LONDON – Dunyo bo‘ylab bir qancha davlatlar nafaqat “Islom davlati” (ID) jangarilari, balki ularning ayollari va farzandlarini ham fuqarolikdan mahrum qilmoqda. Oqibatda yoshlardan iborat butun bir avlod kelajakda fuqaroliksiz qolib ketishi mumkin.
O‘tgan oy Suriyada “xalifalik” qulatilganidan soʻng minglab jangarilar, ayollar va yosh bolalar bir nechta lagerlarga joylashtirilgan edilar. Hozirda ular kelgusi taqdirlarini kutmoqdalar.
Masalan, o‘tgan oyda Buyuk Britaniya 2013-yil Londondan Suriyaga jo‘nab ketgan ikki ayol – 30 yashar Rima Iqbol va uning singlisi 28 yashar Zaraning fuqaroligini bekor qildi. Ikkala ayolning yoshi 8 dan kichik bo‘lgan jami 5 farzandi bor, deb yozadi “The Sunday Times” nashri.
Nashr huquqiy manbalarga tayanib, ayollarning Britaniya fuqaroligidan mahrum qilinganini ta’kidlagan.
Asli pokistonlik bo‘lgan bu ikki ayol terrorchi shaxslar bilan turmush qurgan. Ularning turmush o‘rtoqlari garovga olingan yevropaliklarning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lishgan.
Fuqarosizlik
Mart oyida Suriyadagi lagerda yangi tug‘ilgan chaqalog‘idan ayrilgan londonlik yosh ayol Shamima Begumga nisbatan ham shunday chora koʻrilgan.
Jurnalistlar gollandiyalik ID jangarisiga turmushga chiqqan Begumni qochoqlar lageridan topishgan, u bu yerga AQSH qo‘llovidagi kuchlar va terrorchi guruh o‘rtasidagi jangdan qochib kelgan edi.
U 2015-yilda maktab o‘quvchisi boʻlgan ikki dugonasi bilan Londondan Suriyaga jo‘nab ketganida 15 yoshda edi.
19 yashar Begum Suriyadagi qochqinlar legerida fevral oyida o‘g‘il farzandli bo‘lgan, u vataniga qaytish istagini bildirgan, ammo London unga rad javobi berdi. Bu orada uning o‘g‘li, uch haftalik Jarra zotiljam sababli dunyodan ko‘z yumdi.
Uning yana ikki farzandi Suriyada ID hukmronligi davrida goʻdakligidayoq halok bo‘lgan. Bu haqda u Britaniya ommaviy axborot vositalariga so‘zlab bergan.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Sajid Javid xavfsizlik sabablari bahonasi bilan uning fuqaroligini bekor qilgan.
Bundan avvalroq Javid 100 dan ortiq shaxs fuqarolikdan mahrum qilingani haqida xabar bergan edi.
Begum oilasining advokati mart oyida Javidga ariza yuborgan, unda “rahm-shafqat chorasi sifatida” Britaniya fuqaroligidan mahrum qilishni koʻzda tutuvchi 19-fevraldagi qarorni bekor qilish soʻralgan.
Oqibatlar
Goʻdakning oʻlimidan soʻng tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant rasmiylar qochqinlikda dunyoga kelgan britaniyalik bolalar hayotini qay tarzda saqlab qolish ustida bosh qotirayotganini aytdi.
Begumning uchinchi farzandidan ayrilishi “juda achinarli va qayg‘uli”, ammo qaynoq nuqtalarga rasmiylarni yuborish oʻta xavfli, dedi Xant.
“Shamima ID safiga qo‘shilishga qaror qilgan vaqtida, elchixona va konsullik ko‘magi mavjud boʻlmagan davlatga ketayotganini bilgan”, degan edi u mart oyida BBC telekanaliga.
“Bu qarorlar qanchayin mudhish bo‘lmasin, ma’lum oqibatlarga olib keladi.”
Yevropa va Shimoliy Amerikada yashovchi migrantlar hamjamiyatidan boʻlgan bolalar, ayniqsa qizlar koʻpincha shaxsiyat inqirozi va tushkunlikka duch keladilar, dedi avval Buyuk Britaniyada yashagan karachilik jurnalist Ibod Ahmed.
ID kabi jangari guruhlar ularning tushkun holatidan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz taʼsirlari ostiga olganlaridan soʻng ulardan turli yo‘llarda foydalanadilar, deb aytgan edi u “Pakistan Forward” nashriga.
“ID koʻpincha bunday yoshlardan nafaqat ijtimoiy tarmoqlar orqali va hamjamiyat orasida boshqa a’zolarni yollash uchun, balki jangarilar uchun “kelin” sifatida ham foydalanadi”, dedi Ahmed.
Maqolaga Karachidan Zia Ur-Rahmon o‘z hissasini qo‘shdi.
Bolalarga achinaman
Javob berishFikrlar 1