Karvonsaroy
Salomatlik

AQSH silga qarshi kurashda Oʻzbekistonga yordam beradi

Maksim Yeniseyev

USAID tomonidan sil kasalligining oldini olish boʻyicha tuzilgan ishchi guruh maslahatchisi Navoiy viloyati Gumbaz tumanida yashovchi ayol bilan suhbatlashmoqda, mart oyida olingan surat. [USAID]

USAID tomonidan sil kasalligining oldini olish boʻyicha tuzilgan ishchi guruh maslahatchisi Navoiy viloyati Gumbaz tumanida yashovchi ayol bilan suhbatlashmoqda, mart oyida olingan surat. [USAID]

TOSHKENT – Oʻzbekiston asriy ofatga qarshi kurashar ekan, AQSH unga bu borada oʻzining qimmatli yordamini taqdim etmoqda.

Mamlakatlar Oʻzbekiston uchun hali-hamon dolzarb boʻlib turgan silni yengish yoʻlida birlashmoqdalar. Qayd etish kerakki, Amerika Qoʻshma Shtatlari 20 yildan ortiqroq vaqt mobaynida Oʻzbekistonda aholi salomatligini yaxshilashga koʻmaklashib kelgan. Oʻzbekiston sil bilan kasallanish holatlari soni xavotirli darajada qolayotgan Afgʻoniston bilan 140 kilometrlik umumiy chegaraga ega.

Silga qarshi kurash kuning ertasiga – 25-mart kuni AQSH elchixonasi va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari anglashuv memorandumini imzoladilar.

AQSH elchixonasi xabariga koʻra, memorandum Oʻzbekistonda sil kasalligi, ayniqsa, uning doriga bardoshli turlarining tarqalishiga barham berish boʻyicha ikki mamlakat hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltser va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev silga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik memorandumini imzoladilar, 25-mart, Toshkent. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi]

AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltser va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev silga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik memorandumini imzoladilar, 25-mart, Toshkent. [AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi]

AQSH sil kasalligiga qarshi kurashda Oʻzbekistonga 1993-yildan beri yordam berib keladi. Bu davr mobaynida Oʻzbekiston ushbu kasallik bilan bilan bogʻliq oʻlim holatlari besh barobar kamaydi. Silga chalinish hollari esa qariyb ikki baravar kamaygan. Bu haqda AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltser memorandumni imzolash marosimida maʼlum qildi, deb xabar beradi Gazeta.uz nashri.

Xalqaro xavotirlar

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining oʻtgan yil mart oyidagi hisobotida aytilishicha, sil kasalligi hamon dunyodagi eng koʻp ajal keltiruvchi kasallik boʻlib qolmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, butun dunyodagi shifokorlar 2000-yildan beri silga chalinganlarning azob-uqubatlarini kamaytirishga urinib, 54 million kishi oʻlimdan saqlab qolishga muvaffaq boʻlganlar.

Oʻtgan yil mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ilk marotaba sil kasalligi boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuvini oʻtkazgan edi.

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, Oʻzbekiston sil bilan kasallanish darajasi har 100 ming kishiga 42,9 tani, oʻlim koʻrsatkichi esa har 100 ming kishiga 1,6 tani tashkil qiladi.

“Avvallari silga qarshi kurash haqida gapirgan boʻlsak, endilikda yaqin yillar ichida infeksiyani butunlay yoʻq qilish haqida soʻzlamoqdamiz, dedi Oʻzbekiston ftiziatriya va pulmonologiya markazi rahbari Nargiza Parpiyeva memorandumni imzolash marosimida.

AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqat ishonchli vakili Alan Meltserga koʻra, oʻtgan yildan beri USAID qariyb 2 ming nafar tibbiyot xodimining malakasini oshirish, 40 ta silni aniqlash laboratoriyalarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va Oʻzbekistonda yangi turdagi antibiotiklarni joriy etishga koʻmaklashgan.

Elchixona xabariga koʻra, AQSH 1993-yildan beri USAID agentligi orqali sogʻliqni saqlash sohasini qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekistonga 120 mln. AQSH dollaridan ortiq mablagʻ ajratgan.

Doriga bardoshli sil va ijtimoiy tamgʻa

Bugungi kunda Oʻzbekiston ikki muammo bilan toʻqnash kelmoqda: birinchisi – bu silning doriga bardoshli yangi turining tarqalishi”, deydi toshkentlik shifokor Muhammad Shoirov Karvonsaroy bilan suhbatda. “Ikkinchi muammo – silga chalinganlarning tamgʻalanishi”.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, Oʻzbekistonda silning doriga bardoshli turlariga qarshi kurashuvchi yangi turdagi antibiotiklar joriy etilgan.

Samarqand va Toshkent shaharlarida shu turdagi antibiotiklar bilan 9 oylik qisqa davolash kurslari yoʻlga qoʻyilmoqda. Shu bilan birga, 28-mart kuni Oʻzbekiston hukumati antibiotiklar savdosini qatʻiy nazorat ostiga olishini maʼlum qildi. Mutaxassislarga koʻra, Oʻzbekistondagi dorixonalarda antibiotiklarning erkin savdosi odamlarda doriga bardoshli bakteriya shtammlarining paydo boʻlishiga olib keladi.

Shuningdek, yangi oʻquv yilidan mamlakatdagi tibbiyot OTMlarida pulmonologiya va ftiziatriya kafedralarida ordinatura va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olish bepul boʻladi, deb aytgan Parpiyeva Gazeta.uz xabariga koʻra.

Bu chora talabalarni silga qarshi kurashga jalb etishi kutilmoqda. Gazeta.uz xabariga koʻra, 2021-yilga qadar silga qarshi kurash tadbirlari uchun davlat tomonidan 118 mlrd. soʻm (14 mln. AQSH dollari) yoʻnaltiriladi.

Tamgʻalanish haqida soʻzlar ekan, Shoirov sil bilan kasallangan bemorlar oʻz dardini oshkor etishdan qoʻrqib, davolanmasligini aytgan.

“Bu kasallikka kelib chiqishi va daromadidan qatʼi nazar, istalgan kishi chalinishi mumkin”, dedi u.

U ishxonada sil kasalini yuqtirgan o‘zbek hamshirasi haqidagi voqeani tilga oldi. Hamshira oilasiga kasal bo‘lganini aytishga jasorat topa olmagan, vaqtida davolanmagani sababli hayotdan ko‘z yumgan.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSHning “Project HOPE” nodavlat tashkiloti o‘tmishda sil kasali bilan og‘rib shifo topgan bemorlar va faol xotin-qizlardan iborat jamoalarni tashkil qildi.

Ular tushuntirish ishlarini olib boradilar, infeksiya va davolanish kerakligi haqida so‘zlaydilar, bepul sil tekshiruvlaridan o‘tishni taklif qiladilar.

“Odamlar menga tez ishonishadi va sil klinikasida tekshiruvdan o‘tishga rozilik berishadi”, deydi o‘tmishda sil kasali bilan og‘rigan sobiq bemor Shavkat Tursunbayev USAID bilan suhbatda. “Men odamlar bilan gaplashishini va ular oʻzlarini xavfsiz his qilishlari uchun nima qilish kerakligini bilaman. Men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman! Odamlar bilan ishlash menga mos ish. Agar yaxshilik qila olsam va odamlarga yordam bera olsam, hayotim zoye ketmayotganini tushunaman.”

Sil kasalidan sogʻaygan Tursunbayev har kuni Qarshini aylanadi va silga chalinish xavfi boʻlgan odamlarni qidiradi.

2015-yildan beri Tursunbayev kabi maslahatchilar sil kasalligi oldida zaif boʻlgan deyarli 28 ming kishiga yordam berib, 148 ta bemorni davolash maskanlariga joylaganlar.

Sil kasaliga qarshi kurashish zarurligini kengroq targʻib qilish maqsadida USAID 25-mart kuni Toshkentda rasmlar, fotosuratlar va broshyuralardan iborat ko‘rgazmani tashkil etdi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500