Karvonsaroy
Din

Qozogʻiston nodavlat tashkilotlari terrorizmga qarshi kurash boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshiradi

Aydar Ashimov

“Aksilterror qoʻmita” jamoat birlashmasi mutaxassisi 14-mart kuni Tarazda imomlar oldida nutq soʻzlamoqda. (Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi)

“Aksilterror qoʻmita” jamoat birlashmasi mutaxassisi 14-mart kuni Tarazda imomlar oldida nutq soʻzlamoqda. (Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi)

NUR-SULTON – Tahlilchilarga koʻra, Qozogʻistondagi nodavlat tashkilotlar xalqaro muassasalar va hukumatning moliyaviy koʻmagida zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashga oid muhim loyihalarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, mart oyida Qozogʻistonning “Aksilterror qoʻmita” respublika jamoat birlashmasi Qiziloʻrda, Turkiston va Taraz shaharlarida imom-xatiblar uchun "Bagʻrikenglikni targʻib etish va zoʻravonlik ekstremizmi tashviqotiga qarshi kurashning zamonaviy vositalari” mavzuida oʻquv seminarlarini oʻtkazdi.

Seminarlar maʼruzalari Londondagi “Urush va tinchlikni yoritish instituti” (IWPR) va radikalizm taʼsiriga tushganlarni reabilitatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi Nur-Sultondagi “Akniyet” nodavlat tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Maʼlumki, imom-xatiblar juma namozlari oldidan masjidga toʻplanganlarga mavʼiza qiladilar. Seminarda olingan bilim va koʻnikmalar ularga oʻz faoliyatlarini samarali olib borishga yordam beradi.

Sobiq prezident Nursulton Nazarboyev 18-mart kuni Ostonada Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi vakillari bilan uchrashuvi chogʻida. (Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati)

Sobiq prezident Nursulton Nazarboyev 18-mart kuni Ostonada Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi vakillari bilan uchrashuvi chogʻida. (Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati)

Qoʻmita xabariga koʻra, “maʼruzalar tinglovchilarda katta qiziqish uygʻotdi, ular bu kabi seminarlarni davom ettirishga istak bildirdilar”.

“Tadbirda tilga olingan masalalar zamonaviy vaziyatda dolzarb hisoblanadi – profilaktik ishlar taktikasi va mavzusidan tortib, radikal oqimlar aʼzolari bilan individual reabilitatsiya ishlari olib borish metodikasigacha”, deyiladi xabarda.

Qoʻmita xodimlari Taraz, Turkiston va Qiziloʻrda shaharlarida boʻlib, mahalliy hokimliklar va xavfsizlik xizmatlari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdilar. Natijada profilaktika va reabilitatsiya ishlarini oʻtkazishda “Aksilterror qoʻmita” jamoat birlashmasining potensialidan foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Terrorga qarshi kurashga qoʻshilish

“Bugungi kunda ulkan salohiyat, kuchli jamoa, boy tajriba va oʻz mutaxassislariga ega nodavlat notijorat tashkilotlari oldinga chiqmoqda”, deydi Tarazlik siyosatshunos, “Beybit Aspan” (“Tinch osmon”) nodavlat tashkiloti rahbari Ruslan Seksenbayev.

“Bu kabi tashkilotlar zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashda davlatga katta yordam berishi mumkin”, dedi u.

Seksenbayevga koʻra, 2016-yilda Olmaotada tashkil etilgan “Aksilterror qoʻmita” jamoat birlashmasi mamlakatda bu kabi ishlarni olib borishda muvaffaqiyatga erishgan.

“Tashkilot tahlilchilari oʻz hamkasblari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan boʻlib, “ulkan hajmdagi bilim va amaliy koʻnikmaga ega”, dedi u.

Taʼsischilar taʼbiricha, aksilterror qoʻmitaning asosiy maqsadi – “terrorizm, ekstremizm, narkojinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va boshqa global tahdidlarga qarshi kurashda fuqarolar, jamiyat va davlat organlarining saʼy-harakatlarini birlashtirishdan iborat”, deyiladi birlashma saytida.

Qozogʻistonda 2018-2022 yillarga moʻljallangan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash davlat dasturida “zoʻravonlik ekstremizmi tarqalishining oldini olish va uni profilaktika qilishga asosiy eʼtibor qaratilgan”, dedi qoʻmita raisi Amanjoʻl Urazbayev Karvonsaroy bilan suhbatda.

Hukumat 5 yilga moʻljallangan ushbu dastur uchun 1 mlrd. AQSH dollari (380 milliard tenge) ajratishni rejalashtirmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Uning qayd etishicha, ushbu mablagʻning asosiy qismi, avvalgidek maxsus boʻlinmalarni texnik jihozlash uchun emas, balki zoʻravonlik ekstremizmi profilaktikasi, reabilitatsiya va uning tarqalishiga qarshi kurash bilan shugʻullanadigan nohukumat tashkilotlar va boshqa tuzilmalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Qoʻshimcha choralar

Aksilterror qo‘mita va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi o‘rtasidagi hamkorlik radikalizmga qarshi uzoq vaqtdan beri olib borilayotgan ishlar doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, 2017-yil mart oyida bu ikki tashkilot o‘rtasida imzolangan ekstremizmning oldini olishga oid Hamkorlik memorandumi bilan bog‘liqdir.

Radikalizmga qarshi kurash, tajriba almashinuvi, tahlil ishlarini olib borish va bu mavzuda ma’ruza va o‘quv kurslari tashkil etish memorandumning asosiy maqsadi hisoblanadi, deyiladi Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi saytida.

Bu orada, aksilterror qo‘mitaning 18-mart kuni Ostona shahrida o‘tgan majlisida davlat organlari rahbarlari zo‘ravonlik ekstremizmining oldini olish choralari, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining 2396-sonli rezolyutsiyasi ijrosi yuzasidan olib borilajak ishlarni muhokama qildilar, deyiladi Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi bayonotida.

Xavfsizlik kengashi mazkur rezolyutsiyani 2017-yil, 21-dekabr kuni qabul qilgan. Hujjat mamlakatlarning terrorizm va zo‘ravonlik ekstemizmiga qarshi kurashda o‘zaro sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Qozog‘iston aksilterror qo‘mitasi 2013-yilda tashkil etilgan.

Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha prezidentga takliflar tayyorlash, davlat organlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va terrorchilik xavfini baholash – qoʻmitaning asosiy vazifalaridir, deyiladi KNB saytida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500