga qo‘shimcha ravishda 3-16 yoshdagi uch yoki undan ortiq farzandi bor oilalar har bir bola uchun 500 so‘m (7 AQSH dollari) miqdorida yordam puli oladi.

O‘zbekistonda suyunchi puli va bolalar uchun nafaqa yordami Qirg‘izistonga nisbatan kattaroq bo‘lsa-da, Qozog‘istondagidan kamroq.

Toshkentlik iqtisodchi Vohid Umroyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda uch yoki undan ortiq farzandi bor oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Bunday oilalarning har biri O‘zbekiston hukumatidan har oy 284 ming so‘m (33 AQSH dollari) yordam puli oladi, dedi u Karvonsaroy nashriga. Shu bilan birga, farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik 577172 so‘m (68 AQSH dollari) suyunchi puli ham beriladi, bu eng kam oylik maoshning ikki baravariga teng, deb qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, onalar bola ikki yoshga to‘lgunga qadar har oy 406 ming so‘m (50 AQSH dollari) nafaqa puli olishadi, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha